www.ziyouz.com kutubxonasi
223
— Shoh Ismoil hazratlari o‘zi muborak iliklari bilan yuborgan bu armug‘onni biz ko‘zga
surgaymiz! — dedi-yu, dastorni ko‘zi aralash peshonasiga tekkizib oldi.
Muhammadjon eshik og‘asining yuzi quvonchdan balqib ketdi:
— Mutashakkiram, podshoh hazratlari, mutashakkiram!
Lekin Boburning bek va mulozimlari orasida, xususan, yaqinda unga kelib qo‘shilgan
mo‘g‘ul beklari orasida hayrat, qo‘rquv va koyinish ohanglariga to‘la bir shovur-shuvur
eshitildi.
Bu g‘ovurdan Qosimbekning rangi oqarib ketdi. Muhammadjon eshik og‘asi esa Boburni
shia mazhabiga o‘tkazib, katta g‘alabaga erishganday shodlanib gapirdi:
— Podshoh hazratlari, biz umid edyurmizki, siz shoh hazratlarining buyuk madadlari ila
yana Samarqand taxtiya chiqqaningizda aziz boshingizda shu muqaddas dastorni
ko‘rishga muyassar o‘lurmiz!
— Tangri bizni siz aytgan baxtiyor kunga yetkizsa, bu dastorni toj o‘rnida kiyurmiz. Shoh
Ismoil hazratlariga shu ahdimizni borib aytgaysiz!
Bu gaplardan so‘ng mo‘g‘ul beklari orasidagi asabiy shovur-shovur yana kuchaydi. Shoh
elchisi esa Boburning dadil odam ekaniga, Shoh Ismoil bilan mustahkam ittifoq tuzish
uchun sunniyparast beklarining har qanday qarshiliklarini yengib o‘tishi mumkinligiga
endi ishondi.
Mana shu ishonch Boburning shoh elchisi bilan ertasi kuni olib borgan muzokaralarini
ancha yengillashtirdi.
Shoh Ismoilning Bobur bilan ittifoq tuzishdan maqsadi — Movarounnahrga u bilan birga
qo‘shin tortib borish va shayboniyzodalarni birga tor-mor qilish edi. Bobur
shayboniyzodalar ustidan g‘alaba qilishni nechoqlik istamasin, Movarounnahrga o‘z
qo‘shini bilan mustaqil kirib borishni istardi. Chunki agar u asosiy g‘alabani o‘zi mustaqil
qo‘lga kiritmasa, vataniga obro‘ bilan qaytolmasligini, yovlari uni «Shoh Ismoilning
nayzasiga minib kirib keldi!» deb malomat qilishlarini sezib turardi.
Bobur Shoh Ismoilning Marvda erishgan g‘alabasi yetarli ekanini, endi ular dam olishlari
kerakligini, shayboniyzodalarni Hisordan, so‘ngra Samarqanddan quvib chiqarishni endi
Bobur zimmasiga olishi kerakligini elchiga qayta-qayta aytib ko‘rdi. Lekin Shoh Ismoil
ham Samarqandga intilmoqda edi, agar uning bu intilishi amalga oshmasa Bobur bilan
ittifoq tuzishning qizig‘i qolmas edi. Elchining gapidan buni sezgan Bobur muzokarani
boshqa yo‘nalishga burdi.
Shoh Ismoilning askarlari tog‘ yo‘llarida qiynalib, minglab chaqirim ortiqcha yo‘l yurib,
Qunduz va Hisorga kelib yurishi ne kerak? Shoh qo‘shini karvon yo‘li bilan Termiz va
Boysun orqali Samarqandga qarab otlansin. Bobur esa hozir Hisorga yaqin turibdi. Bir
hamla bilan Hisorni ko‘chmanchi sultonlar qo‘lidan tortib olishga kuchi yetadi. Keyin u
Samarqandga janub tomonidan yo‘l ochadi va Shoh Ismoilning qo‘shini bilan Shahrisabz
— Qarshi atroflarida uchrashadi.
Mantiqan asosli bo‘lgan bu fikrga shoh elchisi e’tiroz qilolmadi-yu, Boburning taklifini
qabul qildi.
Bobur elchi bilan tuzgan bu bitimni Shoh Ismoilning tasdig‘idan o‘tkazish uchun
Mirzoxonni Tabrizga vakil qilib yubordi-yu, o‘zi Hindikush tog‘ining shimoli-g‘arbiy
etaklariga to‘plangan qo‘shinlarini jangga tayyorlay boshladi.
Bahor oxirlab qolgan kunlarning birida Bobur Qosimbek bilan adir yo‘lidan mo‘g‘ul
beklarining qarorgohlariga otliq ketmoqda edilar. Shunda Qosimbek Boburni yo‘ldan
chetroqqa boshlab chiqib, bir shumxabarni aytdi.
Shoh Ismoil yuborgan shia dastorini Bobur ko‘ziga surib elchiga quyuq va’dalar
berganidan mo‘g‘ul beklari qattiq ranjigan emishlar, uni «choryorlardan voz kechib,
imomiya mazhabiga o‘tdi», deb fitna uyushtirgan emishlar. Bundan besh-to‘rt yil burun