SAKKIZINCHI MO’JIZA
Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak.
* * *
Badiiy ijod shunday daraxtki, shoxida umuminsoniy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda
yotadi.
* * *
Adib qaysi tilda asar yozsa, o’sha xalqning yozuvchisi hisoblanadi. Bu o’rinda millatning daxli
yo’q.
* * *
Yozuvchilik-ikki foiz talant, to’qson sakkiz foiz mehnatdir, degan gap to’g’ri bo’lsa, dunyodagi
hamma chumolilar yozuvchi bo’lardi!
* * *
Haqiqiy dengizchi ummonda o’zini qanchalik erkin his qilsa, haqiqiy yozuvchi ham so’zlar
ummonida shunchalik erkin suzishi kerak. To’rtta jumla yozmay turib, u yog’iga so’z topolmay
qoladigan odamdan yozuvchi chiqmaydi.
* * *
Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o’qiladi.
* * *
Tasavvur qiling: siz tasviriy san’at muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni, odamlarning
qiyofasini ko’zingiz bilan ko’rib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling: siz magnitafonda muzika
tinglayapsiz. Cholg’u ohanglari, xonandaning ovozini qulog’ingiz bilaneshitib, hayajonga
tushasiz… endi tasavvur qiling: siz kitob o’qiyapsiz. Oq qog’ozda qora chiziqlar-harflardan
bo’lak hech qanaqa rang yo’q. hech kim kuy ham chalmaydi. Ammo asarni o’qishga
kirishishingiz bilan ko’z o’ngingizda rangin manzaralar paydo bo’ladi. Qulog’ingiz ostida ajib
ohanglar jaranglay boshlaydi. O’zingiz bilmagan holda qattiq hayajonga tushasiz… Hech
shubhasiz, badiiy adabiyot-dunyodagi sakkizinchi mo’jiza!
* * *
U- zo’r ijodkor. Shunchali “polvon”ki, qayoqqa borsa, bir qop “paxta” orqalab yuradi.
* * *
O’z xalqi tanimagan, o’z xalqi sevmagan yozuvchini jahon kitobxoni sevishiga ishonmayman.
* * *
Qog’oz oq bo’lgani uchun unga So’z bitadilar. Paytava kr bo’lgani uchun unga So’z bitib
bo’lmaydi. Qog’oz pok bo’lgani uchun zarracha cho’g’ tushsa, yonib ketadi. Paytava kir bo’lgani
uchun tutaydi-yu, yonmaydi. Yozuvchi bo’lish uchun iste’dodning o’zi kamlik qiladi.
Qalbi qog’ozdek oq, qog’ozdek yonadigan odamdangina chinakam yozuvchi chiqadi.
* * *
Shoir har kuni aqalli bitta she’r yozishi kerak, adib har kuni aqalli bitta sahifani to’ldirishi kerak,
degan gaplar yuradi.
Chindan ham tikuvchi har kuni aqalli bitta ko’ylak tikadi. Oshpaz har kuni aqalli bir qozon osh
damlaydi. Novvoy har kuni aqalli bir tandir non yopadi… shaunday ekan, shoir nega har kuni
aqalli bitta she’r yozmasligi kerak?
Shunaqa-ku… Tikuvchi do’kondan tayyor mato olib, tayyor bichim bilan ko’ylak tikadi.
Oshpaz bozordan tayyor masalliq olib, tayyor qozonda osh damlaydi. Novvoy kappondan tayyor
un olib, tayyor tandirda non yopadi…
Qalamkash esa, “mato” bilan “bichim”ni ham, “masalliq” bilan “qozon”ni ham, “un” bilan
“tandir”ni ham o’zi yaratishi kerak. Boshqalar bor joydan bor qilsa, ijodkor yo’q joydan bor
qiladi. Buning uchun esa, Xudo bergan iste’dod, Xudo ko’ngliga slogan ilhom kerak!
* * *
Yozuvchi o’zi his qilgan hamma narsani to’la to’kis qog’ozga tushira olmaydi. Kitobxon
qog’ozga tushira olmaydi. Kitobxon qog’ozga tushganlarning hammasini to’la-to’kis his
qilolmaydi. Binobarin, kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob o’qiyotgan o’quvchi
hayajonidan o’n karra kuchliroq bo’ladi.
Asar o’qiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, o’sha sahifalarni qalamkash
rostmana kulib yozgan. Kitob o’qiyotganingizda ko’zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki,
qalamkash o’sha sahifalarni rostmana yig’lab yozgan.
* * *
Asar binoga o’xshaydi. Faqat bino g’ishtdan quriladi, asar esa so’zdan. Endi bir narsani tasavvur
qiling: bitkazilgan binodan bitta g’ishtni sug’urib olsangiz, uning husniga shikast yetadi. O’nta
g’ishtni ko’chirsangiz, bino bosib qoladi… Shunday asarlar borki, butun-butun jumlalarni olib
tashlasangiz ham, yuzta so’zni o’chirsangiz ham, mingtasi o’rnini almashtirsangiz ham hech
nima o’zgarmaydi… Bunaqangi “asar” bino emas, vayronadir!
* * *
Talantsiz yozuvchi tovuqqa o’xshaydi. Yong’oqdek tuxum tug’adi-da, qaqog’lab olamni buzadi!
* * *
Ijod-yuz metrli masofani kim o’zarga yugurib o’tiladigan sprinterlik musobaqasi emas, uzoq va
mashaqqatli yo’ldir.
* * *
Bir hamkasbim nolidi:
-Bugungi kitobxon nodon, savodsiz. Mening qadrimni biladiganlar yuz yildan keyin
tug’iladi.
Men yupatdim:
- Gapingiz to’g’ri… Faqat uni notariusdan tasdiqlatib, po’lat sandiqqa solib qo’ying… yuz
yildan keyin so’zingizga guvoh topishingiz mushkul…
* * *
Ikkita eng xolis hakam-Kitobxon va Vaqt sinovidan o’tgan asar haqiqiy asardir.
* * *
Uchta bolasi bilan xotinini tashlab ketti-da, “Bolalar baxtini o’ylang” deb shig’ir yozdi. Qoyilley,
shovvoz!
* * *
Adiblar ulug’ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu so’zlarini ijodxona peshtoqiga yozib
qo’ysalar arziydi. “Adabiyot atomdan kuchli.uning kuchini o’tin yorishga sarflamaslik kerak!”
Munaqqidlar ustoz Ozod Sharafuddinovning ushbu so’zlarini shior qilib olsalar arziydi.
“Tanqidchi ijod bog’iga bolta emas, tokqaychi ko’tarib kirishi kerak!”
* * *
Dehqon tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: ko’p hosil oladi. Quruvchi tajribasi
oshgan sayin yumushi yengillashadi: chiroyli imorat quradi. Jarroh tajribasi oshgan sayin
yumushi yengillashadi: yaxshi operatsiya qiladi… Ijodkor tajribasi oshgan sayin yumushi
og’irlashadi. Uning o’zini takrorlashga haqqi yo’q!
* * *
Haqiqat havoga o’xshaydi. Rangini ko’rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz… Ammo
bir lahza havosiz qolsangiz, bo’g’ilib ketasiz. Kitob ham shunday. Yolg’onga duch kelgan
kitobxon bo’g’ilib ketadi.
* * *
Iste’dodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga o’xshaydi. Har bir yulduzning o’z
mehvari bo’ladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga kirmaydi
ham. Iste’dodsizlar esa bir zambil shag’aldek gap. Darrov to’dalashadi. To’da bo’lib jim yotsa-
ku, mayli… Baraka topgurlar iste’dodlilarga tosh otaverib bezor qilgani chatoq…
* * *
Hamkasblarim meni kechirsin-ku, ba’zi qalamkashlar varrakka o’xshaydi. Shamol qayoqqa essa,
o’sha yoqqa qarab, shox tashlaydi. Shamol qancha qattiq essa, dumini shuncha shitob bilan
likillatadi. Qancha havolansa, dardaragi shuncha qattiq varillaydi.
* * *
“Muhabbat” degan so’z hamma tillarda bor. Inglizlarda-“Lav”, nemislarda-“Libe”, lotin tilida
“Amor”, rus tilida “Lyubov”... “Lyubov k Rodine”, “Lyubob k jenshine”, “Lyubov k materi”...
Albatta, barcha tillarda bu so’zning bir necha xil ifodasi ham bor.
Ammo o’zbek tilida “Muhabbat” degan so’z shu qadar rango-rang ma’nolarga egaki, hayratda
qolasiz! “Yoqtirib qolmoq”, “Ko’ngil bermoq”, “Moyil bo’lmoq”, “Xushtor bo’lmoq”, “Oshufta
bo’lmoq”, “Dil bermoq”, “Bedil bo’lmoq”, “Mubtalo bo’lmoq”, “Maftun bo’lmoq”, “Mahbub
bo’lmoq”, “Oshiq bo’lmoq”, “Yaxshi ko’rmoq”, “Ishq”, “Ishqi tushmoq”, “Ishqi foniy”, “Ishqi
boqiy”, “Sevgi”, “Muhabbat”, “Mehr” va hokazolar... Tabiiyki, bular orasida boshqa tillardan
kirganlari ham bor. Biroq ularning barchasi- teng huquqli o’zbek so’zlari!
Gap faqat bunda ham emas. Bu iboralarning hammasi umumma’noni anglatadi va ... har biri
alohida ma’no tashiydi!
Mumtoz adabiyotda “ishq” so’zining o’zi ikki xil ma’noni ifodalaydi. “Ishqi foniy”-mahbubaga
nisbatan sevgi. “Ishqi boqiy” –Tangrining diydoriga yetish... Bugungi kunimizga kelsak...
Boshqa tillarda uchrashi mushkul bo’lgan g’alati holatlarni ko’ramiz. “Vatanga moyil bo’lmoq”
degan ibora kulgili tuyuladi. “Vatanni sevmoq” deyiladi. “Ota sevgisi” degani shakkoklikka o’tib
ketadi. “Ona ishqi” degani gunoh hisoblanadi. Farzandning onaga “Xushtor bo’lmog’i”
do’zaxiylik sanaladi. “Ota-ona mehri”, “Farzandning ota-onani yaxshi ko’rishi”, “Farzand
mehri” deyiladi... Shunday qilib, “Yoqtirib qolmoq” bilan “Ko’ngil bermoq”, “Ko’ngil bermoq”
bilan “Oshiq bo’lmoq”, “Oshiq bo’lmoq” bilan ”Sevmoq”, “Sevmoq” bilan “Muhabbat”,
“Muhabbat” bilan “Yaxshi ko’rmoq”, “Yaxshi ko’rmoq” bilan “Mehr” orasida uzoq, juda uzoq
masofa bor... Tilimiz naqadar rango-rang! Tilimiz naqadar boy!
* * *
U yovvoyi gul edi: dashtda tugildi.
Bahor yomg’irlari shivirlagan pallada yerni tirmalab, yorug’ dunyoga chiqdi. Barq urib o’sa
boshladi.
Biroq... Qurg’oqchilik boshlanib, yer toshdek qotdi. U jizg’anak bo’lib, so’ldi. Ustiga-ustak
allaqanday mol uni toptab o’tdi...
Ketidan achchiq-achchiq shamollar esdi. Qor yog’di... Tamom!
... Ammo u tirik edi!
Yana bahor keldi. Ilq-iliq yomg’irlar yog’di. U jamiki ko’rgiliklari evaziga qaytadan bosh
ko’tardi. Qaddini rostlab yana barq urib o’sdi. G’uncha tugdi... olov parchasidekyal-yal yondi.
Shu qadar muattar bo’y tarata boshladiki, hamma hayratdan yoqa ushladi!...
Shunda...
Uni ko’chirib keltirdilar-da, qimmatbaho tuvakka solib, uyning to’riga keltirib qo’ydilar.
Qandoq yaxshi! Qurg’oqchilik qovjiratmaydi. Mol toptamaydi. Izg’irin shamollar vujudini
qaqshatmaydi. Boshiga qor yog’maydi... Hammaga ko’z-ko’z qiladilar...
Shunaqa-ku... Negadir u endi muattar bo’y taratmay qo’ydi...
Oradan kun o’tdi...
Hafta o’tdi...
Oy o’tdi...
... Uni uloqtirib yubordilar-da, qimmatbaho tuvakka boshqa gul keltirib o’tqazdilar...
* * *
Iste’dodsiz iste’dodsizni yomon ko’rsa nima bo’ladi?-Hech nima bo’lmaydi! _ Iste’dodsiz
iste’dodlini yomon ko’rsa nima bo’ladi?
Hech nima bo’lmaydi!
- Iste’dodli iste’dodsizni yomon ko’rsa nima bo’ladi?
Hech nima bo’lmaydi. -Iste’dodli iste’dodlini yomon ko’rsa nima bo’ladi?
Fojia bo’ladi!
* * *
Ko’pchilik qalam ahlining bitta ojizligi bor: hammasi-“birinchi”!
Holbuki, kim “birinchi”, kim “yuzinchi”, kim umuman “hech nechanchi emas”- kitobxon hal
qiladi.
* * *
Yozuvchining o’quvchiga aytadigan dardi qancha kuchli bo’lsa, asar tili shuncha biyron bo’ladi.
* * *
Bolta bilan qalam bir-biriga o’xshaydigan buyumlar emas. Ammo xizmati jihatidan anchayin
yaqin turadi.
Bolta- qotil qo’lida o’lim quroli. O’tinchi qo’lida mehnat quroli. Hunarmand qo’lida san’at
quroli.
Qalam-hasadg’oy qo’lida o’lim quroli. Savodxon qo’lida mehnat quroli. Iste’dod qo’lida san’at
quroli.
* * *
Qadimgi kimyogarlar oltinning sof yoki qalbakiligini aniqlash uchun mohaktosh qo’llar ekanlar.
Yozuvchining so’zi mohakka o’xshaydi. Bir og’iz Rosti uchun minglarning duosini oladi. Bir
og’iz Yolg’oni uchun minglarning qarg’ishiga qoladi… qalamkashning buyuk baxti ham, buyuk
baxtsizligi ham shunda!
* * *
Chinakam asar tug’ilmasdan oldin uning ohangi, muzikasi paydo bo’ladi. Bu- g’oya emas, syujet
ham emas, aynan OHANGdir. Mana shu ohang adibni qo’lidan sudrab kelib, stolga “mixlab”
qo’yadi. Asarning joni degani shu bo’lsa kerak.
* * *
Tanqiddan bezor bo’lgan shoir aytibdi:
-Siz nuqul birovlarning asarlarini tanqid qilasiz. O’zingiz bironta she’r yozganmisiz?
Tanqidchi aytibdi:
Men kunora tuxum yeyman. Ammo uning mazasini bilish uchun o’zim tuxum tug’ishim shart
emas. Shoir aytibdi:
Men ham kunora odamlar haqida she’r yozaman. Ammo odamni bilish uchun kunora uning
go’shtini yeyayotganim yo’q-ku!
Hech o’ylab ko’rganmisiz? Nima uchun eng teran falsafiy asarda ko’pincha telba
qatnashadi.
Nima uchun eng jiddiy asarda masxaraboz o’ralashib yuradi?
Faylasufning yeti uxlab tushiga kirmagan dono fikrni telba bilmaydi, deb o’ylaysizmi?
Dunyoning ustuniman, deb yurgan azamatlar o’ylashga ham qo’rqadigan haqiqatni
masxaraboz aytmaydi, deb o’ylaysizmi?
* * *
Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o’z asarlarida 21 ming 197 ta betakror so’z ishlatgan.
Shekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming
600 ta betakror so’z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkey emas, forsiy, arabiy, urdu,
xitoy, mo’g’ul va boshqa tillardagi so’zlardan ham mahorat bilan foydalangan.
* * *
Hasad o’sib o’sib g’arazga, g’araz-fitnaga aylanadi. Fitna esa har qanday razolatning onasidir.
* * *
Hasadg’oyning fikrlash tarzi g’alati. “Agar falonchi bo’lmaganida mening ishim yurishib
ketardi”, deb ichidan ezilaveradi. Boshqa jabhalarni bilmadim-ku, lekin ijob sohasida bu bema’ni
xomxayol. Ijod amal kursisi yoki davlat kvartirasi emaski, birovning o’rnini birov egallasa.
Kitobxon mehrini zo’ravonlik qilib ham, tilanchilik qilib ham olib bo’lmaydi.
* * *
Shuhrat-yoqimli, ammo aldamchi narsa. U tog’ cho’qqisiga o’xshaydi. Qancha baland
ko’tarilsangiz, shuncha ko’zingiz tinadi. Hushyor bo’ling! Bitta nojo’ya qadam qo’ysangiz,
jarlikka uchib ketishingiz aniq!
* * *
Maktab o’qituvchisining So’zi o’ttiz bolaga yetib boradi.
Dorilfunun domlasining So’zi yuz talabaga yetib boradi.
Notiqning So’zi ming tinglovchiga yetib boradi.
Qalamkashning So’zi bir yo’la o’n ming, yuz ming kitobxonga yetib boradi. Demak, uning so’z
mas’uliyati ham boshqalarnikidan ming hissa ortiqroqdir.
* * *
Yozuvchi o’zi his qilgan hamma narsani qog’ozga to’la-to’kis tushira olmaydi. O’quvchi
kitobdagi hamma narsani to’la-to’kis his qilolmaydi… kitob o’qiyotganingizda bir marta
jilmayib qo’ysangiz, bilingki, yozuvchi o’sha satrlarni rosmana kulib yozgan. Ko’zingizga bir
qatra yosh kelsa, bilingki, yozuvchi o’sha satrlarni rosmana yig’lab yozgan… Har qanday
muhim g’oya ham inson qismatiga aylanmasa, quruq gap bo’lib qolaveradi.
Modomiki talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi
niyatda birlashmog’i lozim.
* * *
Iste’doli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan o’tadi. Birinchisi - nimaki yozmasin
chiqarishi mushkul palla. Ikkinchisi- nimaiki yozmasin, chiqarishi oson bo’lgan palla. U birinchi
bosqichdan omon-eson o’tadi. Ammo ikkinchi bosqichdan o’tishi og’ir, juda og’ir…
* * *
Katta iste’dod avval xalq e’tiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq e’tiqodini qozonadi.
Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng.
O’tkir Hoshimov
Dostları ilə paylaş: |