www.ziyouz.com kutubxonasi
254
begimning ko‘zlaridan ham o‘pib:
— Buyuring, — dedi, — neki istasangiz men bajo keltiray!
Mohim begim uyalib shivirladi:
— Gulbadanga javob beraylik...
Bobur yana savdarboshini chaqirdi va Gulbadanga Hindistondan keltirilgan to‘tiqushlarni
hadya qilishni buyurdi.
Chiroyli oltin qafaslarga solingan to‘tiqushlarning kamalakday tovlangan patlari
Gulbadanning e’tiborini o‘ziga tortdi. To‘tiqushlar so‘zlashni bilar edi, kattarog‘i shang‘i
tovush bilan:
— Assalom, begim! — dedi.
Gulbadan bundan zavq qilib bolalarcha soddalik bilan:
— Assalom, to‘ti! — dedi.
Shunda hammalari beixtiyor kulib yubordilar. Gulbadan dadasining oldiga chopib keldi,
bu ajoyib sovg‘asi uchun uning qo‘lini o‘pdi. Bu orada ichkaridan chiqqan Robiya qizchani
sekin qo‘lidan oldi-da, to‘tiqush solingan qafas bilan birga zinapoyadan pastga olib
tushib ketdi.
Bobur va Mohim begim ikkovlari ichkari xonaga yo‘naldilar. Katta tanobiy uyning
to‘ridagi shahnishinga eroniy gilamlar va zarbof ko‘rpachalar to‘shalgan edi. Bobur
Mohim begimning xipcha belidan quchib, o‘sha tomonga boshlab borar ekan:
— Hali ham kelinchaklik paytlaringizdagidek sarv-qomatsiz, Mohim, — dedi.
— Chunki siz men uchun hamon yigirma yoshlik yigitsiz!
Mohim begim shunday deb, ichki uyning ochiq eshigidan ko‘rinib turgan shohona
to‘shaklariga olovli bir nigoh tashlab oldi. Bugungi ehtirosli tun, ikkovlari xuddi alanga
tillaridek goh butun borliqlari birlashib, goh yana ajrashib, so‘ng qaytadan olov mavjida
birlashib, ikki tan bir vujudga aylangan paytlari xayoliga titroq solib o‘tdi. O‘sha
daqiqalarda Mohim erining qulog‘iga: «Siz mening ko‘z ochib ko‘rgan yagona yorimsiz,
sochingizdan-tirnog‘ingizgacha butun borlig‘ingiz menga jonimdan ham aziz, endi sizni
boshqa hech kimga bermasmen!» deb shivirlagan edi. Boburning hozir uni o‘pib: «Men
shoh bo‘lsam ham sizning ulug‘ qalbingiz o‘trusida qulmen!» degani Mohimning o‘sha
tungi so‘zlariga javobdek eshitildi. Bu so‘zlar va o‘pichlar Mohim begimning borlig‘ini
shunday yayratib yubordiki, yoshi o‘ttiz yettiga borgan bo‘lsa ham hozir yigirma yoshli
juvondek husni jamoli ochilib, ko‘zlaridan o‘t chaqnab, sho‘x ohangda so‘radi:
— Men hozir neki tilasam bajo keltirurmisiz?
Bobur Mohimning yangi bir ko‘shk qurib berishini yoki katta xarajatlar uchun xazinadan
qo‘shimcha oltin so‘rashini kutgan edi. Uning bunaqa istaklarini so‘zsiz bajargisi kelib
turgan Bobur:
— Sizdan molu jonni ayamasmen, buyuring! — dedi.
Mohim bir lahza taraddudlanib turdi-yu, past va jiddiy tovush bilan dedi:
— Sizdan molu jon emas, farzandimiz Humoyunni... Kobulga qaytarishingizni iltimos
qilmoqchimen.
Bobur ham endi jiddiylashib:
— Nechuk? — dedi. — Butunlay Kobulga qaytsinmi?
— Ha, sizdan o‘tinamen!
— Mohim, Humoyun yonimizda bo‘lishiga men ham tashnamen. Biroq shimoliy
chegaralarimizni Humoyundek ishonchli odam qo‘riqlab turmasa, shayboniyzodalarni
o‘zingiz bilursiz...
— Bilganim uchun tunu kun xavotirdamen. Ikki yildan beri Humoyun Badaxshonda. Men
uni shunchalik sog‘inamenki, turgan xonalariga kirsam, o‘qilgan kitoblarini varaqlasam,
ko‘zimga yosh kelur.