To‘qimachilik – yigirilgan iplardan mato olish jarayonidir. Tayyor iplar sexga kelib tushadi, to‘quv stanoklarida ulardan mato to‘qib chiqariladi. Tanda va arqoq iplar o‘zaro birlashib to‘qishni tashkil qiladi. Aylanma to‘qimachilikning keng tarqalgani – dasmolchilik, bo‘zchilik.
To‘quvchilik stanogida ishni to‘quvchi boshqaradi. U bir vaqtning o‘zida 48 tadan 64 tagacha avtomat dastgohlarga xizmat ko‘rsatadi. Dastgoh to‘xtab qolsa, to‘quvchi uzilgan iplarni ulaydi, mato sifatini kuzatib boradi.
To‘quvchilik dastgohidan chiqqan gazmol uncha toza bo‘lmaydi – kulrang yoki sarg‘ish tusda, g‘ijim bo‘ladi. Bu mato pardozlashga jo‘natiladi: gazmolning ustki yuzasidagi tolalarning uchlari olib tashlanadi, oqartiriladi, bo‘yaladi yoki naqsh bosiladi, rasm tushiriladi.
Gazlamaning ko‘rinishi va xususiyatlari uning to‘qilishiga bog‘liq bo‘ladi. Gazlamalar polotno, sarja, satin va atlas usulida to‘qiladi. Biz siz bilan polotno va sarja to‘qishni o‘rganamiz.
5-amaliy mashg‘ulot
Polotno va sarja to‘qish
Kerakli asbob va moslamalar: rangli qog‘oz, qaychi, yelim, chizg‘ich, qalam, o‘chirg‘ich, ishchi daftar.
Ikki xil rangdagi qog‘ozdan polotno to‘qishni ko‘rsatish. Gazlama to‘qishda bo‘ylama qog‘oz – tanda va ko‘ndalang qog‘oz – arqoq hisoblanadi.
Polotnoni qog‘ozdan to‘qish, odatda, quyidagi bosqichda amalga oshiriladi:
1. O‘lchamlari 105x150 mm li oq qog‘oz olib, oralari uzunasiga bir xil qilib chizg‘ichda chizib olinadi, so‘ngra to‘g‘ri qilib kesib chiqiladi (kesiklar soni juft bo‘lsin).
Shunda ularning oralaridan to‘qib o‘tkaziladigan qog‘oz tasmalarning ikkala uchini ham oq qog‘ozning orqasiga keltirish mumkin.
2. Rangli qog‘ozdan tasmalar qirqiladi. Tasmaning eni oq qog‘ozdagi ikki kesik o‘rtasidagi masofaga teng bo‘ladi. Uzunligi esa oq qog‘ozning bo‘yi bilan barobar bo‘lsin.
Oq qog‘ozdagi kesiklar bo‘ylama (tanda), rangli qog‘ozli tasmalar esa ko‘ndalang (arqog‘i) joylashadi.
3. Rangli tasmalar oq qog‘ozning orqa tomonidan o‘tkaziladi. Ular navbatmanavbat, goh tanda ostidan, goh ustidan o‘tkazib to‘qiladi.
Har bir tasmaning uchi oq qog‘ozning orqa tomonidan kirib to‘qib borilib, oxirida yana orqa tomoniga chiqib tugasin. Ularning har ikkala uchi oq qog‘ozga yelimlab qo‘yiladi.
4. Tayyorlangan namuna ishchi daftarga yopishtiriladi.