www.ziyouz.com kutubxonasi
22
holatda ham Allohga hamd bo‘lsin va barcha gunohlarimga istig‘for aytaman), desa, Alloh taolo uning do‘zax o‘tidan emin bo‘lishini, Sirot ko‘prigidan salomat o‘tishini va jannatga kirishini ta’min etadi. U ayolning darajasini qirq shahidning darajasidek baland qilgay”. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Bu savob va martabalar eriga itoatkor, shariat
hukmlariga amal qiladigan va o‘zini nomahramlardan saqlaydigan soliha ayollar uchun
bashorat qilingan”, deganlar.
Hikoyat qilinadiki, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam zamonlarida bir sahobai kirom
jihodga ketayotib, ayollariga: “Men qaytib kelguncha uydan chiqmagin”, deb ketgan
ekanlar. Ittifoqo, o‘sha ayolning otasi kasal bo‘lib qoldi va Rasululloh sallallohu alayhi
vasallamga odam yuborib, kasal otasining ziyoratiga borish uchun izn so‘radi. Rasululloh
sallallohu alayhi vasallam: “Eriga itoat qilsin”, dedilar.
Ikki-uch kun o‘tgach, otasining ahvoli og‘irlashgani haqida xabar yetdi. Yana Rasululloh
sallallohu alayhi vasallam huzurlariga odam yuborib, borishga ruxsat so‘radi. Ijozat
bo‘lmadi. Bir necha kundan so‘ng otasining ahvoli tamom og‘irlashib, hayoti oxirlaganini
eshitib, yana kishi yubordi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Eriga itoat qilgani
yaxshiroq”, dedilar. Ayol itoat qildi.
Qazoi qadar yetib, otasi vafot etdi. Shunda ham borishga ijozat etmadilar. Ayol sabr
qildi. Eri kelmaguncha ko‘chaga chiqmadi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi
vasallam eriga itoatkor bo‘lgani uchun Alloh taolo u ayolning barcha gunohlarini
kechirganini bashorat qildilar.
NIFOS Homilador ayol farzandini tuqqandan so‘ng keladigan qon nifos qoni hisoblanadi.
Nifosning eng kam muddati belgilanmagan. Zero, bola tug‘ilishi bilanoq nifos davri
boshlanadi. Eng so‘nggi muddati esa qirq kundir. Agar qirq kunga qadar ham
to‘xtamasa, nifos hukmida bo‘ladi, qirq kundan keyingisi esa istihoza qonidir.
Tug‘ilgan bolaning ba’zi a’zosi ma’lum bo‘lgan holda go‘shtpora, ya’ni chala tug‘ilsa ham,
komil tug‘ilgan bola hukmida bo‘lib, undan keyin kelgan qon ham nifos hisoblanadi.
Nifosda ham hayz kabi ma’lum bir muddat odatga aylanishi mumkin. Masalan, birinchi
bola tug‘ilib, qon yigirma besh kunga borib to‘xtasa va ikkinchi bolada ham shu hol
takrorlansa, demak, u ayolning nifosidagi odati yigirma besh kun bo‘ladi.
Qon to‘xtagach, g‘usl qiladi va unga man’ qilingan barcha amallar joiz bo‘ladi. Ta’kidlab
o‘tmoq lozimki, hayz holatida man’ qilingan amallar va hukmlarning barchasi nifosga
ham tegishli.