Psixik faollik - bu normal rivojlanayotgan bolaning atrof olamdagi predmetlarni, insoniy munosabatlarni bilishga nisbatan qiziqishdir. Psixik faollik deganda, bolani o‘zini bilishga nisbatan ehtiyoji ham tushuniladi. Maktabga birinchi bor kelgan bolada qator qiyinchiliklar yuzaga keladi. Ularning, avvalo, bir qancha maktab qoidalariga bo‘ysunishi qiyin kechadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun eng qiyin qoida bu dars vaqtida jim o‘tirishdir. O‘qituvchilar o‘quvchilarning doimo jim o‘tirishlariga harakat qilishadi, lekin kamharakatli, passiv, quvvati kam bo‘lgan o‘quvchigina dars jarayonida uzoq vaqt jim o‘tira oladi.
Birinchi sinfning birinchi kunlaridan boshlab bola engishi kerak bo‘lgan bir qancha qiyinchiliklarga uchraydi. Bu qiyinchiliklar: maktab hayotini o‘zlashtirish, yangi kun tartibini yaratish va unga moslashish, u uchun yangi bo‘lgan sinf jamoasiga qo‘shilish, xatti-harakatlarini chegaralovchi qoidalarni qabul qilish, o‘qituvchi bilan munosabatlarni o‘rnatish, oilaviy munosabatlarni qabul qilish v.h. Bunday vaziyatlarda kattalar, ya’ni ustoz va ota-onalar bolalarga albatta yordam berishlari zarur. Birinchi bor maktabga kelgan bola hali o‘zini to‘liq anglashi va o‘z xatti-harakatlarini aniq bilishi qiyin. Faqat o‘qituvchigina bolaga me’yorlar qo‘yishi, ularning xatti-harakatlarini baholashi, o‘z xatti-harakatlarini boshqalar bilan moslashtirishga sharoit yaratishi mumkin. Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan qo‘yiladigan yangi talablar va shartlarni qabul qiladilar, Shuningdek ularning qoidalariga to‘la amal qilishga harakat qiladilar. O‘g‘il bolalar va qizlar rivojlanish tempidagi o‘zgarishlar saqlanib qoladi. Qiz bolalar hamma tomondan rivojlanishda o‘g‘il bolalardan oldinga o‘tib oladilar. Kichik maktab Yoshidagi bolalarning asosiy faoliyati o‘qish hisoblanadi. Bolaning maktabga borishi, uning psixologik rivojlanishi va xulq-atvoridagi o‘rni nihoyatda katta. Bu davrda axlokiy xatti-harakat koidalari o‘zlashtiriladi, shaxsning ijtimoiy yo‘nalishi tarkib topa boshlaydi. Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning axlokiy onglari I va IV sinfdagi o‘qish mobaynida muhim o‘zgarishlarga uchraydi va axlokiy sifatlar, bilim va tasavvurlar sezilarli darajada boyiydi.
Bola o‘quv faoliyatida o‘qituvchi rahbarligida insoniy an’analar asosida harakat qilishga o‘rganadi, o‘z irodasini o‘quv maqsadlariga erishish uchun mashq qildiradi. O‘quv faoliyati boladan nutq, diqqat, xotira, tasavvur va tafakkurini kerakli darajada rivojlanishini talab etgan holda, bola xulq-atvorining rivojlanishi uchun yangi sharoitlarni yaratadi. Kichik maktab davri bu anglanilgan va ixtiyoriy xatti-harakatlarga o‘tish davridir. Bola faol ravishda o‘zini o‘zi boshqarishga, qo‘yilgan maqsadlarga ko‘ra o‘zining faoliyatini tashkil etishga o‘rganish davridir. Kichik maktab davrida xatti-harakatlarning yangi shakllarini paydo bo‘lishi bevosita o‘quv faoliyati bilan bog‘liqdir. Hech bir o‘qituvchi maktabga birinchi bor kelgan boladan o‘zi o‘rgatmagan arifmetik misol va masalalarni echishni talab etmaydi, lekin afsuski, juda ko‘p o‘qituvchilar ulardan qunt bilan o‘qishni, uyushqoqlikni, ma’suliyatlilikni, tartibga aniq rioya etishni talab etadilar. Vaholanki, ushbu ko‘nikmalar o‘qituvchi tomonidan ma’lum odat va malakalarga o‘rgatilinganidan so‘nggina paydo bo‘ladi. Ixtiyoriy ravishda harakat qilish layoqati butun kichik maktab davri davomida shakllanadi. Psixik faoliyatning oliy shakli singari ixtiyoriy xatti-harakatlar ularning shakllanishini asosiy qonuniga bo‘ysunadi. Unga ko‘ra yangi xatti-harakatlar avvalo kattalar bilan bo‘lgan umumiy faoliyatda yuzaga kelib, bola shunday xatti-harakatlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganadi va shundan keyingina u bolaning individual xatti-harakat usuliga aylanadi. Kattalar bolalarni amaliy jihatdan o‘z vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlash borasida yaxshi o‘qish, o‘ynash, sayr qilish va boshqa narsalar bilan shug‘ullanish qoidalariga o‘rgatadilar. Demak, oilada bola u bilan hisoblashadigan, maslahatlashadigan yangi bir o‘rinni egallaydi. Kichik maktab davri bu ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar davridir. Shuning uchun ham rivojlanishning shu bosqichida har bir bola erishgan muvafaqqiyatlar darajasi nihoyatda muhim hisoblanadi.Agar shu Yoshda bola bilish, o‘rganish quvonchini his etmasa,o‘qish malakalarini egallay olmasa, do‘stlashishni bilmasa, o‘ziga nisbatan, o‘z imkoniyat va layoqatlariga nisbatan ishonchli bo‘la olmasa, bu ishlarni kelgusida amalga oshirish qiyinroq bo‘lib, boladan yuqori ruhiy va jismoniy zo‘riqishni talab etadi.