213. Bas, (ey, Muhammad,) Allohga qo'shib boshqa (biror) "iloh"ga iltijo qilmang! Aks holda azoblanuvchilardan bo'lib qolursiz. 214. Yaqin qarindoshlaringizni (Alloh azobidan) ogohlantiring! 215. Sizga ergashgan mo'minlar uchun qanotingizni past tuting! 216. Bas, agar ular itoatsizlik qilsalar, u holda ayting: "Albatta, men sizlar qilayotgan ishdan pokdirman". 217. Qudratli va rahmli (Alloh)ga tavakkul qiling! 218. U Sizni (namoz uchun) turayotgan vaqtingizda ham ko'radi, 219. sajda qiluvchilar (namoz o'quvchilar) orasida kezgan (vaqtingizda ham) ko'rib turur. Izoh: Namoz o'quvchilar orasida kezgan, ya'ni, tunda tahajjud namozini o'qiyotgan sahobalaringiz holidan xabar olib yurishingizni ham Alloh ko'rib-bilib turur. 220. Albatta, U eshituvchi va biluvchidir. 221. (Ey, Muhammad, ayting): "Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi? 222. Ular barcha bo'htonchi, gunohga botganlarga tushurlar. 223. Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko'plari yolg'onchilardir". 224. Shoirlarga yo'ldan ozganlar ergashurlar. 225. Ularning har vodiyda (mavzuda) daydishlarini ko'rmadingizmi?! 226. O'zlari qilmaydigan narsalarni gapirishlarini ham?! Izoh: 225 - 226 - oyatlardagi shoirlardan murod o'sha davrdagi yomon niyatli, laganbardor, yolg'on to'quvchi maddoh shoirlardir. Ammo yaxshi shoirlar to'g'risida Muhammad alayhissalomdan qator hadislar borki, ularda she'r hikmatdan xoli bo'lmasligi, shoirlar o'z qalamlari bilan qilich qilaolmaydigan ishlarni bajarishlari mumkinligi va boshqa fazilatlarini bayon qilganlar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur