30-modda. Vasiyning yoki homiyning o‘z majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilishi
Vasiy yoki homiy o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan yoxud o‘z huquqlarini suiiste’mol qilgan hollarda, ularni o‘z majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qaror tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida qabul qilinadi.
Vasiy yoki homiy o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlardan g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda foydalanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz va zarur yordamsiz qoldirganda, vasiylik va homiylik organlari uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni ko‘rishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 48-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi o‘z majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining VI bo‘limi (“Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish shakllari”), O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasi oltinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-son qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida”gi nizom.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi o‘z majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs o‘z majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilganligi unga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonunchilikda belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
(30-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 43-moddasi.
LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 94-bandi.
6-bob. Vasiylar va homiylarning huquq va majburiyatlari. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari
Dostları ilə paylaş: |