www.ziyouz.com kutubxonasi
57
boshlagan Ahmad Tanbal ovozini xiyol ko‘tarib.
Uning bu so‘zlari Boburning qulog‘iga ham chalindi. Bugun tog‘dan haydab tushilgan
behisob qo‘y va yilqilar saroy ahlining Samarqandga yurish qilish ishtiyoqini yana ham
oshirib yuborgani Boburga tobora aniq sezilmoqda edi. Ilgari ham ularning bu
ishtiyoqlariga qarshi borish qiyin edi. Ammo hozir bek va navkarlarning Samarqandga
intilishi — tog‘ daryosining yuqoridan pastga qarab otilishiga o‘xshardi. Bu daryoni
orqaga qaytarish hech kimning qo‘lidan kelmasdi...
____________
* M a v k a b — podshoh va uning barcha a’yonlari, yaqinlari.
* H a f t k o r — yetti xil rang.
6 Oqish suvli jo‘shqin Burasoy O‘sh qal’asining tosh yotqizilgan poydevoriga bosh urib,
ko‘pirib o‘tadi. Soyning o‘ng betidagi serdaraxt mahallada mavlono Fazliddin bulturdan
beri istiqomat qilayotgan peshayvonlik mo‘’jaz bir uy bor. Uning oldidagi besh-oltita nok
va behi daraxtlari hozir oppoq bo‘lib gullab turipti. Hovlining chetidagi bostirmaga ikkita
ot bog‘lab qo‘yilgan. Berigi yoqdagi oyoqlari uzun to‘riq qashqa otni anjomlari bilan
Bobur mirzo in’om etgan edi. Mavlono Fazliddin podshohning xos me’mori qilib
tayinlangan, unga yaxshigina ulufa* belgilangan edi. Buning hammasidan mavlono
Fazliddin o‘zida yo‘q xursand bo‘lib yurgan edi. Biroq keyin ba’zi bir noxush xabarlarni
eshitib, ko‘ngli g‘ash torta boshladi.
Mavlono Fazliddin Andijonda qurmoqchi bo‘lgan katta imoratlarini shu bu yil yozdayoq
boshlash orzusida edi. Bobur mirzo ko‘rsatgan marhamatlar bu orzuning ro‘yobga
chiqishiga yo‘l ochganday bo‘lgan edi. Hatto Bobur mirzoning o‘zi uni borgohda qabul
qilib, qanaqa madrasa, qanday xonaqoh va kutubxonalar qurish haqida gaplashgan,
mavlononing bu haqdagi takliflarini ma’qullagan, «Xonzoda begim biz yo‘g‘imizda
mutasaddi bo‘lurlar, rejalarni butun tafsilotlari bilan tuzib, begimga ko‘rsatursiz», degan
edi. Ish ustida yana Xonzoda begim bilan uchrashishini o‘ylaganda, mavlononing qalbida
qo‘rquv aralash shirin bir hayajon qo‘zg‘alar edi.
Biroq Bobur yaqinda yana Samarqandga qo‘shin tortib bormoqchi ekanligi, davlatning
butun kuchi shunga ketib, qurilishlar noma’lum vaqtga kechiktirilishi ma’lum bo‘ldi. Agar
Bobur Samarqandni ololmay, urushda yengilsa, unda mavlononing barcha orzulari o‘z-
o‘zidan puchga chiqadi. Agar Bobur Samarqandni olsa, tabiiy, o‘sha yerda podshoh bo‘lib
qoladi. Keyin u Farg‘ona vodiysida katta qurilishlar qiladimi, yo‘qmi? Odatda, podshohlar
qayerni poytaxt qilsalar, o‘sha yer ko‘proq obod bo‘ladi. Andijon yana poytaxt bo‘lishi
gumon. Demak, mavlononing bu yerda qilmoqchi bo‘lgan ishlari, barcha rejalari qum
ustiga qurilganday omonat.
Hozir ayvonda eski handasa va riyoziyot kitoblarini titkilab, kerakli bir jadvalni
axtarayotgan mavlono mana shu narsalarni o‘ylab, ta’bi tirriq bo‘lmoqda edi.
Bir payt darvoza ustma-ust taqilladi. Bostirmada otlarning tagini tozalayotgan keksa
xizmatkor yog‘och kuragini devorga suyab qo‘yib, darvozaga qarab o‘tdi. Birpasdan
so‘ng xizmatkor ayvonning oldiga qaytib keldi-yu:
— Mavlono, bir kimsa huzuringizga kirmoqchi.
— Kim?
— Kiyimi uvada, o‘zi bahaybat bir yigit. «Jiyanlari bo‘laman», dedi, ammo men sizdan
beruxsat kirgazmadim.
— Jiyanim? Shoshmang-chi! — deb, mavlono o‘rnidan turdi. Yalang oyog‘iga charm