Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon Mushafi tarixi
www.ziyouz.com kutubxonasi
23
jumhuriyatiga qaytarish to‘g‘risida talabnoma topshirdi. Shundan so‘ng Mushafi Usmonni
Turkistonga qaytarish to‘g‘risida 1923 yil 25 iyunda Oliy Sovet ijroqo‘mining qarori
chiqdi. O’sha paytlarda Ufa diniya nazorati Rusiyadagi barcha musulmonlarning umumiy
markazi deb e’tibor qilinar edi. Shu mavqe’idan foydalanib Mushafni olib qolmoqchi
bo‘lgan diniya nazorati, hukumat qabul qilgan qaror asosida, oxiri, bu ishga rozilik
bildirdi.
1924 yil avgust oyida Islom jamiyati raisi Shayx Muhammadxo‘ja muftiy, Zahiriddin
a’lam, hukumat vakili Saidqosim Xo‘jaev va boshqalar Ufa diniya nazoratiga borib,
Mushafi Usmonni qabul qilib oldilar. Mushafni olib ketishda ularga Tataristonning ulug‘
ulamolaridan hazrat, shayx Rizouddin Faxruddin, shayx Abdulloh Sulaymoniy, shayx
Abdurrahmon va boshqalar hamrohlik qildilar.
Mushaf maxsus vagonga ehtirom bilan olib chiqildi. Musulmon askarlardan tuzilgan
faxriy qoravul vagonning chor atrofida turib keldi. Barcha shaharlarga bu haqda
telegrammalar yuborildi. Temir yo‘lning Toshkentgacha bo‘lgan masofasida poezd qaysi
bekatlarda to‘xtashi barcha gazetalarda e’lon qilingan edi. Har bir bekatda yig‘ilgan
erkagu ayol musulmonlar poezd uzoqdan ko‘rinishi bilan to to‘xtagunga qadar uni takbir-
tahlillar bilan kutib oldilar. Poezd to‘xtagach, xalq orasidagi eng mu’tabar kishilardan bir-
ikkitalariga maxsus vagonga chiqib Mushafni ziyorat etib tushishga izn beriladi. Atrofdagi
musulmonlar Mushafni ko‘rib, maxsus sandiqni o‘pib, ziyorat qilib chiqqanlarning
qo‘llarini o‘pib, boshlaridan tavof qiladilar. Ko‘plar vagonga qo‘llarini tekkizib, yuzlariga
siypar edilar. Hatto, bu xabarni eshitganlar, ayniqsa, Qozog‘iston cho‘llarida yashovchi
musulmonlar temir yo‘l yonlari bo‘ylab oq o‘tovlar tikib, poezdni bir necha kunlab
kutganlar. Bayramona kiyimlardagi son-sanoqsiz otliqlar poezdning ikki tomonidan
dashtu cho‘llar bo‘ylab uzoq-uzoq manzillargacha ot choptirib kuzatib qo‘yishardi. Duoga
ko‘tarilgan qo‘llar, olqishlar dillarni larzaga soladi, har bir musulmon uchun bir umr bo‘yi
eslagulik, unitilmas lahzalar edi. Rasulullloh zamonlaridan qolgan merosga ehtirom shu
qadar yuksak bo‘ldi.
Poezd shunday izzat-ikromda Toshkent shahriga kirib keldi. Vokzal behisob
musulmonlar bilan to‘lgan edi. Oq sallali, soqollari ko‘ksiga tushgan nuroniy ulamolar,
tabarruk otaxonlar xaloyiq orasidan peshvoz chiqadilar. Atrofdagi ming-minglab yoshu
qari, erkagu ayol musulmonlar ulardan nigohlarini uzmay qarab turardilar. Mushafi
sharifni boshlari uzra ko‘tarib chiqqanlar ko‘zga ko‘ringandanoq, barcha bir ovozda
«Allohu Akbar! Allohu Akbar!...» deya, takbir aytib yuboradi. Uning sadosi butun
vokzalni larzaga keltiradi. Odamlar ko‘zidan quvonch yoshlari oqar, ular dil hayajonlarini
bosa olmas edilar. Alloh taoloning Kalomi sharifiga nisbatan e’tiborning naqadar
buyukligi shunday namoyon bo‘ldi. Mushafi Usmoniyning uzoq yillik, ya’ni 50 yillik
g‘ariblik safaridan yana O’zbekiston zaminiga qaytarilishi voqeasi 1924 yil 18 avgustda
nihoyasiga yetdi.
Mushafni navbatma-navbat boshlarida ko‘targanlaricha Islom jamiyati qoshidagi
katta jome’ masjidga (Ko‘kaldosh madrasasi yonida) keltirib, maxsus tayyorlangan
xonaga qo‘ydilar. U yerda mushaf ziyorati bir yilga yaqin davom etdi.
Mushafning qaytib kelishi munosabati bilan bir necha anjumanlar o‘tkazildi. Unda
ulamolar, hukumat arboblari va qo‘shni o‘lkalardan kelgan vakillar qatnashib, tabrik
so‘zlari so‘zladilar va yangi hukumatning xalq bilan bo‘ladigan aloqalari xususida
ma’ruzalar qildilar.
Mushafni qaytarishga sa’yi ko‘shish qilganlardan o‘sha paytda Turkiston “Islomiy
sho‘ro jamiyati” ning raisi bo‘lgan va Sovet hukumati nazdida katta obro‘ga ega bo‘lgan
shayxul-islom To‘raxon Maxdum Xo‘qandiy (1341 hijriy yilda Afg‘onistonda vafot etgan)
bilan bir qatorda janob Murod qori Usmon Xo‘jaboy Toshkandiy o‘g‘lini ham zikr qilish
Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi. Shayx Ismoil Maxdum