www.ziyouz.com kutubxonasi
22
tez tiklay oladigan va eng asosiysi – g‘ayriinsoniy bunday mavjudotlar o‘lka harbiy qudratini misli
ko‘rilmagan darajada orttirishi turgan gap edi, shu bois, muvaffaqiyatli yetishib chiqqan sun’iy
odamning tajribaxonani osonlikcha tark etishi «Fir’avn»ni qattiq tashvishga qo‘ydi, boz ustiga, boshqa
mamlakatlarning jangovar uchoqlari ham tanuv belgilarini yashirgan holda mazkur mamlakat hududiga
kirib kelmoqda edilar, mabodo ulardan birontasi barhayot kishini qo‘lga olsa bormi, u holda insonni
mukammallashtirish yo‘lidagi barcha yutuqlar va shunga bog‘liq kuch-qudrat boshqalarning qo‘liga
o‘tib ketishi mumkin edi. Gobiga bir emas, bir nechta harbiy mashina yuborilishining va har qanday
sharoitda ham u odamni topishga buyruq berilishining sababi mana shunda edi. Havo hududiga begona
jangovar uchoqlarning kirib kelishi esa favqulodda holat bo‘lib, mabodo barhayot odam boshqalarning
ixtiyoriga o‘tib ketsa, u holda begona uchoqqa qarata o‘t ochish va yo‘q qilishga buyruq berilgan edi.
Uchoqlar hozir «havo-er» rusumidagi raketalar va termik bombalar bilan qurollangan, bundan tashqari,
yetti mingta elektromagnit o‘q zahirasi bilan katta kalibrli pulemyotlar ham ularning tumshug‘ida
tahdidli osilib turar, bularning bari bittagina emas, minglab kishilarning kulini ko‘kka sovurishga
yetadigan bemisl qudratga ega edi.
Aksiga olib, Gobi uzra qumning junbishi kutilmoqda, Atlantikadan kelgan havo oqimi tobora
shiddatlanib, sahroda qum bo‘ronlarini hosil qilmoqda edi. Bu holat jangovar vazifani amalga
oshirishni og‘irlashtirardi, dunyodagi hech bir kuzatuv qurilmasi hali qum bo‘roni ostidagi nishonni
kuzata olish qobiliyatiga ega emas, buning ustiga, qumlar uchoqlar uchun ham jiddiy xavf tug‘dirardi –
«Fir’avn», uchoqlarning bo‘ron hududiga kirmasligiga va bo‘ron shiddatlanguniga qadar ishini
bitirishiga umid qilayotgan edi.
Hozir infraqizil, radar hamda neytron monitorlarida Osiyo cho‘llari uzra «Vahshiy»larning
sharpalari ko‘rinib turardi, ular xuddi burgut misol shovqinsiz va tez, o‘zaro bir xil masofada va bir xil
tezlikda uchib borar, ulardan taxminan ikki yuz mil masofadagi begona harbiy uchoqlar ham shu
hudud sari katta tezlikda yo‘nalmoqda edilar.