www.ziyouz.com kutubxonasi
317
yubordi.
Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning o‘lim to‘shagida yotganini
ko‘rdi-yu, tug‘yon ichida:
— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qo‘lidan o‘pdi.
— Men... podshohlikni Humoyunga topshirdim... Minba’d hazratim, demang, mavlono.
Munosib ko‘rsangiz... meni ham mavlono deng.
— Biz Navoiyni ulug‘ ijodlari uchun «hazrat Alisher» der edik. Siz turkiy adabiyotimizning
Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida
«Bobur hazratlari» deyishga haqlimiz».
— Minnatdormen, mavlono... Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib ko‘shklar,
oromgohlar barpo etdingiz... Xudo umr bersa men... Samarqanddagi Bibixonim
madrasasidek ulug‘ bir... madrasaning tarhini sizga... chizdirmoqchi edim... Opa-
singillarimizning qadrini boshimizga... ko‘tarsak arzigay...
Mavlono Fazliddin Boburning so‘nggi kuchlarini to‘plab, qiynalib so‘zlayotganini sezdi-
yu, uning fikrini o‘zi davom ettirdi:
— Dono so‘zlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan
mavjud... Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan og‘o maqbarasi bor.
Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zo‘r ekan, hatto sig‘inadigan xudolari orasida ham
ayollar bor... Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi me’morchilik an’analarimizni
Hindistonning eng ezgu ajib an’analariga payvand etib, ayol zotini ulug‘lovchi bir
madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!
Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga bo‘lgan yoshlik mehri zamona zayli bilan
qanday qurbon bo‘lganini esladi-yu:
— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim... insoniylikda tengsizlar!.. Agar
siz orzu qilgan... madrasani qurish bizga nasib bo‘lsa... uni «Xonzoda begim
madrasasi...» deb atasak arzir edi...
Mavlono Fazliddinning ko‘zlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:
— Hazratim, siz hozir mening ko‘zimga muqaddas bir maqsadni ko‘rsatdingiz! Agar bu
maqsadni ro‘yobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo
etib ketgaymen. Toki ular hind me’morlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga
bo‘lgan ehtiromini ulug‘ bir me’morchilik obidasida ifoda etsinlar!
Boburni ter bosdi. Uning harir oq ko‘ylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini ko‘rgan
Tohir bezovtalanib o‘rnidan turdi:
— Mulla tog‘a, hazratimni charchatib qo‘ymaylik!.. Tabib «ko‘p hayajonlanmasinlar!»
deb tayinlagan edi...
Suhbatning tafti chindan ham baland bo‘layotganini endi sezgan mavlono Fazliddin
o‘rnidan ko‘tarildi:
— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..
Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:
— Yana bir o‘tinchim bor,— dedi.— Olamdan ko‘z yumsam... Kobulda o‘zingiz tarhini
chizgan bog‘ bor... Tog‘ tepasida... Abadiy oromgohim... o‘sha Guzargohda bo‘lsin...
Ortiqcha dab-dabasiz... shoirona bir tarh chizing...
Mavlono Fazliddin o‘pkasi to‘lib gapirolmadi. Tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi-yu, ko‘zidan
oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.
Tohir Boburning terdan ho‘l bo‘lgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U o‘zini odatdagiday
osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan
ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda bo‘lsa, Bobur
sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun
bemorning oldidan ketkizmas edi.