www.ziyouz.com kutubxonasi
245
tarbiyalaganlari, unga otasining fazilatlarini saralab olib berishga intilayotganlari katta
bir ne’mat emasmi? Boburning o‘zi ham o‘g‘liga faqat fazilatlarini ravo ko‘radiku. Faqat
shundagina o‘g‘il u qilgan xatolarni qilmasligi, u tortgan azoblarni tortmasligi mumkin.
Fazilatlar... Bobur o‘z fazilatlarini bugun o‘g‘li orqali allanechuk saralangan holda ko‘rib,
ko‘ngli ko‘tarildi, o‘ziga birdan hurmati ortdi.
Keyin u Humoyunning atkasi Qosimbekni saroyga chaqirtirib, unga bosh-oyoq sarupo va
ot in’om qildi. Shahzodaning boshqa murabbiylari va muallimlari ham katta-katta
hadyalar oldilar.
— Senga ne in’om qilay, ayt! — deb Bobur o‘g‘liga kulimsirab tikildi.
Humoyun kitob yig‘ishni yaxshi ko‘rardi. Uning alohida bo‘lmani egallagan xos
kutubxonasidan tashqari, xobgohida ham kitob to‘la javonlar bor edi. To‘shagining bosh
tomoniga xushbo‘y sandal daraxtidan ishlangan javon qo‘yilgan, otasining she’riy devoni
javonning alohida tokchasida yolg‘iz turar edi.
— Yana yangi she’riy kitoblar yozsangiz, — dedi Humoyun otasiga uyalinqirab ko‘z
tashlarkan, — mana shu alohida tokcha sizning asarlaringiz bilan to‘lsa... O‘g‘lingizning
tilagi shu!
Bobur zavq bilan qah-qah urib:
— E-ha, sening bu tilagingni o‘rinlatmoq uchun men bir umr mehnat qilmog‘im kerak-
ku!.. — dedi. — Mayli, «yaxshi niyat — yarim davlat» derlar. Bugundan boshlab sen
uchun bir she’riy kitob boshlagaymen. Qani, daftaringni ber...
Humoyun muqovasi oltin suvi bilan ziynatlangan, nafis varaqlariga hali hech narsa
yozilmagan yangi daftarini otasiga ikki qo‘llab tutdi.
Bobur xona to‘ridagi miz yoniga kelib o‘ltirdi-yu, birdan o‘g‘liga mehri toblanib, hayajon
ichida:
«Jigarim bilan jonimga payvand farzandim!»— deb yozdi.
O‘zidagi otalik mehri va Humoyundagi farzandlik sadoqati tojdor otalar va valiahd
o‘g‘illar orasida juda kam uchraydigan nodir tuyg‘ular ekanini, Ulug‘bek bilan Abdullatif
orasida bo‘lib o‘tgan fojialarga solishtirganda, u o‘z o‘g‘lidagi samimiy hislarni qanchalik
qadrlashi, qanchalik asrab-avaylab, kamolga yetkazishi zarurligini shu lahzada butun
vujudi bilan his qildi. Qalbini to‘ldirgan otalik tuyg‘usi she’riy ohang bilan qog‘ozga tusha
boshladi: «Davlatu baxt bila Humoyun bo‘l, komron bo‘l, jahonda yuz tuman obro‘yi
izzat ko‘r!»
Bobur yozishdan to‘xtab o‘rnidan turdi:
— Davomini keyin bitgaymen!.. Kitobning nomi sening ismingga qofiya bo‘lg‘usidir!..
Bobur o‘sha yili yozib tugallagan she’riy kitob — «Mubayyin» — Humoyunning nomiga
chindan ham qofiyadosh edi. U o‘g‘lining daftariga bitgan ezgu tilaklarini ham shu
kitobga she’riy satrlar shaklida joylab, hammasini san’atkor xattotga ko‘chirtirdi-da,
Humoyunga taqdim qildi.
Humoyun shu vaqtgacha otasidan olgan sovg‘alar orasida eng ulkani va bebahosi —
mana shu she’riy kitob ekanini sezib, uni qayta-qayta ko‘zlariga surdi...
U arab tilida yozilgan, murakkab fiqx kitoblarini tushunolmay qiynalib yurar edi. Otasi
taqdim qilgan «Mubayyin» fiqxning qonun-qoidalarini ravon turkiy tilda go‘zal
masnaviylarda ifodalab, Humoyun uchun ham darslik vazifasini bajarar, ham unga
she’riy zavq berardi. Eng muhimi, uning otasiga bo‘lgan mehri, ixlosi shu kitob tufayli
yangi bir kuch bilan o‘sib borardi.
Humoyun o‘n besh yoshga kirganda uning kitob javonida otasining yana bir asari — aruz
ilmiga bag‘ishlangan «Muxtasar» paydo bo‘ldi. Humoyunning endigi istagi — otasining
o‘smirlik yillaridan beri yozib yurgan «Vaqoi’» nomli kitobini o‘qish edi. U otasining eng
katta, eng maroqli asari mana shu ekanini onasi Mohim begimdan eshitgan edi.