www.ziyouz.com kutubxonasi
235
johillar uni ham o‘ldirishlari mumkin ekan. Avboshlardan yigirma-o‘ttiztasini hibsga
oldik. Ammo Xo‘ja Xalifaga qarshi va’z aytgan mullalar Xo‘ja Ahrori valiyning
avlodlaridan ekan. Ularni sizdan bemaslahat hibsga olishga jur’at etmadim.
Bobur ahvolning naqadar jiddiylashib ketganini endi sezdi. Xo‘ja Ahror avlodini hibsga
olish — yonay deb turgan olovni puflab alangalatish bilan barobar edi.
— Qo‘shinning kayfiyati ham yaxshi emas, hazratim,— deb davom etdi Qosimbek. —
Hozir ichak uzildi payt, narx-navo ko‘tarilgan. Shayboniyzodalar chiqargan oltin-kumush
tangalarning vazni biz chiqargan tangalar vaznidan ortiq bo‘lganligi uchun ularning
bozori chaqqon. Beku navkarlar ulufani oshirishni talab qilmoqdalar. Ularga ulufa
oshirilsa, xazinada pulimiz yetmas.
— Undoq bo‘lsa taklifingiz nedur?
— Taklifim shuki, hazratim, beklarni darhol mashvaratga to‘plab, favqulodda choralar
ko‘rmoq lozim.
— Bilamen, beklar dashtda izg‘ib yurgan shayboniyzodalarga qarshi urushmoq
qasdidalar. Yangi viloyatlar olinsa, beku navkarlar o‘ljador bo‘lurlar. Besh oydan beri
Samarqandda jangsiz turib qilichlari qonsiragan.
— Ularning kasblari urush bo‘lgandan so‘ng bekor turgilari kelmaydi-da. Hozir
shayboniyzodalar shimoldan Buxoroga yaqinlashib kelmoqda emishlar.
— Aniq axborot bormi?
— Ko‘rgan odam kelib aytdi. Sarkardalari Ubaydulla Sulton emish. O‘n ming qo‘shini bor
emish. Buni Samarqanddagi shayxu qalandarlar ham eshitgan bo‘lsalar kerak.
Shayboniyzodalar tashqarida jonlangan sari ichkarida bular bizni «Shiaga sotilgan
rofiziylar!» — deb xalqqa yomonlab, qora kuchlarni qo‘zg‘atmoqdalar.
Bobur mavlono Fazliddin bilan mudarrisga afsusli bir nazar tashladi-da:
— Janoblar, ma’rifat muammolarini bu ahvolda hal etolmaydigan ko‘rinamiz, — dedi. —
Xatti Boburiyni maktabda o‘qitish hozircha to‘xtatilsin. Rasadxonani ham keyinroq
tiklagaymiz... Biz endi butun e’tiborni harbiy ishlarga berishga majburmiz.
Mudarris bilan mavlono Fazliddin ma’yus qiyofada orqalari bilan yurib chiqib ketdilar.
Qosimbek bilan Bobur Ubaydulla Sultonga qarshi Buxoro tomonga qo‘shin tortib
borishning maslahatini qila boshladilar...
______________
* Bu yozuv aslida O‘rxun-Yenisey runik yozuvining Bobur davrida Sig‘noqqa yetib kelgan bir turi bo‘lishi kerak.
* * * Buxoroga hujum qilgan Ubaydulla Sultonning o‘n ming kishilik qo‘shini Boburning
Samarqanddan o‘ttiz ming qo‘shini bilan kelayotganidan xabar topib, Qizilqum sahrosiga
qarab chekindi. Bobur qo‘shini Buxoro atrofida to‘xtab, dushmanning yana qaytib ke-
lishini kutishi mumkin edi. Lekin dushman askarlari son jihatdan uch barobar kam
bo‘lgani uchun Bobur uni dadil ta’qib etishga qaror berdi-yu, qo‘shinini qumtepalar
orasiga boshlab kirdi. Ubaydulla Sultonga shu kerak edi. Bobur qo‘shinining eng
sadoqatli qismi tog‘lik joyda yaxshi jang qilib o‘rgangan, otlari cho‘lda, qumtepalar
orasida durust chopolmaydigan jangchilar edi. Bundan tashqari, shia-sunniy ziddiyatlari
Boburga Qunduzda qo‘shilgan yigirma ming kishilik mo‘g‘ul qo‘shinining ruhiga yomon
ta’sir qilgan edi. Ularning orasiga kirib borgan sunniyparast mullalar: «Boburshoh shialar
bilan ittifoq tuzib, pok mazhabini bulg‘adi, endi payg‘ambarimiz uni emas, sunniyni pok
tutgan shayboniyzodalarni qo‘llab-quvvatlagay», degan e’tiqodga ko‘plarni ishontirgan
edilar.