32-modda. Vasiylar va homiylarning majburiyatlari
Vasiylar va homiylar:
o‘zining yashash joyi o‘zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z vasiyligidagi shaxsning maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olishi uchun sharoitlarni ta’minlashi;
(32-moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Oldingi tahrirga qarang.
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonunchilikka muvofiq boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni talab qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi;
(32-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning o‘zlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tug‘dirmasligi;
ushbu Qonunning 37-moddasida nazarda tutilgan hollarda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olishi;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablag‘laridan uning ta’minoti uchun foydalanishi;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini ta’minlashi;
vasiylik va homiylik organlariga o‘z majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashashi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 86-bandi.
O‘z homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan homiyning yashash joyini o‘zgartirishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Homiyning o‘z homiyligidagi o‘n olti yoshga to‘lgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, ta’minotiga va ta’lim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasa, vasiylik va homiylik organlarining yozma ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Homiy o‘z homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, ta’lim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy ta’siridan himoya qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq uni olish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart.
(32-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi, O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risida”gi nizomning 1-bandi ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Muomala layoqati cheklangan fuqarolarning homiylari ularni spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol etishdan, chekishdan himoya qilishga doir zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.
Vasiylik va homiylik bo‘yicha majburiyatlar bepul bajariladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 90-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiylar va homiylarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(32-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Dostları ilə paylaş: |