40. Albatta, oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan kibrlanib bosh tortganlar uchun osmon eshiklari sira ochilmagay va nina ko'zidan tuya o'tmagunga qadar jannatga kirmaslar. Jinoyatchilarni ana shunday jazolagaymiz. Izoh: Nina teshigidan tuya o'tmaguncha deb shart qo'yish o'sha ishning hech qachon amalga oshmasligidan dalolatdir. Ya'ni, oyatlarimizni inkor etuvchi mutakabbir kishilar hech qachon jannatga kirmaslar. 41. Ularga jahannam (o'ti)dan (ostilariga) gilam va ustilariga yopinchiq (bo'lur). Zolimlarni ana shunday jazolagaymiz. 42. Imon keltirgan va solih (savobli) ishlarni qilganlar esa - hech bir jonni toqatidan ortiqqa majbur etmaymiz - aynan o'shalar jannat ahlidirlar. Ular u yerda mangu (qoluvchi)dirlar. 43. Dillaridagi (o'zaro) adovat (to'yg'ulari)ni sug'urib tashlaymiz. Ostilaridan anhorlar oqajak. (Shunda) ayturlarki: "Ushbu (ne'matlar)ga bizni boshlab kelgan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O'zi) boshlamaganida, (o'zimizcha) yo'lni topa olmagan bo'lur edik. Rabbimizning elchi (payg'ambar)lari haqiqatni keltirgan ekanlar". Ularga nido qilinurki: "Mana shu - jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi". 44. Jannat ahli do'zax ahliga (qiyomat kuni): "Rabbimiz bizga va'da qilgan narsa (jannat)ni biz haq ekanini topdik. Sizlar ham Rabbingiz va'da qilgan (ogohlantirgan do'zax)ning haq ekanini topdingizmi?" - deb nido qilurlar. Ular: "Ha", - deydilar. So'ngra o'rtalaridan bir jarchi (farishta chiqib) jar soladi: "Zolimlar uzra Allohning la'nati (yog'ilsin)! 45. Zero, ular Allohning yo'lidan to'sadigan, uni qing'ir qilishni istaydigan, oxiratga esa ishonmaydigan edilar". 46. (Jannat va do'zax ahllari) o'rtalarida parda (bordir). A'rof (arasot) uzra (jannat va