www.ziyouz.com kutubxonasi
236
Barxanlar ichida zambarak ortilgan aravalar qumga botib, otlar yaxshi chopolmay, Bobur
qo‘shinining safi chuvalib ketdi. Paytdan foydalangan besh mingga yaqin qunduzlik
mo‘g‘ullar Ubaydulla Sulton tomoniga qochib o‘tib ketdi.
Qizilqumda ko‘p yurib, uning pastu balandini biladigan, Ko‘li Malik* degan joyda otliq
jang uchun eng qulay o‘rinlarni egallab yotgan Ubaydulla Sultonning qo‘shini yana
to‘lg‘ama usulini ishlatib, Bobur qo‘shinining ikki qanotini bukdi-yu, orqasiga o‘tib oldi.
To‘rt tomondan berilayotgan zarbalar ustiga besh ming xoinning birdan yov tomoniga
o‘tib ketishi jang taqdirini bir necha soatdayoq hal qilib qo‘ydi.
Bobur Qizilqumda mag‘lubiyatga uchrab, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqandga,
undan Hisorga chekinib borganda qarshisidan Shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy oltmish
ming qizilbosh askari bilan tahdidli suratda chiqib keldi.
Og‘izda Najmi Soniy Boburga yordamga kelgan edi.
Biroq aslida u Boburga jazo bermoqchi edi. U qizilbosh qo‘shinlarining Samarqanddan
tez qaytarib yuborilganidan norozi edi. Bobur Movarounnahrda mustaqil davlat
tuzayotganini, uning shialarga yon bosishi — muvaqqat choraligini xufiyalar Shoh
Ismoilga allaqachon yetkazgan edilar. Shoh Ismoil Movarounnahrga oid hamma ishlarni
Najmi Soniyga ishonib topshirgan edi. Najmi Soniy shayboniyzodalarni bartaraf
qilgandan keyin Boburni ham hokimiyatdan chetlatishi va Samarqand taxtiga boshqa
ishonchli odamni o‘tqazib, Movarounnahrda qizilboshlar hokimiyatini uzil-kesil barqaror
qilishi kerak edi.
Bu reja qattiq sir tutilar, Bobur bilan ittifoq hozircha davom etar, ammo kalondimog‘
Najmi Soniy Boburni ham, uning o‘n mingtagina qolgan askarlarini ham nazar-pisand
qilmasligi oshkora sezilar edi.
Boburni ikki tomondan chirmab kelgan ikki dahshatli qilich G‘ijduvonda bir-biriga zarb
bilan urildi. Najmi Soniydan ixlosi qaytgan Bobur shayboniyzodalarning qo‘li baland
kelayotganini sezdi-yu, qonli qilichlar orasidan chiqib, yana Hisor tomonga chekindi.
Bosqinchi qo‘shin sarkardasi Najmi Soniy G‘ijduvon jangida o‘ldirildi. Qizilboshlar tor-mor
bo‘ldi, oltmish ming qo‘shinning bir qismi o‘ldi, bir qismi asir olindi, omon qolib
qochganlarini esa g‘oliblar Amudaryogacha quvib bordilar va daryoga cho‘ktirib
yubordilar.
________________
* K o‘ l i M a l i k — hozir qurib qolgan. Buxoro oblastining Xayrobod degan joyida.
7 Bundan bir yarim yil avval Xonzoda begim yolg‘iz o‘g‘ilchasi bilan Balxdan Qunduzga
kelayotganda uning yuragini titratgan noma’lum xavf-xatarlar go‘yo mana shu og‘ir
chekinish paytini kutib yotgan ekan.
Tun yarmidan oshgan edi. Boysun orqali Hisorning Qoratog‘iga chekinib kelgan Bobur
yetti ming askar va ug‘rug‘i* bilan sayhon bir o‘tloqda tunamoqda edi. Xonzoda begim
o‘g‘li va kanizi bilan uxlab yotgan o‘tov Boburning chodiriga yonma-yon edi.
Saharga yaqin birdan to‘polon ko‘tarildi. Xonzoda begim otlarning tasir-tusir qilib
chopishi va itlarning asabiy hurishidan cho‘chib uyg‘ondi. G‘azabli tovushlar:
— Ur! Ur!
— Rofiziylarni ayamay qir! — deb qichqirar edi.
Xonzoda begim sapchib turdi. O‘tov to‘rida xira qorachiroq lipillab yonmoqda edi. Begim
qattiq uxlab yotgan o‘g‘li Xurramshohni quchoqlab oyoqqa turg‘izdi.
— Yog‘iy bosdi! Yog‘iy! — deb, o‘g‘liga etigini kiydirib, to‘nining yengiga qo‘llarini