uning qoshida faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib
hayotga qaytgan Lakshman devlar mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi
Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo’lgan Lanka davlatining tanazzuliga yo’l
ochadi. Lekin, kitobxon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi,
aksincha, uning ma’naviy
jasoratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o’qiydi.
Yoki mashhur rus olimi akademik Andrey Saxarovning taqdirini olaylik. Buyuk
nazariyotchi, fizik, termoyadro sohasida tengi yo’q mutaxassis, vodorod bombasining asosiy
kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o’nlab orden va
medallar sohibi, ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni, obro’li, badavlat bu insonga nima
etishmasdi? Nega u hammasidan kechishga - ommaviy qirg’in qurollari, jumladan, o’zi yaratgan
vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi? Natijada
qatag’onlarga asoslangan sho’rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytaxtdan olisdagi
Rossiya shaharlaridan biriga badarg’a qildi, uning nomini matbuotda
yoki kitoblarda qayd
etilishini taqiqladi. Vaholanki, u hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saxarov
yuksak axloq yo’lini tanladi – olimlik burchi, odobi talablarini bajarishni har qanday boylik,
izzat-ikromdan baland qo’ydi. Buyuk olim o’z kashfiyoti insonning eng oliy huquqi bo’lmish -
yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda
qo’llanilishiga qarshi kurashdi. U sho’rolar hukumati va mafkurachilari tomonidan o’zining
Vatan mudofaasi quvvatinimsusaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e’lon
etilishiga, boshiga behisob tuhmatlar, ta’na-dashnomlar yog’dirilishiga sabot bilan chidadi,
ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo’lida o’z olimlik iste’dodining qo’g’irchoq bo’lishiga,
harbiy murvatga aylanishiga yo’l qo’ymadi. Oxir-oqibatda u inson huquqlarining jahon tan olgan
eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo’ldi.
Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.
Bulardan tashqari, muallimlik odobi,
huquq-tartibot xodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha kasbiy odob turlari borki, ular
ham jamiyatda axloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. SHuni aytish kerakki,
barcha kasbiy odob qonun-qoidalarining ta’sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba’zi bir kasbiy
odobning buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, axloqsizlikka aylanib ketadi. Masalan,
rahbarlik odobidagi ba’zi nuqtalarga to’xtalaylik. Rahbar quyi lavozimdagilarga mensimay,
qo’pol munosabatda bo’lishi, o’ziga ishonib topshirilgan hudud yoki tashkilotdagi oddiy odamlar
arz-dodiga, orzu-istaklariga to’ralarcha qarashi odobsizlikka kirsa, uning shaxsiy boylik orttirishi
yo’lida korrupsiya vositasida mamlakat, viloyat yoki tashkilot manfaatlarini qurbon qilishi
axloqsizlik, nafaqat rahbarlik kasbiga, balki Vatanga ham xiyonat tarzida baholanishi mumkin.
Ba’zan kasbiy odobning kasbiy axloq deb atalishi ham ana shundan.
Yuqorida
keltirilganlardan ko’rinib turibdiki, kasbiy odob muammosi, ba’zilar o’ylaganidek, Axloq
falsafasining mayda masalalaridan emas. Uni har tomonlama o’rganish, kasbiy erkinlik va kasbiy
burch munosabatini tadqiq etish XXI asr axloqshunosligida muhim o’rin egallajak. Zero, kasbiy
odob shaxs va jamiyat axloqiy hayotida o’zini amaliy axloq tarzida namoyon etuvchi ma’naviy
hodisa sifatida baholanishi lozim.
Dostları ilə paylaş: