www.ziyouz.com kutubxonasi
251
— Hindolning she’rga unchalik ishi yo‘q, — deb izoh berdi Mohim begim. — Bunga o‘yin
bo‘lsa, yoydan o‘q otsa, ot chopsa bas. Kitobga xushi yo‘q.
— Balki yoshi kichik bo‘lgani uchundur?
— Gulbadan bundan uch yosh kichik. Ammo savodi Hindoldan yaxshi. Hozir ko‘rursiz...
Qizcha kitobga shunchalik o‘chki, taajjubdan yoqamni ushlaymen.
Bobur o‘ychan tovush bilan:
— Nahot Hindol o‘sha tog‘alariga tortsa? — dedi.
Boburning bu so‘zlarida qanchalik murakkab ma’no borligini faqat Mohim begim
tushunardi. Chunki Hindol Mohim begimdan emas Boburning kichik xotini Dildor
og‘achadan tug‘ilgan edi. Shariat beradigan ruxsat bo‘yicha Bobur ham uch xotinlik
bo‘lib olgan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu berahm odat Mohim begimni
qanchalik ezmasin, alamini ichiga yutib chidab kelar edi. Boburning ikkinchi xotini Gulruh
begimdan Mirzo Komron va Mirzo Askariy otliq ikki o‘g‘il tug‘ildi. Bular Humoyundan
keyingi taxt vorislari edilar. Gulruh begim shu sababli Mohim begimga kundoshlarcha
sovuq muomala qilar edi. Uch xotin Kobulning uch chekkasida har biri alohida ko‘shkda
tursa ham bir-birlarining ahvollaridan xabardor edilar. Dildor og‘acha besh yilda ikki qiz
tug‘di. Mohim begim esa uch marta farzand dog‘ini boshdan kechirdi. Uning
Humoyundan keyin tuqqan ikki o‘g‘il, bir qizi birin-ketin o‘lib ketdi. Keyin umuman
bo‘yida bo‘lmay qoldi. Buning hammasidan Mohim begim juda qattiq kuyib yurganini
sezgan Bobur unga qanday tasalli berishni bilmas edi. Bir kuni mana shu ayvonda
o‘tirganlarida Mohim begimning o‘zi: «Dildor og‘acha yana homilador emishlar, — deb
qoldi.— Men kuyib ado bo‘ldim. Endi Dildor og‘acha shu gal o‘g‘il tug‘sa ham, qiz tug‘sa
ham, agar menga bersangiz o‘z farzandimdek tarbiyalab o‘stirar edim».
Dildor og‘acha o‘z farzandini kundoshiga ishonib topshirishini tasavvur qilib bo‘lmas edi.
Lekin Mohim begim Humoyunni qanchalik yaxshi tarbiyalaganini hamma bilar, uning
yana farzand o‘stirish ishtiyoqi zo‘rligini Bobur ham sezar edi.
Dildor og‘acha Kobulning Bog‘i Yo‘ng‘ichqasida mana shu Hindolni tuqqanida Boburning
maxsus farmoni bilan uch kunlik chaqaloqni arkda turadigan Mohim begimning
tarbiyasiga keltirib berdilar.
Bu bolani to‘qqiz oy qalbi tagida ko‘tarib yurgan Dildor og‘acha: «O‘g‘limdan tiriklay judo
bo‘ldim», deb ancha vaqt yig‘lab-siqtab yurdi. Bobur unga:
«Azaldan udum shundoq, — deb vaj ko‘rsatdi. Podshoh oilasida o‘g‘illarni katta xotin
tarbiyat etmog‘i kerak. Mohim Humoyunni qandoq voyaga yetkazdi, ko‘rdingmi? Hozir
Badaxshonda eng obro‘lik hokim! Xudo xohlasa, Mohim Hindolni ham shundoq voyaga
yetkizgusidir!»
Mohim begim Hindolni o‘z farzandidan ham ziyoda tarbiya qilayotgani Boburga ma’lum
edi-yu, lekin bolaning tog‘a avlodlari johil va ma’rifatsiz odamlar edi. Dildor og‘acha
Hisor va Samarqandda ko‘p yomon ishlar qilgan Sulton Mahmud mirzoning avlodlaridan
edi. Shayboniyxon tomonidan o‘ldirilgan Sulton Ali mirzoga ham xeshligi bor edi. Bobur
Samarqandda so‘nggi gal g‘alaba bilan borganda va qizilboshlar bilan may ichib yurgan
kunlarida Dildor og‘achaning husnini, xususan, dutor chalib ashula aytgandagi shirin
ovozini yoqtirib qolib, kayf ustida uni haramiga olgan edi. Buning hammasidan xabardor
bo‘lgan Mohim begim Boburning «Hindol ma’rifatsiz tog‘alariga tortmasin, tag‘in!» degan
hadigini tarqatishga intildi:
— Hazratim, Humoyunning ko‘p fazilatlari Hindolda ham bor. Qalbi to‘la mehr.
Ishonamenki, Hindol ham sizga tortgay. Egachingiz Xonzoda begimdan eshitganmen. Siz
ham mana shu yoshda «urush-urush» o‘ynashni behad yaxshi ko‘rar ekansiz.
Bobur yana Hindolga yuzlandi:
— Men senga kitoblar sovg‘a qilsam o‘qurmisen?