www.ziyouz.com kutubxonasi
243
chog‘irga ehtiyoj sezgan emasmen. Sen qalaysen?.. Ko‘nglingda chog‘irga ishtiyoq
bormi?
Humoyun uyalib bosh chayqadi. So‘ng otasining ichkilikdan shishgan qovoqlariga jiddiy
bir qarab oldi-da:
— Men chog‘irni yomon ko‘ramen, — dedi.
O‘n uch yoshida Bobur o‘zi ham ichkilikdan hazar qilishini esladi-yu, o‘g‘lining javobini
ma’qullab bosh irg‘adi.
— Xo‘sh, nelarni yaxshi ko‘rursen?
— Menmi? — deb Humoyun bir lahza o‘ylanib oldi. Uning yaxshi ko‘rgan narsalari ko‘p
edi: — Safarda yurishni, sayohatni yaxshi ko‘rurmen, yaxshi kitob bo‘lsa ertayu kech
o‘qigim kelur...
«Bu jihatlari menga o‘xshabdir», dedi Bobur ichida va o‘g‘lining qamchi dastasini tutgan
qo‘llariga qaradi. Humoyunning yuz-ko‘zi ham, qo‘llari ham Boburnikidan qoraroq edi.
Balki janubda tug‘ilib o‘sayotgani uchun shundaydir? Lekin panjasining shakli otasinikiga
juda o‘xshash. Bobur o‘g‘lining bilagidan olib:
— Qani, kaftingni och, — dedi.
Humoyun qamchini taqimiga qistirdi-da, kaftini otasiga ochib ko‘rsatdi. Bobur uning
kaftidagi chiziqlarga qaradi-da, keyin o‘z panjasini ochib, o‘g‘lining kaftiga kaftini
yonma-yon tutdi. Katta va kichik har ikki kaftdagi ko‘ndalang chiziqlar bir-birining aynan
takrori edi. Otasiga o‘xshashni juda-juda istaydigan Humoyun mamnun jilmaydi. Bobur
chuqur tin oldi-da:
— Ilohim, men ko‘rgan balolarni sen ko‘rmagin! — dedi.
— Lekin men sizning barcha ishlaringizni o‘rganmoqchimen.
Boburning yaxshi-yomon ishlari xayolidan aralash-quralash bo‘lib o‘ta boshladi. Berahm
muhit uni ham shafqatsiz bo‘lishga o‘rgatardi. Mana shu Kobul viloyatining o‘zida xirilchi
qabilasiga mansub talay odamlar karvon yo‘llarida talonchilik qilganliklari uchun Bobur
askarlari tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan, hazora qabilasining o‘nlab jangovar yigitlari
chopqin paytida qirib tashlangan edi... Bobur bu qonli lavhalarni umr kitobi bo‘lmish
«Vaqoi’»ga birma-bir yozib borar edi. Ammo hali balog‘atga yetmagan va olamga
bolalarcha musaffo bir ishonch bilan qarayotgan Humoyunni bunday shafqatsizliklardan
mumkin qadar uzoq tutgisi kelardi.
— Sen hushyor bo‘l, — dedi Bobur, — mening havas qilib bo‘lmaydigan ishlarim ham
bor!
— Qaysi ishlaringiz, hazratim?
— Qayg‘uli, fojiali ishlarim. Butun taqdirim...
— Buni bir g‘azalda ham aytmishsiz.
Humoyun yana yoddan otasining satrlarini ayta boshladi:
Har yong‘aki azm etsam, yonimda borur mehnat, Har soriki yuzlansam, o‘trumg‘a kelur qayg‘u, Yuz javru sitam ko‘rgan, ming mehnatu g‘am ko‘rgan, Osoyishi kam ko‘rgan mendek yana bir bormu? She’rning g‘amgin va sehrli ohangidan ta’sirlangan Bobur:
— Yaxshi o‘qiding, — dedi o‘g‘liga. — Istaymenki, men ko‘rgan qayg‘ularu
shafqatsizliklarni ilohim sen ko‘rmagin.
— Xo‘p, hazratim, men faqat siz bilgan ajoyibotlarni bilsam bas!
Ota-bola suhbatga berilib arkka qanday yetganlarini sezmay qoldilar. Keyin ular
darichalari Shohi Kobul tog‘iga qarab ochiladigan xushhavo xonai xosda o‘tirganlarida