www.ziyouz.com kutubxonasi
53
So‘nggi so‘zlar Boburning butun vujudini zirqiratib o‘tdi. Uning qallig‘iga qo‘pol gapirib,
bechorani asiradek azoblayotgan Boysunqur mirzo shunday g‘azabini keltirdiki,
ertagayoq uning ustiga qo‘shin tortib, bostirib borish va qallig‘ini asoratdan qutqarish
istagi Boburning qalbidagi boshqa hamma istaklarini bosib keta boshladi.
Xonzoda begim ukasidagi o‘zgarishni sezib:
— Amirzodam, iloho asiralarni qutqarish sizga tezroq nasib bo‘lsin! — dedi. — Ammo
najotni faqat jangu jadal keltirurmikin? Zaifa egachingizning e’tiqodi shulki, qon to‘kilsa,
adovat kuchayur. Boysunqur mirzo asiralarga battar o‘chakishur. Najot urushda emas,
amirzodam, najot — sulhda!
Begim hayajonlanib aytgan bu so‘zlar Boburning ko‘nglida qo‘zg‘agan boyagi g‘azabni
ancha pasaytirdi. «Sulh» so‘zi qalbiga iliq tuyuldi.
Xonim darhol qizning gapini quvvatlab, o‘g‘liga yuzlandi:
— Boysunqur mirzoga elchi yuboringiz, amirzodam! Oradagi adovatni yo‘qotingiz!
— Boysunqur mirzo zo‘ravonlik qilsin! Men mo‘minlarcha bosh egib elchi yuboray!
Bobur bu gaplarni aytar ekan, uning zo‘rlikka zo‘rlik, zarbga zarb bilan javob berish
istagi naqadar kuchli ekanligi hammaga sezildi. Qosimbek undagi bu istakni qo‘llab-
quvvatlashga tushdi:
— Xonim hazratlari, hozirgi zamonda zo‘ravonlikka mo‘minlik mutlaqo rost kelmas.
Zo‘rlar orasida zo‘r bo‘lmoq kerak! Alhol, Shayboniyxon Samarqandga shimoldan ko‘z
tikmishdir. Hisor hukmdori Xisravshoh iloj topsa, Samarqandga janubdan chang
solg‘usidir. Boysunqur mirzo — noshud tojdor. Poytaxtni ertami-kechmi boy bergay.
Agar Bobur mirzo Samarqandni tezroq egallamasalar, bobolaridan qolgan saltanat
begona sulola ilkiga o‘tib ketgusidir. Xudo ko‘rsatmasin, agar Shayboniyxonmi,
Xisravshohmi — birontasi Samarqandni zabt etsa, kuch-qudrati oshib, tez kunda Andijon
ustiga ham qo‘shin tortib kelgusidir...
— Axir barcha temuriylar birlashib ittifoq tuzsalar bo‘lmasmi? — dedi Nigor xonim
kuyunib.
— Barcha temuriylarning parokanda kuchlarini yig‘ib birlashtirmoq uchun ham qudrat
kerak. Iste’dod kerak! Boysunqur mirzoga o‘xshaganlarda na unisi bor, na bunisi.
Movarounnahrdagi temuriylar orasida eng sohibiste’dod, sohibqudrat siymo — Bobur
mirzodirlar. Shuning uchun biz jonimizni amirzodam ko‘zlagan ulug‘ maqsadlar yo‘liga
tikkanmiz. Inshoollo, Samarqandni bu yil zabt etsak, xavf-xatarlar bartaraf bo‘lg‘ay. Ana
undan keyin chinakam osuda davr kelur, har qancha binolar qursak oson bo‘lur.
Xonzoda begim Qosimbekka tikilib so‘radi:
— Xullas, volidai muhtaramamizning iltimoslari rad etilurmi?
Qosimbek qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, bosh egdi:
— Qulingizning gustoxligini avf eting, begim, men amirzodamning ijozatlari bilan dilimda
borini so‘zladim.
Bobur arosatda qolib qiynalar edi. Onasi shunchalik ishontirib aytgan haqli iltimoslarni
rad etishga uning tili ham bormas, ko‘ngli ham chopmas edi. Ammo Qosimbek uning
qalbida shunday tug‘yonli hislar qo‘zg‘adiki, ulardan qutulishning ham iloji ko‘rinmay
qoldi. Agar u Samarqanddan voz kechsa, narigi zo‘ravonlar poytaxtni olishi, keyin
Andijonga bostirib kelishi muqarrar ekani, unga hozir juda aniq sezilmoqda edi. Butun
Movarounnahrda urush girdobidan qochib qutuladigan biron viloyat ko‘ziga ko‘rinmas.
Bobur qashqirlar qurshoviga tushib qolgandek bezovtalanar edi. Onasining: «Sulh
tuzing, binokor bo‘ling!» — degani «kiyikday beozor yashang» degani edi. Lekin Bobur
yirtqichlar orasida kiyik bo‘lib kun ko‘rolmasligini ich-ichidan his qilar, shuning uchun
atrofini qurshab kelayotgan bo‘rilar bilan sher bo‘lib olishishni istar edi. Buni sezib
turgan Qosimbek munozarani ortiq cho‘zib o‘tirgisi kelmadi.