oyning menga sajda qilgan hollarida ko'rdim". 5. (Otasi) aytdi: "Ey, o'g'ilcham! Tushingni akalaringga* so'zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir*. Izoh: Akalarining ismlari - Rubil, Sham'un, Loviy, Yahudo, Zabulun, Yashjar bo'lib, bu oltovlon Ya'qub (a. s.)ning Layyo degan xotini (tog'asining qizi)dan tug'ilgan. Yana Zulfa va Balha degan cho'rilaridan to'rt o'g'il - Don, Naftoli, Jod, Oshar. Layyo vafot etgandan keyin uning singlisi Rohilga uylanadilar. Undan Yusuf va Binyomin tug'iladi. Hammasi bo'lib Yusufning 10 akasi va bir ukasi bo'lgan. Shu o'nikki birodarlarni "Asbot" deyiladi. Izoh (a): Ya'qub (a. s.) Yusufni aqlzakovati, husnu-siyrati, axloq-odobi yuqori darajada bo'lganidan juda sevar edi. Bu mehrni payqagan akalari Yusufga hasad qilishar edi. Shuning uchun ko'rgan tushini bilsalar, rashk va hasadlari yanada oshib ketmasin, deb, uni ogohlantirib qo'ydi. 6. Shu (tushingda ko'rganing) kabi Rabbing seni tanlab oladi, senga gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) mazmunini o'rgatadi va ikki bobolaring - Ibrohim va Ishoqqa to'la bergani kabi, senga va Ya'qub nasliga (O'zining) ne'matini to'la baxsh etadi. Albatta, Rabbing bilim va hikmat egasidir". 7. Haqiqatan, Yusuf va (uning) akalari (qissasi)da so'rovchilar uchun alomatlar bordir. 8. O'shanda (akalari) aytdilar: "Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko'ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to'p (ko'pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir. " 9. (Bir-birlariga): "Yusufni o'ldiringiz yoki uni biror yerga chiqarib tashlangiz, shunda otangiz o'zi sizlarga ortar (faqat sizlarga mehr qo'yar). Undan keyin (yana) solih (kishi)lar qavmi bo'lursizlar". Izoh: Bu maslahatni Sham'un ismli akasi yoki shayton bergan degan rivoyatlar bor.