www.ziyouz.com kutubxonasi
225
tushuntirurmen. Bu ham kifoya qilmasa, shubhaliroqlarining ketiga ziyrak xufyalardan
qo‘yib qo‘yganmen. Agar yana buzuqlik qilsalar, unda tutib keltirurmen, keyin
istaganingizcha jazo berursiz!
__________________
* I m o m i ya — shia mazhabining rasmiy nomi.
4 Nihoyat, barcha rejalar gaplashilgan tarzda amalga oshdi-yu, Boburning mo‘g‘ullar bilan
birgalikda yigirma besh mingdan oshadigan qo‘shini yoz kunlarida Amudaryoning Panj
deb ataladigan yuqori oqimidan o‘tib, Ko‘lob orqali Vaxsh vodiysiga yo‘naldi.
Shayboniyzodalar Shoh Ismoil qo‘shinining Termiz tomondan kelayotganini, ular Bobur
askarlari bilan qo‘shilsa, yengish mushkul bo‘lishini bilar edilar. Shuning uchun ular
Ubaydulla Sulton boshliq bir qism qo‘shinlarini Qarshi va Samarqandda qoldirishib,
asosiy kuchlarini Hisorga yig‘ib keldilar. Temur Sulton, Jonibek Sulton, Hamza Sulton va
Mamat Sulton boshliq o‘ttiz ming otliq qo‘shin cho‘l va vodiylardan chiqib, baland tog‘
oraliqlariga shitob bilan ko‘tarilib kelmoqda edi. Ular Bobur qo‘shinini Vaxsh daryosidan
o‘tkazmaslikka intilar edilar.
Biroq yuqoridan tez tushib kelayotgan Bobur butun askarlari bilan Vaxsh bo‘yiga
dushmanidan ancha oldin yetib bordi va Puli Sangin* degan ko‘prikdan o‘tdi. So‘ng
odam oyog‘i tegmagan tik qoyatoshlar va zovlar orasidagi bahaybat daraning
dahanasini* va harbiy jihatdan qulay balandliklarni egallab oldi. Pastdan yopirilib chiqib
kelgan yov qo‘shini torgina yo‘l bilan daraning ichiga kirishga jur’at etolmay to‘xtadi.
Sultonlar ot ustida turib ancha vaqt kengashganlaridan keyin Temur Sulton boshliq o‘n
mingtacha askar daraning o‘ng tomoniga o‘tdi-yu, Bobur turgan balandlikka orqadan
aylanib kelmoqchi bo‘ldi. Temur Sultonning orqadan chiqib kelib to‘lg‘ama ishlatishini
Saripul jangida ko‘rgan Bobur uning niyatini fahmlab qoldi. Darhol Mirzoxon boshliq o‘n
ming otliqni yov aylanib o‘tayotgan tomonga jo‘natdi. Aylanib o‘tayotganlardan ko‘ra
to‘g‘ridan borayotganlar mo‘ljallangan joyga tezroq yetdilar va balandlikning Vaxsh
daryosigacha borib taqaladigan hamma muhim nuqtalarini ishg‘ol qildilar. Vaxsh
uchurimli qoyalar orasidan shunday dahshat solib oqar ediki, uning qirg‘og‘ini yoqalab
o‘tib bo‘lmas edi. Temur Sulton qarshisidan chiqqan askarlarning safini yorib o‘tmoqchi
bo‘lib, peshingacha jang qildi, lekin muxolif tomon yuqoridan tosh yumalatib, o‘q
yog‘dirib, ularga yo‘l bermadi.
Ochiq cho‘llarda o‘sgan, tekis vodiylarda dadil harakat qiladigan sultonlar hammayog‘i
bekik daralar va tik qoyatoshli tog‘lar orasida juda qiynalib qoldilar. Ularning dashtiy
otlari ham tog‘da durust chopolmas edi. Ba’zilari tik yonadan tushayotganda tog‘da
yurishga mo‘ljallanmagan quyushqon va ayillari uzilib ketar, egalari otlaridan yiqilib
tushishar edi. Shunday yiqilib tushganlardan birini tutib olib, Boburning oldiga «til»
tariqasida keltirdilar. Bobur «til»ni so‘roq qildirib, shayboniyzodalar orasida ularning eng
iste’dodli sarkardasi bo‘lgan Ubaydulla Sulton yo‘qligini, boshqalari durust-roq
olishishning epini topolmay, chekinishga ham jur’at etolmay, ikkilanib turganini aniqladi.
Bobur yov qo‘shini saflanib turgan pastlikning yaqinida suv yo‘qligini bilar edi. Havo
issiq. Kuni bo‘yi yugurib-elib charchagan odamlar va otlar halizamon chanqab, suv
qidirishga tushishi muqarrar. Suv esa yov turgan joydan besh-olti chaqirimcha orqada
edi.
Kech kirib, kun bota boshlaganda Bobur odamlariga: «Bugun endi jang bo‘lmadi, ertani
kutamiz», deganday qilib, otidan tushdi. Tepalikda Boburning yonida turgan mingdan