www.ziyouz.com kutubxonasi
55
Odatga binoan, bu behisob qo‘y va yilqilarning beshdan biri podshoh ixtiyoriga o‘tar,
qolgan to‘rt qismi hamma bek va mulozimlarga taqsimlanar edi. Shuni bilgan beklar
go‘yo osmondan tushayotgan bu katta boylikka qarab sevinchlarini yashirolmas edilar.
Bobur otini tog‘dan kelayotgan askarlar tomonga burib, jilovini bo‘shatdi. Bedov ot
qushday uchib bora boshladi. Boshqalar ham Boburning ketidan ot choptirib ketdilar. Bir
qir o‘tib, ikkinchisiga ko‘tarilganlarida, narigilar ham bularni ko‘rib, burilib kela
boshladilar. Bobur baland bir joyda otini to‘xtatdi.
Askarlarning oldida kelayotgan Ahmad Tanbal zirhli kiyimda edi. Yelkasi va ko‘kragini
yopib turgan jibaning temiri oftobda yiltirardi. Uning bo‘yniga yoy o‘qi tek-kan, yarador
joyini yashil mato bilan bog‘lab olgan edi. O‘zi ozib, mo‘g‘ulcha yonoqlarining suyaklari
yana ham bo‘rtib chiqqan. U Boburdan ellik qadamcha narida otdan tushib, qo‘l
qovushtirib keldi-da, yer o‘pib yukundi:
— Mirzo hazratlariga yog‘iylik maqomida bo‘lgan chagraklar o‘lpon to‘lashdan bosh
tortganlari uchun o‘n olti ming qo‘ylari, ikki yarim ming yilqilari jarima tarzida tortib olib
kelindi!
— Chopqin talafotsiz bo‘ldimi?
— Mirzo hazratlari, bizning uch yigitimiz halok bo‘ldi, o‘n kishi yaralandi. Ammo biz
yog‘iylardan buning qasdini oldik!
Ahmad Tanbal oldingi safda turgan yigitlaridan biriga ishora qildi. Ayiqtaxlit, qo‘pol bir
yigit egarining ustida do‘mpayib turgan xurjunni oldi-da, podshohga yaqinlashdi.
Olachadan tikilgan xurjunning hammayog‘i qon edi. Ayiqtaxlit yigit Ahmad Tanbalning
ishorasi bilan xurjunning har ikki ko‘zini to‘ldirgan narsani yerga ag‘dardi. O‘n-o‘n beshta
odam kallasi ko‘katlar va lolaqizg‘aldoqlar ustiga yumalab tushdi. Bobur kallalarni
ko‘rgan zahoti: «Chagraklar ham bizning odamlarga o‘xshar ekan-ku!» degan o‘ydan eti
junjikib ketdi. Chorvador turkiy qabila bo‘lgan chagraklar ham Boburning vatandoshlari
ekanligiga, hammalari bir el, bir ulusdanligiga uning ishongisi kelmas edi. Chunki
chagraklar uning hukmiga bo‘ysunmas, yuborgan kishilarini qo‘lda qilich bilan qarshi
olishardi. Mana endi o‘zlari qilichning tig‘idan o‘tib, boshlari oyoq ostida ag‘anab yotibdi.
Bu jonsiz boshlardan birining soqoli yo‘q, ko‘k-sarg‘ish yuzi silliqqina, mo‘ylovi endi chiqa
boshlagan. Bobur uning o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli yigit bo‘lganini payqadi-yu, engagi
tagidan kesilgan go‘sht aralash qonli bo‘yniga qarab, ko‘ngli birdan behuzur bo‘ldi.
Yordam so‘raganday, o‘ng tomonidan turgan Qosimbekka qaradi.
Sulton Ahmad Tanbal ham, uning otliq askarlari ham Boburdan maqtov va mukofot
kutmoqda edilar. O‘n olti ming qo‘y, ikki yarim ming yilqi hazilakam boylik emas edi.
Uch yigit o‘lgan bo‘lsa, ularning qasdiga o‘n besh-yigirmata yog‘iyning boshini kesib
kelish ham shu turganlarning odatiga binoan mardona ish hisoblanar, buni
taqdirlamaslik esa adolatsizlik sanalar edi.
Qosimbek Boburning yuzi oqarib ketganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Uning fikricha, kesik
kallalar Boburga bunchalik ta’sir qilmasligi kerak edi. Bultur Samarqand urushida yosh
podshoh bunday boshlarni ko‘p ko‘rgan edi. Odatda: «Falonchi yuzta yog‘iyni o‘ldiribdi»,
deb quruq maqtasalar uncha ishonarli bo‘lmaydi, chunki ozgina ishni ko‘p qilib ko‘rsatib,
lof uradigan bek va navkarlar ham bor. Jangchining xizmati ishonarli bo‘lishi uchun
o‘ldirilgan dushmanlarining boshini kesib kelib hisob berish eskidan odat tusiga kirgan.
— Amirzodam, — deb shivirladi Qosimbek. — Qulingiz so‘zlayinmi?
Bobur tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Qosimbek yuzini Boburga yaqinroq keltirib, yana
eshitilar-eshitilmas qilib so‘radi:
— Mukofotiga qilich bersak... Rozimisiz?
Boburning yarog‘bardori olib yurgan tig‘lar orasida yoyday egik katta bag‘dodiy qilich bor
edi, Bobur bir-ikki marta taqqanda juda og‘ir tuyulgan edi. Boburning nigohi shu qilichda