www.ziyouz.com kutubxonasi
36
Siz sahro va cho‘llarda gunohlarini yelkasiga ortib olganlarning timsoli monand bir maxluqni
ko‘rmadingizmi? Ro‘zi mahshar kunida uning qay ko‘rinishda bino bo‘lishining xabarini qaydan
bilaqoldingizki, shu ahvolingizda masxaralab, meni ham, uni ham o‘zingizdan past ko‘rmoqdasiz?
Ummon bag‘rida yashovchi yana bir maxluqni ko‘rmadingizmi? Ularning yuztasini yorsangiz ham
ichi bo‘m-bo‘sh chiqadi, biroq ba’zilarining ichidan siz maqtanib-gerdayadiganingiz marvarid donasini
topasiz! U maxluqlar shunday ko‘rinishda hamda bunday fe’lu atvorda behudaga yaratildi, deb
o‘ylaysizmi?
Bu dunyoni ma’lum vaqtga qadar kezib yurishga mahkum ekanim sizni adashtirdiyu olamning bir
kuni chang-to‘zonga aylanib ketishini bilaturib, menga mangu deb nom beryapsizmi? Iblis sizga turli
nayranglar ko‘rsatib, turli narsalarni ko‘zingiz oldida rango-rang jilvalantirib hiylalar qiladi. Men
yuzlab yillardirki, yurgan yo‘limda Parvardigorimga iltijo qilib gunohimni kechirishini so‘rab
yolvoraman, yulduzlar uchgan kechalarda, qahratonning sovuqlarida, shamol va bo‘ronlarda tavba-
tazarru qilaman. Shu holimcha, butun turish-turmushim bilan Uning oliy hukmining va haqiqatining
bir timsoliman. Tangrim o‘zining mutlaq adolati bilan kimlarnidir butun insoniyatga yaxshilik va
to‘g‘rilik ramzi qilib qo‘ygan bo‘lsa, men Oliy Haqiqatga qo‘l ko‘targanlarning ramziman. Agar O‘zi
istasa, meni o‘sha ummon maxluqining ichidagi fikrlovchi qum zarrasi yoxud gunohlarini ortib
yuruvchi maxluqning yelkasidagi mutafakkir tosh shaklida yaratib qo‘ya olmasmidi?
Siz Tangri taoloning qudrati va ilmi nima ekanini qaydan bilaqoldingizki, barcha narsani o‘rab-
chirmab, boshqa bir narsaning ichiga tiqib tashlashidan yoki istasa, butun shu ko‘klaru samolarni siqib-
g‘ijimlab, mayda qum shakliga keltirib qo‘ya olishidan cho‘chimadingiz? Bir qurt kelib, ko‘z
o‘ngingizda kafanga kiryapti, hamda vaqti kelganida kafanidan kapalakka aylanib qanday uchib
chiqishini sizga ko‘rsatib-namoyon qilyapti-ku! Yer bag‘ridan olov otilib chiqib, atrofini erigan
ma’danga to‘ldirib oqib turipti-ku?
Siz Tangri taoloning jazosi nima ekanini qaydan bilaqoldingiz? Olovda yonish degan narsani
faqatgina o‘zingiz taom pishirib-isinadigan olov deb o‘yladingizu U sizning gunohlaringizni to‘ksin
deb yaratgani kasalliklarning biri bois isitma xuruj qilganida, siz bilgan olovdan ko‘ra farqli tabiatga
ega boshqa bir olov ich-ichingizni yondirayotganiga shohid bo‘laturib shunday deyapsizmi?
Siz Tangri taoloning la’nati nima ekanini qaydan bilaqoldingizki, tog‘laru suvlarni, samolaru yer
ostini zir-zir titratadigan bu so‘zni menga qo‘lladingiz? Ayshu safo ichida, may xilvatlarida, Tangrim
yaratgan so‘lim bog‘larda sarxush bo‘lib ag‘anab yotgan holingizda, qayga bosh urarini bilmay yurgan,
ammo sizdan ko‘ra ko‘proq narsani biladigan bir bechorani bunday deyishga qanday haddingiz sig‘di?
Tilingiz qanday aylandi? Dilingiz qanday qabul qildi?
Men Parvarigorimdan, sizdangina panoh berishini so‘rashdan boshqa so‘z demayman. U
qismatimga shuni bitibdimi, istasam ham, istamasam ham – albatta shunday bo‘ladi!..»
Sahna tamomila qorong‘ilik qa’riga cho‘mdi va zulmat orasidan gulduros qarsaklar yangradi.
Qulay kursilarda yastanib o‘tirgan boyonlarga bu gaplar yoqib tushgan edi.
– Ajoyib! Ajoyib! – deb qichqirardi olomon.
... – Lekin bu gaplar pesada yo‘q-ku? – dedi hangu mang bo‘lib Gvido Bonatti, yutoqib may
ho‘plab, tomog‘idagi quruqshashni bosib olgach. – Yo Parvardigor! Bunday so‘zlarni kim qo‘shdi
pesaga?