www.ziyouz.com kutubxonasi
226
ortiq askarlar ham otdan namoyishkorona tusha boshladilar.
Buni daraning tashqarisidagi shayboniyzoda sultonlar ko‘rib turardilar. Lekin daraning
ichida — sultonlarga ko‘rinmaydigan joyda Boburning asosiy kuchlari otdan tushmay, saf
tortib, hujumga shaylanib turar edilar.
Tepalikda turgan Bobur yon-veridagi barcha navkarlari bilan kechki paytda otdan
tushganini va navkarlar safini tarqatib yuborganini ko‘rgan sultonlar «bugun chindan
ham jang bo‘lmaydi» deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Ular ham saflarini buzib, ba’zilari
otlarini yetaklagan holda orqaga burilishdi va suv izlay boshlashdi.
Boburga shu kerak edi. U sakrab otiga mindi-yu, dara ichida yovga ko‘rinmay tayyor
turgan bek va nav-karlariga qarab qichqirdi:
— Yog‘iy chekindi! Zafar bizniki bo‘lur! Ta’qib eting! Bu buyruq og‘izdan-og‘izga o‘tib, bir
lahzada butun saflarga tarqaldi. «Yov qochsa botir ko‘payadi» deganlaridek, yov
chekinganiga ishongan daradagi askarlar dahana tashqarisiga sherday dadil hamla qilib
chiqdilar. Bobur ham qilich yalang‘ochlab, tepadagi tug‘bardorlari va xos navkarlari bilan
pastga otildi.
Shayboniyzodalar dara ichidan va tepadan tog‘ ko‘chkisiday otilib tushib kelayotgan o‘n
besh ming qo‘shin qarshisida shoshib qoldilar. Ular buzilgan saflariga qaytadan tartib
berishga ulgurolmay, vahima ichida qochishga tushdilar.
Bu qochishni o‘ng tomonda Mirzoxon bilan olishayotgan Temur Sultonning odamlari ham
ko‘rdilaru yakkalanib, qurshovga tushib qolishdan qo‘rqib, narigi bir daraga qarab
chekindilar.
Bobur xos navkarlari bilan birga yovning asosiy kuchlarini ta’qib qilib bormoqda edi.
G‘ira-shira qorong‘ilik tushganda uning Muhammad Sulton Do‘lday degan beki Hamza
Sultonning qo‘shinini tor-mor qilib, o‘zini asir olib keldi. Xufton kechroq Xo‘ja Kalon
boshliq navkarlar Mahdi Sultonni ham qo‘lga tushirib keldilar.
Qorako‘l va Andijonda bo‘lgan ko‘pgina qirg‘inlarning sababchilari mana shu sultonlar
edi. Bobur ularni o‘limga hukm qildi.
_____________
* P u l i S a n g i n — «Tosh ko‘prik». Hozirgi Norak shahrining yaqinida bo‘lgan.
* D a h a n a — daraning og‘zi, kirib-chiqiladigan joyi.
5 Tiniq kuz osmonida oq ipakdan ham nafis mezonlar uchadi. Samarqand bog‘larida katta
dona anorlar yetilgan, sohibi uzumlar va naqsh olmalarning eng shirinlari qolgan payt.
Shaharning barcha darvozalari ochiq, kirdi-chiqdi bemalol. O‘n kundan beri
Samarqandda na qo‘shin bor, na bir hokimiyat. Shayboniyzodalar Vaxsh bo‘yida
Boburdan yengilganlaridan keyin G‘uzor va Qarshi atroflarida yana astoydil bir jang
qilmoqchi bo‘lib, kuch to‘plab ko‘rdilar. Biroq Boysun tog‘laridan narida Bobur qo‘shiniga
Shoh Ismoil yuborgan o‘ttiz ming qizilbosh askari kelib qo‘shilgani ma’lum bo‘lgandan
keyin sultonlar ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchrashdan qo‘rqdilaru Qarshi, Buxoro va
Samarqandni jangsiz tashlab chiqdilar. Faqat ular dushmanlariga zaxira qoldirmaslikka
tirishib qo‘llariga tushgan hamma ot-ulov, mol-hol, don-dunni talab olib ketdilar. Shu
munosabat bilan ko‘chmanchi qabilalarning yana bir talon-torojini boshdan kechirgan va
ularga qarshi nafrati benihoya oshgan o‘troq aholi endi butun najotni Boburdan kutib,
uning yo‘liga umid bilan ko‘z tika boshladi.
Bobur ittifoqdoshlari bilan G‘uzordan Qarshiga, undan Buxoroga o‘tgan, bu qo‘rg‘onlarga
ishonchli odamlarini qo‘yib, endi Samarqandga kelmoqda edi. Bundan xabar topgan