oqlasalar yoki (dunyoga yana) qaytarilsag-u qilgan ishlarimizdan o'zgacha ish qilsak?" (Ular) o'zlariga ziyon qildilar va to'qib yurgan (buhton)lari ulardan g'oyib bo'ldi. 54. Darhaqiqat, Rabbingiz osmonlaru Yerni olti kunda yaratgan, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan, kunduzga tunni qoplatadigan - uni (ya'ni, tun kunni) shitob quviydi - quyosh, oy, yulduzlarni O'z amriga musaxxar (mute) qilib qo'ygan Allohdir. Ogoh bo'lingizki, yaratish va buyurish Unga xosdir. Olamlarning Rabbi - Alloh barakotlidir. 55. Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi. 56. Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangizlar! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingizlar! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir. 57. U o'z rahmatining darakchisi sifatida shamollarni yuboruvchi zot bo'lib, (shamollar) og'ir bulutlarni ko'tarib olgach, uni o'lik (chanqoq) shahar (usti)ga haydaymiz. Bas, unga suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli mevalarning har turidan chiqarurmiz. O'liklarni ham (qabrlaridan) shu tarzda chiqarurmiz, shoyad eslatma olsangizlar. 58. Yaxshi shahar (yeri)ning giyohi Rabbining izni bilan (unib) chiqaveradi. Yomon (shahar yeri esa) faqat unimsiz bo'lur. Shukr qiluvchi qavm uchun oyatlarni shu tarzda tasarruf eturmiz. Izoh: Bu zarbul-masaldan murod pand-nasihat yaxshi odamga, ya'ni, mo'min kishiga ta'sir qiladi, kufrdagi kimsaga esa ta'sir qilmaydi, degan ma'nodir. 59. Darvoqe, Nuhni o'z qavmiga (elchi qilib) yubordik. Shunda u dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlarga Undan o'zga iloh yo'qdir. Men sizlarga buyuk Kun (qiyomat) azobi (bo'lishi)dan qo'rqaman".