www.ziyouz.com kutubxonasi
248
o‘sha oshiqlik paytidagidek nafis va jozibali ko‘rindi. O‘shda, qoyatosh ustida noxosdan
begimning belidan olgan paytidagi shirin tuyg‘ulari uyg‘ondi-yu, yuragini zavqqa
to‘ldirdi:
— Hazrat begim, siz menga jonimni qaytarib bergandek bo‘ldingiz! Mo‘’jizani qarang!
Orada shuncha yillar! Shuncha yo‘llar! Shuncha tog‘u daryolar!
Mavlono Fazliddinni to‘lqinlantirgan zavq va quvonch Xonzoda begimga ham o‘tdi. Uning
tovushida shodlik jarangi eshitildi:
— Rostdan, bu loyihalar menga qo‘shilib juda ko‘p balolarni boshdan kechirdi. Men
qancha joyga borgan bo‘lsam, bular ham bisotlarimu javohirlarim orasida men bilan
sargardon bo‘lib yurdi. Faqat oxirgi marta Qunduzdan Samarqandga jo‘naganimizda
tog‘laru daryolardan ko‘p yuk olib o‘tib bo‘lmadi. Sandiqlarimdan bir qismi Qunduz
qo‘rg‘onida qoldi. Shularning ichida bu loyiha ham qolgan ekan. Samarqandga borib ko‘p
achindim. Yoz kelsa Qunduzga odam yuborib olib keltirmoqchi edim... Keyin haligi
falokatlar bo‘ldi... Qunduzga qolgani yaxshi bo‘lgan ekan. Boshqa sandiqlarimning
hammasi Hisorda fitnachi mo‘g‘ullarning ilkida qoldi... Mavlono, qarang-chi, hamma
varaqlari joyidami?
Shunday deb, Xonzoda begim yuzidan harir pardasini boshi ustiga ko‘tarib qo‘ydi-yu,
loyihalarga tikilib qaradi.
— Hammasi joyida! — dedi mavlono Fazliddin uning yuziga minnatdorona ko‘z tash-lab.
— Samarqandda faqir sizning huzuringizga kirishga jur’at etolmagan edim.
— O‘zim sizni chorlamoqchi bo‘ldim. Ammo loyihalar Qunduzda qolganligi uchun
andesha qildim...
Mavlono Fazliddin Andijonda Xonzoda begimning suratini ham chizganini, hozir loyihalar
orasida o‘sha surat yo‘qligini begimga eslatgisi kelib:
— Balki... Suratlar yo‘qolib ketgandur? — dedi.
Xonzoda begimning yuziga nafis qizillik yugurdi:
— Hali ham musavvirlik qilmoqdamisiz, mavlono?
— Hazrat begim, ko‘p yil mashq qilinmasa qo‘l musavvirlikdan chiqib qolar ekan... Hozir
faqat me’morlik bilan mashg‘ulmen.
— Andijonda chizgan suratlaringizni men alohida saqlamoqdamen, — deb Xonzoda
begim mavlononing o‘g‘liga iymanib ko‘z tashladi.
Bo‘y yetib qolgan bu yigit oldida o‘zlarining yoshlik muhabbatlarini eslatuvchi suratni
Xonzoda begim ataylab olib chiqmaganini mavlono Fazliddin endi sezdi.
— Lutfan siz haqsiz, hazrat begim... O‘sha suratlar endi umrbod sizniki bo‘lg‘ay!
Buni juda istab turgan Xonzoda begim:
— Saxovatingizdan toabad minnatdormen! — dedi.
Mavlono Fazliddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, odob bilan bosh egdi. So‘ng gapni yana ochiq
turgan eski loyihalari ustiga burdi:
— Men endi bularni Hirotda o‘rgangan yangiliklarim bilan to‘ldirgaymen. Ana undan
so‘ng bemalol amalga oshirsam bo‘lur... faqat... bu madrasayu qasrlar qaerga
qurulmog‘i mumkin? Andijon... uzoqda qoldi. Kobulgami?
Xonzoda begim ma’yus bosh chayqadi:
— Kobul — biz orzu qilgandek qudratli davlat emas, mavlono. «Ulug‘ me’morlik obidalari
qurmoq uchun ulkan davlatning qudratiga suyanmoq kerak» deganlar haq ekanlar.
Nachora?..
Mavlono Fazliddin oldida ochiq turgan tarhlarga g‘amgin ko‘z tikib:
— Ha, taqdir bizni notavon qilib yaratmishdir, — dedi. Ovozi keksalarnikidek g‘ijirlab
eshitilganini o‘zi ham sezdi-yu, qo‘shib qo‘ydi: — Men endi qarib qoldim. Qirg‘inlar,
to‘polonlar, fatoratlar bilan umrim o‘tdi. Lekin nahotki bu hammasi uzluksiz davom