yetkazgan bo'lishimiz to'g'ri yo'lga solmadimi?! Ularning dillarini muhrlab qo'yamiz. Natijada ular (haq gapni) eshitmaydilar. 101. Ana o'sha qishloqlar. Ularning xabarlari qissasini Sizga aytmoqdamiz. Ularga payg'ambarlari ochiq hujjatlarni keltirgan edilar. (Lekin) oldindan ularni yolg'onchiga chiqarganlari sababli imon keltirmadilar. Alloh kofirlarning dillarini ana shunday muhrlab qo'yadi. 102. Ularning ko'plarida ahd (vafodorlik)ni topmadik. Ko'plarini fosiq ekanliklarini topdik (bildik). 103. So'ngra ulardan keyin Musoni mo''jizalar bilan Fir'avn va uning zodagonlariga (elchi qilib) yubordik. Ularga zulm qildilar. Buzg'unchilarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring! 104. Muso aytdi: "Ey, Fir'avn! Men olamlar Rabbidan (yuborilgan) elchidirman. 105. Alloh nomidan faqatgina haq (gap)ni gapirishga haqlidirman. Sizlarga Rabbingizdan hujjat keltirdim. (Ey, Fir'avn!) Isroil avlodini men bilan birga (muqaddas yurtlari - Shomga) jo'natgin!" 106. (Fir'avn): "Agar rostgo'ylardan bo'lib mo''jiza keltirgan bo'lsang, uni keltir (ko'rsat)!" - dedi. 107. Bas, (Muso) asosini tashlagan edi, bexos u aniq (chin) ajdahoga aylandi. 108. Qo'lini (qo'ynidan) chiqargan edi, birdan u qarab turganlarga oppoq (nurli) ko'rindi. 109. Fir'avn qavmining zodagonlari: "Bu juda bilimdon sehrgar", - dedilar. 110. (Fir'avn): "Sizlarni o'z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima buyurasizlar?" - dedi. 111. Aytdilar: "Uni va akasi (Horun)ni qo'yatur, Madoin (shahri)ga yig'ib keluvchilarni yubor! 112. (Ular) senga barcha bilimdon sehrgarlarni olib kelsinlar!" 113. Fir'avn huzuriga sehrgarlar kelib: "Agar biz g'olib bo'lsak, bizga mukofot bormi?" - dedilar.