Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon Mushafi tarixi
www.ziyouz.com kutubxonasi
31
ham mumkin emas. Uni kitoblarida unutib qoldirgan bo‘lishlari ham mumkin emas,
chunki Koshifiy «Silsilatul-Orifin» kitobida shayx Muhammad qozi zikr qilmagan Xo‘ja
Ahrorning tarixlari va hayotlariga oid narsalarni ham o‘z kitoblariga kirg‘izganlar. Bundan
kelib chiqadiki, Mushaf Xo‘ja Ahrorning vafotlaridan keyin u kishining masjidlariga
qo‘yilib, u ana shu zotga mansub, deyilgan. Shuningdek, Mushafni Istanbuldan olib
kelgan murid qissasi to‘qib chiqarilgan. Qaffol Shoshiyning Mushafni Bag‘doddan olib
kelishlari qissasi hammaga ma’lum bo‘lganidan, Xo‘ja Ahror Valiyni u kishining
merosxo‘r avlodlaridan va Xo‘ja Ahror Mushafni Toshkentdan Samarqandga olib
ketganlar, degan rivoyat ham shu jumladandir. Agar bu rivoyatlar to‘g‘ri bo‘lganda,
yuqorida zikr qilingan ikki zabardast shayx Xo‘ja Ahrorning hayotlik paytlarida yozgan
o‘z kitoblarida, albatta, zikr qilgan bo‘lur edilar. Mushafni Bag‘doddan Qaffol Shoshiy olib
kelganliklari to‘g‘risidagi xabar ham haqiqatdan uzoq.
Yettinchi. «Samariyya»dagi rivoyat muqaddam zikr qilingan Ibn Qutaybaning
rivoyatiga mos tushadi.
Sakkizinchi va to‘qqizinchi. Bu ikki rivoyat Samarqand Mushafining chet el
matbuotida Usmon Mushaflarining biri, deb mashhur bo‘lganligiga dalolat qiladi.
Aziz o‘quvchi, bu rivoyatlarni diyorimizda saqlanayotgan Mushafning turli yurtlarga
yuborilgan Usmon Mushaflaridan biri ekanligiga sizni qanoatlantirish uchun xizmat
qiladigan dalil va farazlar sifatida hikoya qilib berdik. Biz uni xuddi Usha Bosh Mushaf,
deb da’vo qilmadik. Chunki, bunday da’voni isbotlash uchun aniq hujjat va dalil kerak
bo‘ladi. Biz uchun uning har xil yurtlarga yuborilgan Usmon Mushaflarining biri ekanligini
isbotlashning o‘zi kifoya. Chunki, o‘sha olti yoki yetti Mushaflarning birbiridan farqi yo‘q
va biri ikkinchisiga nisbatan imtiyozli emas, balki, ularning hammasi barobar hazrati
Usmon (r.a.)ga mansubdir.
Biz o‘z da’vomizni isbotlashda mazkur rivoyatlar bilan chegaralanib qolmaymiz.
Balki, Mushafi sharifning yozuvida, harflarining shaklida va uni yozilgan matoda
fikrimizga dalil bo‘luvchi holatlarni ko‘ramiz. Jumladan, u hijriy I asrning birinchi yarmida
rivojlangan xat san’ati va ziynatlardan xoli bo‘lgan, sodda xatda yozilgan. Shuningdek, u
67 hijriy sanada Abul Asvad Ad-Duvaliy shaklni farqlash uchun ishlab chiqqan qizil
nuqtalardan ham xolidur.
Buning ustiga Mushaf kiyik terisiga yozilgan. Terining ishlatilishi o‘sha paytda qog‘oz
bo‘lmaganligidan dalolat beradi. Bu esa o‘z navbatida Mushaf II hijriy asrda, Xuroson
qog‘ozi paydo bo‘lmasdan oldin yozilganligiga dalolat qiladi. Yana unda Hajjojning
farmoni bilan Nasr bin Osim Laysiy ishlab chiqqan qora nuqta va belgilar ham yo‘q. Bu
esa Mushafning hijriy 80yillardan oldin yozilganligini isbotlaydi. Chunki, Nasr bin Osim
89 hijriy yilda, Basrada vafot qilgan. Mushafi Usmoniyning yozuviga taalluqli xabarlar
muqaddam bayon qilindi. Mana shu ilmiy-tarixiy izlanishlar Mushafning hijriy I asrning
avvalgi yarmiga mansubligidan dalolat beradi. Demak, mana shu sana bilan Usmon
Mushaflarining har xil yurtlarga yuborilish sanasi orasida ozgina farq qoldi.
Bu bilan biz Xulofoi Roshidinlar zamonasiga yaqinlashib, Mushafning ana shu davrga
oidligini belgilasak va bu ma’lumotga diyorimizda mashhur bo‘lgan Mushafning hazrati
Usmonga mansub ekanligi to‘g‘risidagi asrlar osha kelayotgan naqlni birlashtirsak
(chunki mansublikni inkor qiladigan quruq gapdan boshqa hech qanday muhim dalil
yo‘q) hech shubhalanmasdan, bizning Mushafimiz Usmon Mushaflaridan biri, deya
olamiz. Isbot qilguvchi inkor qiluvchidan muqaddamdur, deyilgan. Vallohu a’lam.
Shunday qilib, ushbu kitobda jam qilmoqchi va aytmoqchi bo‘lgan gaplarim
nihoyasiga yetdi. Ishlarimning ko‘pligidan, vaqtim yetishmaganligi tufayli, bu ulug‘
vazifani maqomiga yarasha bajarish uchun kerakli manba’larga va ilm buloqlariga yetarli
darajada murojaat qila olmaganim uchun uzr so‘rayman.
Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi. Shayx Ismoil Maxdum