www.ziyouz.com kutubxonasi
229
Masjid sahnidagi odamlar ham nafaslarini ichlariga yutib, xutbaning boshlanishini
kutmoqda edilar. Umumiy jimlikda Xo‘ja Xalifaning yo‘g‘on tovushi allanechuk titrab, iz-
tirobga to‘lib eshitildi:
— Bismilla-ahu rahmo-onur rahim!
Minbarda turgan Xo‘ja Xalifa yigirma ming sunniy namozxonning o‘ziga sergaklanib
tikilayotganini ko‘rdi-yu, tizzasi ham qaltiray boshladi. Mana, u olloh sha’niga,
payg‘ambar sha’niga bitilgan surani o‘qib tugatyapti. Endi choryorlar tilga olinishi kerak.
Nahotki, Xo‘ja Xalifa — yoshlikdan sunniy mazhabida choryorlarga zo‘r e’tiqod bilan
tarbiyalangan odam endi shuncha namozxonning umidini puchga chiqarsa? Uning
qarshisida yigirma ming salla turibdi. Bu sallalardan har birining qatlarida choryorlarning
ruhi yashashiga Xo‘ja Xalifa bolalikdan ishonadi. Hozir namozxonlarning boshlari
sabrsizlik bilan qimirlaganda Xo‘ja Xalifaga salla o‘ramlaridagi arvohlar qimirlaganday
tuyuldi. Agar u choryorlarga hurmatsizlik qilsa, arvoh urib ketadiganday bo‘ldi.
Yo‘q, Xo‘ja Xalifa choryorlarning arvohidan qo‘rqadi. Shuning uchun:
— Choryori bosafolar Hazrati Abubakir! Hazrati Umar! — deb hozir aytishi kerak
bo‘lmagan nomlarini birdan xutbaga qo‘sha boshladi.
Boburning orqasida turgan minglab namozxonlarning quvonch bilan yengil nafas olgani
eshitildi. Muhammadjon eshik og‘asining esa rangi o‘chib ketdi. Uning narigi yog‘ida
turgan Shohruhbek Afshar qilichining sopini changallab, minbarga tomon intildi.
Shialar Abubakir, Umar va Usmonni bugungi tirik dushmanlaridek yomon ko‘rishar,
masjidda ularni ulug‘lagan har bir sunniyni chopib tashlagilari kelar edi. Hirotning jome
masjidida choryorlarni ulug‘lagan Zayniddin degan xotibni qizilboshlar namozxonlarning
ko‘zlari oldida qilich bilan chopib parchalab tashlaganini Bobur eshitgan edi. Hozir u
Shohruhbekni bilagidan olib, iltimoskorona tovush bilan:
— Bek janoblari, sabr qiling, sabr! — dedi. Bu orada Xo‘ja Xalifa choryorlarning
nomini aytib bo‘ldi-yu, qizilboshlar sevadigan imomlarni xutbaga qo‘sha boshladi.
— Hazrati Imom Hasan! Hazrati Imom Husayn! Hazrati Zaynaliddin Ali!
Shohruhbek Afshar bu nomlarni eshitib qo‘lini qilichining sopidan oldi-da, qatorga qaytib
kirdi. Ammo orqadagi namozxonlar orasida shunday bir asabiy shovur-shuvur
boshlandiki, Xo‘ja Xalifa qolgan imomlarning nomini baqirib aytishga majbur bo‘ldi.
Orqadan kimdir:
— E, bas, bas! — deb qichqirdi. Biroq namozxonlar orasiga tartib o‘rnatish uchun
qo‘yilgan devqomat navkarlardan biri «bas!» deb qichqirgan odamning og‘zini ulkan kafti
bilan bekitib, bo‘ynidan sudrab olib chiqib ketdi.
Xotib o‘n ikki imomni nomma-nom sanab bo‘lib, ularning muqaddas ishini bugun davom
ettirayotgan sohibi zamon Shoh Ismoil Safaviyni maqtab so‘zlay boshlaganda, masjid
sahni yana ham asabiyroq junbushga keldi. Faqat Xo‘ja Xalifa Boburni
Movarounnahrning podshosi, deb e’lon qilganda shovqin xiyol bosildi.
Xutbadan so‘ng uy-uyiga tarqalgan namozxonlarning ba’zilari: «Bobur mirzo
Movarounnahrning podshosi bo‘ldi, taxtini kelgindiga bermadi», deb tasalli topmoqchi
bo‘lsa, boshqalar:
— Pok mazhabimizga rofiziylik aralashdi, — deb shivirladi. — Harom bo‘ldik!
Choryorlarning qarg‘ishiga qoldik! Yana qimmatchilik bo‘lgay! Yana ocharchilik
boshlangay!
* * * Bobur qizilboshlarning shartlarini ado etib, ularni tezroq jo‘natib qo‘yish uchun Shoh