O‘quvchilarni fuqarolik ruhida, tarbiyalashda davlat ramzlarining ahamiyati.
Davlat ramzlari muayyan millat, elatning etnopsixologik xususiyatlari,
qarashlari, orzu-umidlari, intilishlari hamda maqsadi, hududiy, ijtimoiy-g‘oyaviy
birlik mohiyatini anglatishga xizmat qiluvchi tasviriy belgilar majmuidir.
Muayyan davlatning bayrog‘i, gerbi (tamg‘asi) hamda madhiyasi davlat
ramzlari majmuini ifodalaydi.
Davlat ramzlari o‘zlarida chuqur siyosiy va ijtimoiy-g‘oyaviy mazmunni ifoda
etadi. Davlat ramzlari (bayroq, gerb)da tasvirlangan ranglar, tasvirlar muayyan
xalq, millat o‘tmishi, qadim an’analari, xalqning turmush tarzi, orzu-umidlari,
maqsadi, hayotiy intilishlarini ifoda etishga xizmat qiladi. Davlat madhiyasida esa
xalq, millat, davlat va jamiyatning yagona maqsadi, birligi g‘oyalari tarannum
etiladi.
Davlat ramzlari davlatning mavjudligini ko‘rsatuvchi belgilar sanaladi.
Ramzlar – bu shartli belgilar bo‘lib, ular qadim davrlardayoq turli xalqlarda u yoki
bu hodisa, olam, mavjudot, odamlar tasvirini, ularning qarashlarini ifodalagan.
O‘zbekiston Respublikasida davlat mustaqilligining e’lon qilinishi ijtimoiy-
siyosiy mustaqillikni ifoda etuvchi ramzlarni yaratishni taqozo etdi. SHu
munosabat bilan 1990 yil 30 martda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
«O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qaror qabul
qilindi va bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrda bo‘lib o‘tgan XI
sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi qabul qilindi. Ushbu
madhiya mualliflari O‘zbekiston Xalq shoiri va taniqli bastakor Mutal
Burxonovdir.
Ta’lim muassasalarida fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida
o‘quvchilarga davlat ramzlari, ularning mohiyati borasidagi ma’lumotlarni berish,
ularning ongiga davlat ramzlarining xalq, millat or-nomusi, sha’ni, qadr-
qimmatining timsoli ekanligi to‘g‘risidagi g‘oyalarni singdirish maqsadga
muvofiqdir.
1991 yil 15 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «O‘zbekiston
SSRning davlat ramzlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, unga muvofiq 1991 yil
18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i, 1991 yil 2 iyulda esa
O‘zbekiston Respublikasining gerbi (tamg‘asi) qabul qilindi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘ida oq, ko‘k, yashil va qizil
ranglar o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularning har biri muayyan ma’noni anglatishga
xizmat qiladi. Oq rang qizil rang bilan hoshiyalangan. Respublika bayrog‘ida yurt
tarixi, o‘zbek xalqining milliy ruhi va yurt tabiatining jamoli aks ettirilgan.
Bayroqning chap tomoni yuqorida qismida yarim oy va o‘n ikki yulduzning tasviri
tushirilgan. Ko‘k rang va yulduzlar tasviri tiniq, moviy osmon belgisidir. O‘rtadagi
oq rang esa yorug‘ kun va pokiza, oq ko‘ngilli o‘zbek xalqining tilagi, qizil
hoshiyalar esa tomirlarda jo‘sh urayotgan qon kabi tiriklik va hayot ramzidir.
YAshil rang esa qadim-qadimdan tabiat belgisi, oy (yangi oy) ramzining berilishi
mustaqillik sharoitida hayot kechirish xalqimiz uchun o‘ziga xos yangi davr
ekanligining ifodasidir. YUlduzlar sonining o‘n ikkitaligi yil oylari, muchal
hisobiga nisbatdir. Umuman, yulduzlar qadimdanoq abadiyat timsoli sifatida
qadrlanib kelingan. XVIII asrdan boshlab esa, buyuk intilish hamda ulug‘
g‘oyalarning ifodasi sifatida talqin etila boshlangan.
Respublika
milliy
bayrog‘ining
huquqiy
maqomi
«O‘zbekiston
Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunda belgilab berilgan. Milliy
bayroq va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘quvchilarga etkazish sinf
soatlarida, shuningdek, tarbiyaviy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida amalga oshiriladi.
Bayroq davlat mustaqilligining belgisigina bo‘lmay, u O‘zbekiston
Respublikasi nomini xalqaro maydonda ramziy ravishda ifoda etish uchun xizmat
qiladi. Davlat bayrog‘i Prezidentlik apparati, Respublika Oliy Majlisi va hukumati,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorig‘i Kengeshi va hukumati, xalq deputatlari
mahalliy Kengashlari, turli davlatlarda Respublika nomidan ish olib boruvchi
O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakolatxonalari binolarida ko‘tariladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet ellik mehmonlar Respublika
bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik qonun
yo‘li bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbida tog‘lar, daryolar, bug‘doy
boshoqlari (chap tomonda), ochilgan g‘o‘za shohlarining (o‘ng tomonda)
gulchambar holidagi tasviri aks ettirilgan. Gerb o‘rtasida serquyosh yurt ramzi
bo‘lgan quyosh o‘zining zarrin nurlarini sochib turibdi. Gerbning yuqoridagi
qismida Respublika mustaqilligining ramzi sifatida sakkiz burchak tasvirlangan
bo‘lib, uning ichida yarim oy (yangi oy – yangi tuzum) va yulduzlar (abadiyat
timsoli) joylashtirilgandir. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi bo‘lgan
kumush rangli Xumo qushi qanotlarini yozib turgan holda tasvirlangan. Xumo
qushi insonga baxt keltiruvchi, uni turli ofatlardan himoya qiluvchi, mehribon
jonzot sifatida o‘zbek xalq og‘zaki ijodida keng talqin etib kelingan. Gerbning
pastki markaziy qismida Davlat bayrog‘i ranglaridagi chambar lenta o‘zagida
«O‘zbekiston» so‘zi yozilgan. Gerbda ifoda etilgan sakkiz qirrali burchak –
masammandir. Ushbu belgi ijtimoiy hayotning ma’lum bir g‘oya, kuch
birlashtiradi degan g‘oyani anglatishga xizmat qiladi. Paxta va bug‘doy
boshoqlarining tasviri rizqu-ro‘zning nishonasidir.
Davlat gerbining huquqiy maqomi ham maxsus Qonun bilan himoyalanadi.
Davlat gerbidan foydalanish huquqi maxsus davlat hokimiyati va boshqaruvi
idoralariga berilgan bo‘lib, ularga O‘zbekiston Prezidenti devoni, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi, davlat hokimiyati va boshqaruvning mahalliy idoralari,
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, barcha toifadagi sudlar, prokuratura, diplomatik va
konsullik vakolatxonalari kiradi.
Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhrlar, hujjatlarning blankalari va
ulardan foydalanish, saqlash hamda yo‘qotish tartibi Respublika Vazirlar
Mahkamasining maxsus hujjati asosida tartibga solingan.
Davlat gerbining tasviri, shuningdek, fuqarolik pasporti, korxona, tashkilot,
muassasalarning ish qog‘ozlari, muhrlarida o‘z aksini topgan. Respublika fuqarosi
shaxs sifatida o‘z sha’ni, or-nomusini qanchalik muqaddas bilsa, fuqaro sifatida
davlat ramzlarini shu qadar muqaddas bilishi, uni asrash, muhofaza qilish uchun
o‘zida mas’ullik tuyg‘usini qaror toptirishi lozim. Fuqarolik tarbiyasini yo‘lga
qo‘yish jarayonida davlat ramzlaridan noqonuniy hamda, axloqsiz ravishda
foydalanayotgan kimsalarga nisbatan murosasiz bo‘lish lozimligini uqtirib borish
maqsadga muvofiqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov «O‘zbekistonning o‘z
istiqlol va taraqqiyot yo‘li» nomli asarida shunday yozadi: «O‘zbekistonni
yangilash va rivojlantirishning o‘z yo‘li to‘rtta asosiy negizga asoslanadi. Bu
negizlar:
- umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
- xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
- insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi;
- vatanparvarlik».
Fuqarolik tarbiyasining asoslaridan biri millat, xalq o‘tmishini o‘rganish
orqali milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini qaror toptirish sanaladi.
SHaxs ham, jamiyat ham o‘tmishni o‘rganish, uning har bir bosqichini tahlil
qilish asosida kelgusi hayot rejasini ishlab chiqadi.
O‘tmish mutafakkirlarining qarashlari, boy ma’naviy meros g‘oyalari bugungi
avlod uchun dasturilamal bo‘lishi lozim.
Allomalar, xalq qahramonlari hayotini o‘rganish, millat va shaxsga inson
sifatida kim ekanligini anglab etishga yordam beradi.
Milliy qadriyatlar g‘oyalarini o‘rganish asrlar davomida ardoqlanib kelgan
an’ana, urf-odat, marosimlar millatni bu qadar jipslashganligi siridan voqif etadi.
Fuqarolik tarbiyasi negizida xalq o‘tmishi, tarixini o‘rganish milliy qadriyatlar
mohiyatini anglashga yo‘naltirilgan faoliyatga o‘quvchilarni jalb etish ijtimoiy
maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgan yo‘l sanaladi.
O‘quvchilarni haqiqiy fuqaro etib tarbiyalash, ularda fuqarolik tuyg‘usini
qaror toptirish, fidoiy, vatanparvar fuqaro sifatida tarbiyalash evaziga ta’minlanadi.
YOsh avlodda fuqarolik hissi va e’tiqodini tarbiyalamay turib, ularda axloqiy,
xulqiy odatlar va ko‘nikmalarni shakllantirib bo‘lmaydi.
Fuqarolik tuyg‘usini qaror toptirish murakkab jarayon. Bunda dastlab
o‘quvchilarga fuqarolikning mohiyati va me’yoriy qoidalar mazmuniga oid
bilimlar beriladi. Avvalo, o‘quvchiga fuqarolik odobi va madaniyati haqida
tushunchalar beriladi, bu xildagi xatti-harakatlarga oid namunalar keltiriladi,
so‘ngra faoliyat uyushtiriladi. Ana shu asosida ularda fuqarolik tushunchasi
shakllanadi va fuqarolik xulqiy odatlari hosil qilinadi.
Badiiy va ilmiy adabiyotlar, matbuot yangiliklari, kinofilm, spektakl
g‘oyalari, turli suhbatlar mazmunini tushuntirish, targ‘ib etib borish orqali
o‘quvchilar ongiga fuqarolik tushunchalari singdiriladi. Fuqarolik tuyg‘usini
bolalarda maktabgacha ta’lim yoshidan boshlab hosil qilish maqsadga muvofiqdir.
Buning uchun «Respublika bayrog‘ida nimalar aks ettirilgan?», «Respublika
gerbida nimalar tasvirlangan?», «Humo qushi tasviri qanday ma’noni anglatadi?»,
«Sen Davlat madhiyasini bilasanmi?» kabi mavzularda suhbatlashish muhimdir.
O‘quvchiga fuqaro sifatida o‘z xulq-atvori mazmunini tahlil etish imkonini
berish lozim. YA’ni, «Bugun xalq farovonli, Vatan taraqqiyoti uchun nima qila
oldim?», «Zimmamdagi burchni qanday ado etdim?» tarzidagi savollarga javob
topishga o‘rgatish kerak.
YOsh avlodga turli fanlar asoslarini chuqur o‘zlashtirish ularning tafakkuri va
dunyoqarashini boyitishga, shuningdek, fuqaro sifatida o‘z majburiyatlarini
to‘laqonli anglashlari uchun imkoniyat yaratishini tushuntirib borish maqsadga
muvofiqdir. Fidoiylik, intiluvchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, qat’iyat,
matonat, uyushqoqlik kabi xislatlar o‘quvchilarda fuqarolik tarbiyasini tashkil etish
jarayonida tarbiyalanadi.
Fuqarolik tarbiyasini tashkil etish uchun ma’lum shart-sharoitlarning
mavjudligi taqozo etiladi. Bular:
1)
o‘quv yurtida tashkil etilayotgan ta’lim-tarbiya jarayoni yuksak
darajada uyushtirilishi kerak;
2) fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonining muvaffaqiyati o‘qituvchi
va o‘quvchilar jamoasining saviyasiga bog‘liq;
3) tarbiyaviy ishning rejali, uzluksiz, tizimli bo‘lishiga erishish;
4) oila, maktab va mahalla o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yuzaga kelishi
fuqarolik tarbiyasining muvaffaqiyatini ta’minlaydi;
5) o‘quvchilarning axloqiy va huquqiy me’yorlar, umumiy tartibga qat’iy
rioya etishga o‘rgatish, zimmasidagi burchni to‘laqonli ado etishlariga e’tiborni
qaratish.
Fuqarolik tarbiyasini tashkil etishda suhbat, munozara, ma’ruza, bahslardan
foydalanish, mashq, test, anketa savollarga javoblar olish kutilgan natijani
qo‘lga kiritishga imkon beradi.
Fuqarolik tarbiyasida uning natijasini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Bunda o‘quvchining tarbiyalanganlik darajasi asos qilib olinadi. Ushbu
maqsadda diagnostik (tashhis qo‘yish), statistik va qiyosiy tahlil tahlilni olib
borish lozim.
Ijtimoiy fuqarolik tarbiyasining tashkil etilishi natijasida kamol topgan fuqaro
o‘zida quyidagi sifatlarni namoyon eta olishi lozim:
- fuqarolik burchini bajara olish (o‘z Vatani, xalqi, ota-onasi oldidagi
majburiyatni his eta olish) qobiliyatiga egalik;
- milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘usiga ega bo‘lish;
- davlat Konstitutsiyasi, davlat hokimiyati organlari, mamlakat Prezidenti
hamda davlat ramzlari (gerb, bayroq va madhiya)ga nisbatan hurmatda bo‘lish;
- mamlakat taqdiri va istiqboli uchun javobgarlik, mas’ullik;
- ijtimoiy huquqiy hamda axloqiy me’yorlarga nisbatan hurmat va itoatda
bo‘lish;
- mamlakat milliy boyliklarini asrash, ularni ko‘paytirish haqida
qayg‘urish;
- davlat tili, milliy madaniyat va an’analarga sodiq, ularga nisbatan
ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, ularni asrash;
- ijtimoiy faollik;
- demokratik tamoyillarga amal qilish;
- tabiatga nisbatan ehtiyotkorona va mas’uliyatli munosabatda bo‘lish;
- fuqarolarning huquq va burchlarini hurmat qilish;
- huquqiy ong va fuqarolik madaniyatiga ega bo‘lish;
- to‘g‘riso‘z, adolatli, muruvvatli, mehribon bo‘lmish;
- o‘z faoliyati va xatti-harakatiga nisbatan mas’uliyatli bo‘lish;
- baynalminallik, o‘zga mamlakatlarning xalqlariga nisbatan hurmatda
bo‘lish va boshqalar.
Dostları ilə paylaş: |