ahamiyati ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida dolzarblik kasb etadi. Burch vijdon, e’tiqod,
mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog‘liq. Shu bois xodim o‘z xizmat vazifasiga
vijdonan, o‘ta mas’uliyat bilan yondashishi talab etiladi. Umuman, xodimning xizmat faoliyati
va har bir xatti-harakati zamirida burchga, qasamyodga, el-yurtga sadoqat yotishi uning
martabasini ziyoda qiladi va xalq ishonchini qozonishga olib keladi. Burchning insonlik burchi,
fuqarolik burchi, otalik burchi, onalik burchi, farzandlik burchi singari barcha davrlar uchun
umumiy bo‘lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi, ichki
ishlar idoralari xodimlari burchi kabi kasblar doirasidagi tushunchalari ham mavjud. Burchning
muhim jihatlaridan yana biri uning ma’lum vaqt mobaynida va jamiyatda o‘ziga xos tarzda
namoyon bo‘lish xususiyatiga ega ekanidir. Chunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy
hisoblangan burch talablari boshqasi uchun salbiy ma’no kasb etishi mumkin. Harbiylashgan va
o‘ta mafkuraviylashgan jamiyatlarda esa burch omma hamda shaxs hayotida fojiaviy tus olishi
ham mumkin.
Ustalik bilan yo‘lga qo‘yilgan targ‘ibot natijasida bunday jamiyat a’zolarining ko‘pchiligi
oqni qora, qorani oq deb qabul qiladi. Bu umumbashariy va milliy qadriyatlarni oyoqosti qilgan
shafqatsiz totalitar tuzumlar mafkurasi va amaliyotida yaqqol namoyon bo‘lganligini hozirgi
keksa avlod yaxshi biladi. Tarixda o‘z burchiga sadoqatli bo‘lgan kishilar taqdiri og‘ir
kechganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, Furqat mustamlakachilar mafkurasiga
xizmat qilganida hayoti rohat-farog‘atda kechishi mumkin edi. Lekin u Vatan va xalq oldidagi
burchiga sodiq qolib, muhojirlikning og‘ir qismatiga duchor bo‘ldi, Vatanda yiroqda vafot etdi.
Ba’zan burch tufayli kishilar sevgisidan, hatto aka-ukasi, opa-singlisi yoki farzandidan kechishga
ham majbur bo‘ladi.
Konstitutsiyamizda qonunlarga rioya etish, boshqa kishilarning huquq va erkinliklari,
sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, xalqimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini
avaylab-asrash, tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, qonun bilan belgilangan
soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash, Vatanni himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekani
qayd etilgan. O‘z burchiga sodiqlik har bir kishining axloq-odobi, ma’naviy qiyofasini ifodalasa,
so‘zining ustidan chiqmaydigan, o‘z burchini bajarmagan kishilar xalq orasida hurmat topmaydi.
Burch o‘z-o‘zidan shakllanmaydi, u tarbiya jarayonida kamol topadi. Shu ma’noda, o‘z
burchini yaxshi anglaydigan, o‘ziga talabchan, ishi, bilimi va kuch-quvvatiga ishonadigan, o‘z
qadr-qimmatini saqlay oladigan barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish bugungi kunning
eng muhim vazifasidir. Burch bajarilishi lozim va talab etiladigan vazifa, ya’ni majburiyat.
Shaxsning ota-onasi, farzandlari, yoru do‘stlari, ustoz-murabbiylari, Vatani, xalqi va kasbi
oldidagi burchlari mavjud. Biroq ushbu burchlarni hamma ham birdek to‘liq ado etavermaydi.
Shuning uchun ham jamiyatda insonlar o‘rtasidagi turli munosabatlarda muammolar paydo
bo‘ladi, insonlarning haq-huquqlari buziladi, huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etiladi.
Konstitutsiyamizning 52-moddasida O‘zbekistonning har bir fuqarosi zimmasiga Vatanni
himoya qilishdek muqaddas konstitutsiyaviy burch yuklatilgan. Xalq va mamlakat rahbariyati
ishonch bildirgan kishilar, shu jumladan ichki ishlar idoralari xodimlari ham, o‘z vazifalarini
puxta va halol bajarsalar, Vatan va halq osoyishtaligi ta’minlanib, barqaror taraqqiyot davom
etadi. Buning uchun barchamizdan vijdonimiz uyg‘oq bo‘lishi kerak. Chunki bugun islohotning
qay darajada amalga oshishi nafaqat rahbarlarning dunyoqarashiga, balki ularning halol va pok,
tadbirkor va tashabbuskor bo‘lishiga bog‘liqdir.
Dostları ilə paylaş: