www.ziyouz.com kutubxonasi
228
bilindi.
_____________
* Sh e ’ r i y t a ’ r i x — maxsus bir she’riy janr bo‘lib, harflaridan abjad hisobi bilan ma’lum yil va oy kelib chiqadi.
* * * Samarqand qo‘rg‘onining Ohanin darvozasi yaqinidagi ulkan marmar masjidning tekis
tosh to‘shalgan sahniga yigirma ming namozxon to‘plangan. Bugungi juma namozida
xutba qanday o‘qilishini ko‘pchilik samarqandliklar o‘z quloqlari bilan eshitgilari keladi.
Chunki: «Bobur podshoh shialar tomoniga o‘tganmish, choryorlardan yuz o‘girib, o‘n ikki
imomni tan olganmish!» degan mish-mishlar ko‘paygan, Boburni quvonib qarshi olgan
sunniy mazhabidagi odamlar, bu ovozaga ishongilari kelmas, biroq uning muxoliflari
aholining asabiga tegadigan mish-mishlarni tobora ko‘p tarqatishar edi. Bugun jome
masjidida o‘qiladigan xutba bu ovozalarning qanchalik rost, qanchalik yolg‘onligini
aniqlab berishi kerak edi — qoidaga binoan, xutbaga yoki choryorlarning nomi, yoki o‘n
ikki imomning nomi, albatta, qo‘shib o‘qilar edi. Buni biladigan odamlar jome
masjidining ich-tashini to‘ldirib yuborgan edilar. Xutba o‘qilishiga bir soat qolganda
masjid sahnida bo‘sh joy qolmadi. Shundan keyin eshik va darvozalar oldida turgan
qurolli soqchilar ichkariga hech kimni kirgizmay qo‘ydilar.
Bir vaqt masjidning orqa eshigidan sadrlar suduri Xo‘ja Xalifa, Bobur, Qosimbek va uch-
to‘rtta qizilbosh beklar kirib kelishdi. Bobur masjidning ich-tashiga odam benihoya ko‘p
to‘planganini ko‘rib, yuragi iztirob bilan «shig‘» etdi. Bu odamlar uning hozir qilmoqchi
bo‘lgan qaltis ishi muvaqqat bir chora ekanini tushunisharmikan?
Mana shu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l — shoh qo‘shinini «otang yaxshi, onang yaxshi», deb
silab-siypab, vataniga jo‘natib yuborish edi. Avvaldan kelishilgan shartlarga binoan,
Bobur Shoh Ismoilni oliy hokim deb e’lon qilishi, xutbaga uning va o‘n ikki imomning
nomini qo‘shib o‘qitishi, keyin shohning nomidan pul zarb qilishi kerak edi. Shu shartlar
bajarilsa, Shoh Ismoilning beklari o‘z qo‘shinlarini Movarounnahrdan olib chiqib ketishga
ko‘nar edilar. Yuqoridagi shartlarni xo‘ja-ko‘rsinga bo‘lsa ham bajarib, begona
qo‘shindan tezroq xalos bo‘lish to‘g‘riroq ekanini Qosimbek ham, boshqa sirdosh a’yonlar
ham tushungan edi. Xo‘ja Xalifa ham bugungi xutbani Bobur istagan tarzda o‘qishga rozi
bo‘lgan edi. Rejaga binoan, Xo‘ja Xalifa samarqandlik sunniy namozxonlarning g‘azabiga
qolmaslik uchun choryorlarni umumiy bir tarzda nomlarini tilga olmay aytib o‘tishi, o‘n
ikki imomni esa qizilbosh beklarni qoniqtiradigan ohangda nomma-nom tilga olishi kerak
edi.
Uzun mosh-guruch soqoli kindigiga tushadigan Xo‘ja Xalifa barcha qavmlarning oldida
turib, juma namozini o‘qidi-yu, keyin qo‘liga hassasini olib, masjid to‘ridagi marmar
zinapoyali minbarga ko‘tarila boshladi.
Yigirma ming namozxon hammasi jim. Masjid sahnini to‘ldirgan odamlarning hammasi
go‘yo o‘zlarining sunniy mazhablarini namoyish qilmoqchi bo‘lgandek boshlariga to‘rt
o‘ramlik sallalar o‘ragan edilar. Sunniy sallalarning sanoqsiz ko‘pligidan g‘ashi kelgan
elchi Xo‘ja Xalifaning boshidagi dastorga qaradi. O‘ramlari to‘rttadan ko‘p, ammo o‘n
ikkita ham emas. Sanab bo‘lmaydi. Muhammadjon eshik og‘asi Bobur va Qosimbekning
boshlaridagi sallalarga qaradi. Bularning o‘ramlari ham to‘rttadan ko‘p, ammo o‘n
ikkitadan oz. Bu sallalar shunday o‘ralganki, o‘ramini sanash mumkin emas.
Muhammadjon eshik og‘asi bunda qandaydir ma’no borligini sezib, sergaklandi. Nahotki
Bobur Qunduzda bergan va’dasini bajarishdan bosh tortmoqchi bo‘lsa?
Muhammadjon eshik og‘asi Xo‘ja Xalifaning harakatlarini sergak turib kuzata boshladi.