www.ziyouz.com kutubxonasi
258
uning «Hindis-ton» otliq kitobini qanday o‘qiganingiz esingizdami?
Bobur G‘aznidan topib kelingan bu kitobning eski arab tilidagi nusxasini qiynalib o‘qigan
bo‘lsa ham mazmunini juda yoqtirgan edi.
— Ha, Hind hayotini Beruniychalik teran tahlil etgan olim kam bo‘lsa kerak. Beruniy ham
mening Hindni ko‘rish ishtiyoqimni oshirdi.
— Bilamen. Hindda sizni ohanraboday o‘ziga tortgan yana bir siymo Xisrav Dehlaviydir.
— So‘zingiz chin, Mohim. Men Dehlaviyning ko‘p ash’orlarini «Muxtasar» kitobimda
keltirmishmen. Dehlaviyning otasi amir Mahmud Qarshi bilan Shahrisabz oralig‘ida
yashagan lochin ismli turkiy qabiladan edi. Men buni yaqinda bildim. Lochin qabilasi
Chingizxon istilosidan qochib, Hindga borib qolgan ekan. Xisrav Dehlaviy Davlatnoz ismli
hind muslimasidan tug‘ilmishdir.
— Hazratim, — dedi Mohim Boburga muloyim tikilib, — siz ham shoirsiz, ham olimsiz.
Men orzu qilardimki, barcha el-uluslar sizni ham Beruniydek, Dehlaviydek faqat yaxshi
so‘zlar bilan tilga olsalar.
Bobur Mohim begimning botinib aytolmagan so‘zlarini tushundi-yu, yuzi tundlashdi.
Xayolida yana o‘sha sovuq izg‘irin qo‘zg‘aldi.
— Siz mening podshoh ham ekanimni nechun eslatmoqchi emassiz?
— Chunki men sizni ijodingiz olovi yongan iliq qutbda muqim turishga chorlamoqchimen!
— Men ijod qutbida umrbod qolmoqchi bo‘lib, Dahkatda, Osmon Yaylovda yalangoyoq
yurganimda nechun uchramadingiz? Endi kech!.. Podshohni barcha el-uluslar faqat
yaxshi so‘zlar bilan tilga olishi — ushalmaydigan bir orzu. Men odamlarning maqtoviga
ham, ta’nayu malomatiga ham rosa to‘yganmen!
Bobur yaqinda yozgan bir g‘azalidan ikki satrini jo‘n so‘zga o‘xshatib ohangsiz, aytdi:
— Ulusning ta’nu ta’rifi* menga, Bobur, barobardur, bu olamda o‘zimni chun yomon-
yaxshidan o‘tkardim.
— Rost, bizning hech birimiz dunyoning achchiq-chuchugini sizchalik ko‘p tatib ko‘rgan
emasmiz... Olamning berahm dag‘al jabru jafolarini bunchalik ko‘p ko‘ra turib shu qadar
nafis she’rlar bitishingiz, shunchalik nazokatli ohangda kuylashingiz meni doim bir
mo‘’jizadek hayratga solur. Hazratim, siz ulug‘ shoirlar davrasidan joy olmog‘ingiz kerak.
Men goho qo‘rqamenki, jahongirlik, fotihlik sizning shoirligingizga soya tashlab
qo‘ymasmikin?
— Hind yurishidan voz keching, demoqchimisiz?!
Mohim begim Boburni bu niyatidan qaytarolmasligini endi aniq sezdi.
— Hazratim, hech bo‘lmasa Humoyunni Kobulda qoldiring! Axir siz Hindga ketsangiz,
kimdir Kobulni boshqarishi zarur-ku!
— Men yo‘g‘imda Kobulni siz idora etgaysiz, begim!
— Nahot! Axir men ayol kishimen! Shariatga binoan xotinning mavqeidan o‘g‘illarning
mavqei balandroq bo‘lur. Kobulda o‘g‘illaringiz mirzo Komron bilan mirzo Askariy borlar.
Bobur bu muammoni birpasda sovuqqonlik bilan hal qildi:
— Mirzo Komronga Qandahorni bergaymen. Askariy ikkalasi shu hafta Qandahorga
keturlar.
Qandahor bu yerdan otda bir haftalik yo‘l. O‘g‘illari ketsa, Gulruh begimning hovuri
pasayib qolishi aniq.
— Kobul mening xos shahrim, — deb davom etdi Bobur. — Uni hargiz o‘g‘illarga
bermasmen, faqat sizga topshirib ketgaymen! Qosimbek qavchin xizmatingizda bo‘lur.
Barcha haram ahli men yo‘g‘imda sizga bo‘ysung‘usidir!
Kutilmagan bu inoyatdan Mohim begim endi hayajonga tushdi. Podshoh o‘z xotiniga
bunchalik katta ishonch bildirishi juda kam uchraydigan hodisa edi. Ayniqsa, butun
haram, hatto Gulruh begim ham Bobur yo‘g‘ida Mohim begimga bo‘ysunishi, bunga