www.ziyouz.com kutubxonasi
37
– Sarxush bo‘lib qolibsiz, Gvido, – deb kulimsiradi yosh bir boyon, u tilla zanjir taqib olgan,
yonidagi sohibjamol esa tilladan ham tovlanuvchanroq va bashangroq edi. – Lekin ajoyib so‘zlar,
buning uchun yana bitta qadah ko‘tarsak arziydi!
Bonatti, qalbidagi bezovtalikni may bilan bosish o‘rniga, anavi noma’lum aktyorning ortidan
tezroq borib-to‘xtatib, bu so‘zlarni qaydan olganini so‘ragisi keldi, biroq nimagadir fikridan qaytdi,
birdaniga unga pesa ham, aktyor ham bema’ni bo‘lib tuyuldi, shasht bilan surohiyni oldi-da:
– Ha, jin ursin, hardamxayol bo‘lib qolyapman shekilli, – dedi g‘o‘ldirab. – Quyaqoling, azizim
Rotshild!
– Men Rotshildlardan emasman, – deb e’tiroz bildirdi boyon, shunda Bonatti uning hecham
frantsuz yahudiylaridan emasligini, balki norveg yoxud shved ekanini ko‘rdi, yonidagi sohibjamol ham
allaqayga g‘oyib bo‘lgan, o‘rnida baqaloq bir odam o‘tirardi.
Gvido surohiyni bir ko‘tarishda bo‘shatdi.
– Qoraxayol.... qoraxayol... – deb g‘o‘ldiradi u va yana bir marta «Jin ursin!» deb xitob qildi, biroq
uning bu qichqirishi bo‘g‘zidan tushunarsiz g‘o‘ldirash bo‘lib chiqdi, oromkursining yog‘och taxtasiga
bosh qo‘yganida parqu yostiqdan ham yumshoq tuyuldi, u tamomila mastlik uyqusiga cho‘mdi...
mastlik uyqusi aro esa burjlarning g‘aroyib bir tarzda uchburchak hosil qilganini ko‘rdi, yetti yulduz
bir yerda g‘uj bo‘lib olgan, sakkizinchi yulduzni yer edilar... «yulduz yulduzni ham yer ekanmi», deb
hayron bo‘ldi u uyqu aro, hamda yetti yulduzning to‘planishi falokatdan, zilziladan yoxud bo‘ron yaqinlashishidan darak ekani esiga keldi... uning aqli shu yerda sahna chirog‘i kabi o‘chdi va o‘zi ham
mastlik zulmatiga tamomila sho‘ng‘ib ketdi... sahnadagi nur tolasi... noma’lum odam... yaqinlashayotgan bo‘ron... UCHINCHI QISM BOENG DREAMLINER.