Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon Mushafi tarixi
www.ziyouz.com kutubxonasi
29
zotdurlar. Yurishlarini “Qarocha” degan joygacha davom ettirganlar.
8) Bu rivoyat Bayrutdagi “Andalus” nashriyotida bosib chiqarilgan Ibn Kasirning
“Fazoilul Qur’on” nomli kitobining hoshiyasiga yozilgan. Unda Rusiya podshohlari qo‘lida
bo‘lgan Usmon Mushafi bolsheviklar tomonidan Buxoro amiriga tuhfa qilingan deyiladi.
Tuhfa qilishdan oldin Mushafdan fotografiya asboblari yordamida nusxalar olingan, deb
yoziladi mazkur manba’da. Ammo, Mushafning asli yo‘lda yo‘qolib, amirga yetib
kelmagan, deb xabar beriladi.
9) Rivoyatlarning yana birini Umar Rizo hazratlari o‘zlarining “Mal-Qur’on” nomli
kitoblarida zikr qilganlar. Islom olamida mavjud bo‘lgan Usmon Mushaflarini birma-bir
sanab o‘tib, Umar Rizo quyidagilarni aytadilar: “Xuddi shunday Mushaflardan biri 1904
yilda Buxorodan Moskvaga olib ketilib, bir muddat o‘tgach, yana Buxoroga qaytarilgan
edi. Bolsheviklar Turkistonda hokimiyatni qo‘lga olganlaridan keyin, uni ikkinchi marta
yana Moskvaga olib ketdilar. Lekin musulmonlarning uni qaytarish uchun qilgan sa’yu
harakatlari va jiddu jahdlari muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Aytishlariga qaraganda bu
nusxa Abu Bakr Shoshiy tomonlaridan olib kelingan bo‘lib, keyinchalik Xo‘ja Ahror Valiy
qabrlari yoniga qo‘yilgan emish. Bolsheviklar uni o‘sha yerdan olganlar, deyishadi”.
Shu narsaga e’tibor qilingki, aziz o‘quvchi, Umar Rizo zikr qilgan rivoyat ham,
“Fazoilul Qur’on” hoshiyasiga yozilgan xabar ham shuningdek, professor Subhi Solihning
“Al-Mabohis” kitobida yozgan va biz yuqorida zikr qilgan “Mushaf keyinchalik Angliyaga
olib ketilgan” degan fikrlari ham juda chalkash xabarlardir. Haqiqatga eng yaqini biz
hikoya qilib bergan Mushafning Samarqanddan Peterburgga olib ketilishi va keyin
Toshkentga qaytarib olib kelinishi haqidagi rivoyatdir.
Muhtaram kitobxon, biz sizga eshitganlarimizni hammasini ma’lum qildik. Mushafi
sharifning asli va uni qay yo‘sinda bizga yetib kelgani haqidagi o‘qigan rivoyat va
xabarlarimizni naql etdik. Ular to‘qqiz rivoyatdan iboratdir. Endi ularning har biri
to‘g‘risida alohida so‘z yuritib, nimaga dalolat qilishligi to‘g‘risida ta’liq (tushuntirish)
beramiz.
Birinchi. Ibn Qutaybaning Mushaf Tus shahrida ekanligi haqidagi xabariga
“Samarqand tarixi”dagi Usmon (r.a.)ning kuyovlari Said Mushafni 54 hijriy sanada
Samarqandga olib kelgan, degan rivoyatni bog‘lab, Mushaf o‘sha paytdan beri
Samarqandda bo‘lgan desak, to‘g‘ri da’vo qilgan bo‘lamiz. Bu fikrni Imom Molikning:
“Bosh Mushaf “Xonadon voqe’asi” dan keyin Madinadan g‘oib bo‘lgan va men uning
haqida hidoyat murshidlaridan bironta ham xabar eshitmadim”, degan gaplari ham
quvvatlaydi.
Ikkinchi. Muhammad Amin Xonjiy “Manjamul-Umron» kitobida Ibn Batutaning
Basrada Hazrati Usmon Bosh Mushafini ko‘rganligi haqida zikr qiladi. Bu Mushaf
keyinchalik Samarqandga, undan so‘ng Peterburgga olib ketilgan, deyiladi. Mushafni
Basradan Shomni istilo qilgan Amir Temur olib ketgan.
Ibn Batuta o‘zining “Tuhfatun-nuzzor” kitobida, Shom mamlakatlariga qilgan
ziyorati chog‘ida Damashqdagi Umaviylar jomi’ida kufiy Mushafni ko‘rganligini va yana
bir shunday Mushafni Basrada hazrati Ali(k.v.) masjidlarida ko‘rganligini yozadi.
Damashqdagi Mushaf Temur istilosi paytida yonib ketgan, Basradagisi esa Samarqandga
olib ketilgan. Bu fikrga rus olimi Shebunin o‘zining «Kufiy Qur’on» nomli kitobida ham
moyillik bildiradi. Ibn Batutaning Shom mamlakatlariga qilgan ziyorati Amir Temur
yurishlaridan avval bo‘lgan edi. Ko‘rinib turibdiki, bu yerda hech qanday chalkashlik
yo‘q.
Uchinchi. Tarixchilarning O’rda xonlari va Misr sultonlari orasida vujudga kelgan
aloqalar, ularning bir-birlariga qimmatbaho, nihoyatda qadrli hadyalar berib turganliklari
haqidagi xabarlari mavjud. Hadyalar orasida Usmon Mushafi ham borligi zikr qilinadi.
Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi. Shayx Ismoil Maxdum