3
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
250
Amudaryo tomondan tog‘ oshib uchib kelgan turnalar Kobulning ustidan janub-sharq
tomonga o‘tmoqda edilar. Arkning tillakori ayvonida Mohim begim bilan nonushta qilib
o‘tirgan Bobur turnalarning qisqa va sirli tovush bilan «qurey»lashini eshitdi-yu, o‘rnidan
turib, ayvon chetiga bordi va osmonning ovoz kelayotgan tomoniga tikildi... Ko‘kda
egilib-chayqalib kelayotgan bir shoda qora marjonni ko‘zlari bilan qidirib topgandan
keyin turnalarning tovushi unga go‘yo aniqroq eshitila boshladi.
Go‘zal va tiniq «qur-ey», «qur-ey»larda qandaydir horg‘inlik ohanglari borga o‘xshardi
va turnalarning uzoq-uzoqlardan uchib kelayotgani esga tushar edi. Balki ular shu
kelishda Andijonning ustidan uchib o‘tirgandirlar? Yoki Toshkent va Samarqand
atroflaridagi so-kin suvlar bo‘yiga qo‘nib dam olgandirlar?
Bu o‘ydan Boburning qalbini alamli bir sog‘inch tuyg‘usi chulg‘ab oldi. Hatto shu turnalar
ko‘rib kelayot-gan joylarni u endi borib ko‘rolmaydi. Ko‘li Malikda va G‘ijduvonda
yengilib, Hisorda fitnachilar xiyonatidan abgor bo‘lib qaytganiga, mana, o‘n uch yil
bo‘lyapti. Bobur shundan beri qaltis harbiy yurishlardan o‘zini tiyib yuribdi. Mo‘g‘ul
beklarining xiyonatlarini Qunduzdayoq bila turib, yana o‘shalarga va qizilboshlarga
tavakkalchilik bilan suyanib ish qilgani uning vataniga qaytadigan barcha yo‘llarini
bekitib tashlagan edi.
Turnalarning uzoqlashib so‘nib borayotgan tovushlari ta’sirida Boburning ko‘ngliga:
«Endi tug‘ilib-o‘sgan yurtingga umrbod qaytolmaysan!» degan alamli o‘y keldi-yu, yuzi
birdan tundlashdi. Orqasiga o‘girilib, savdarboshiga chog‘ir keltirishni buyurdi.
Mohim begim dasturxon yonidan Boburga tomon kelar ekan:
— Hazratim, ertalabdan chog‘ir? — deb taajjublandi. Hozir farzandlaringiz salomga
kelurlar... Ana, mirzo Hindol atkalari bilan kelmoqdalar.
Boshiga kichkina ipak salla o‘ragan, murassa’ kamariga kichkina qilich taqilgan sakkiz
yoshli mirzo Hindol ayvonning baland zinapoyasidan kattalarday qo‘l qovushtirib, ta’zim
qilib chiqdi. Otasi buni ko‘rib beixtiyor jilmaydi. Hindolni yelkasidan quchib erkalatdi,
keyin uni yoniga olib, zarbof ko‘rpacha ustiga o‘ltirdi.
— Qilich taqib olibsiz, amirzodam, jangga bormoqchimisiz? — deb hazillashdi.
Hindol katta-katta ko‘zlarini chaqnatib Mohim begimga bir qarab oldi. Mohim begim
«Ayting!» deganday bosh irg‘adi. Shunda Hindol burro til bilan otasiga:
— Meni ham olib boring, — dedi.
— Qayerga?
— Hin... Hindistonga.
— Hindistonda nima qilmoqchisiz?
— Yo‘l... yo‘lbarsni ko‘ramen...
— Ana xolos! — deb Bobur kuldi. — Biz sizga Hindol ismni bersak, siz faqat Hind
yo‘lbarsini tomosha qilmoqchisiz xolosmi?
Bola qizarib:
— Yo‘q, — dedi va jajji qilichining sopini qisimiga oldi. — Agar yo‘lbars... «eyman» desa,
men mana shu qilich bilan uni uramen!
Bobur Hindolni yana yelkasidan quchib erkalatdi:
— Barakallo! Unday bo‘lsa sizni Hindistonga albatta olib borurmiz...
Shu payt ayvon zinapoyasidan oltin ko‘zachada chog‘ir olib chiqayotgan sharbatchi
ko‘rindi. Mohim unga qo‘li bilan «Qayting!» ishorasini qildi. Sharbatchi Boburga qo‘rqa-
pisa ko‘z tashladi-da, uning o‘g‘li bilan ovunib, chog‘irni esidan chiqarganini sezdi va
zinadan sekin qaytib tushib ketdi. Bobur Hindoldan xat-savodni qanchalik o‘rganganini,
qanaqa she’rlar yod bilishini so‘radi.
— Men qur’on oyatlaridan yod bilurmen. Kulhu ollohu ahad...
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Dostları ilə paylaş: |