Qur\'oni karim ma\'nolari tarjimasi. Abdulaziz Mansur
YETTI QIROAT QORILARI 1. Abdulloh ibn Kasir al-Makkiy al-Qurashiy. U tobeinlardan. Qiroatni Abdulloh ibn Zubayr va boshqalardan
tinglagan. 120 h. da Makkada vafot etgan. U Anas ibn Molik va Abu Ayyub Ansoriylar bilan ham muloqotda
bo'lgan.
2. Nofe' ibn Abdurrahmon ibn Abi Naim al-Isbahoniy al-Madaniy. 169 h. da Madinada vafot etgan. Ubay ibn
Ka'b, Abdulloh ibn Abbos, Abu Hurayra kabi sahobalarning shogirdlaridan qiroat ta'lim olgan.
3. Abdulloh ibn Omir al-Qoziy ad-Dimashqiy. Yirik tobeinlardan. 118 h. da 110 yoshida Damashqda vafot
etgan. Usmon ibn Affonning shogirdi Mug'ira ibn Abi Shihob al-Maxzumiydan qiroat o'rgangan.
4. Abu Amr ibn Alo al-Basriy. Ko'fada 154h. da vafot etgan. Mujohid ibn Jubayr, Abdulloh ibn Abbos orqali
Ubay ibn Ka'b qiroatini naql etgan.
5. Osim ibn Abinnujud al-Ko'fiy. Ko'fada 128h. da vafot etgan. Zurr ibn Hubaysh orqali Abdulloh ibn
Mas'uddan qiroat naql etgan.
6. Hamza ibn Habib ibn Imora at-Taymiy al-Ko'fiy. 156 h. da Hulvonda vafot etgan. Sulaymon ibn Mehronda
qiroat o'qigan.
7. Al-Kisoiy (Ali ibn Hamza al-Asadiy). 189 h. da vafot etgan. U Hamzada qiroat o'qib, abbosiy xalifa Ma'mun
davrida yetti qori safiga qo'shilgan. Ungacha Ya'qub Xazramiy yettinchi edi.
Mazkur qorilarning faqat 3- va 4-lari arab millatidan, qolganlari ajamlardan.
Hozirda butun Islom olami bo'yicha ikki xil qiroat mashhur. Birinchisi Imom Hafs rivoyati bilan Imom Osim
qiroati. Ikkinchisi Imom Varsh rivoyati bilan Imom Nofe' qiroati. Bizning diyorimizda birinchi qiroat, ya'ni
Imom Osim qiroati bo'yicha Qur'on o'qiladi.
Qur'oni karimni tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o'qish shart. Aks holda namoz ham joiz bo'lmaydi. Namoz
qiroatiga yarasha tajvidi bilan qiroat o'rganish har bir musulmon zimmasidagi farzi ayndir. Lekin, har qancha
harakat qilsa ham tili tajvidli qiroatga moslasha olmaydigan odam zarurat yuzasidan tili kelganicha qiroat bilan
namozini o'qiyversa Allohning afvidan umid qilinadi.