Mavzu O’zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi-www.hozir.org
Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi jamoa faoliyatida anchagina sermahsul hisoblanadi. A.S.Makarenkoning aniqlashicha, bu davrda butun jamoa «ayrim o’zini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs»larga talab qo’ya boshlaydi.
Jamoaga endilikda faqat faollargina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. Pedagog mazkur yo’nalishdagi ishni maqsadga muvofiq va izchil olib borgan sharoitda ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. Shu maqsadda u yoki bu tadbir rejasini jamoaning birgalikdagi faoliyati yakuni, uning a’zolari tomonidan jamoa bo’lib muhokama qilinadi: turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, o’quvchilar o’rtasida samarali axborot vositalari yordamida ijtimoiy, g’oyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va boshqa bilimlar targ’iboti tashkil etiladi. Pedagog jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarini ijobiy tajribaga qo’shish imkonini beradigan, o’zaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir ko’rsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi. Jamoa o’zining har bir a’zosida ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni maqsadga muvofiq ravishda shakllantirib borish, jamoa a’zolari orasida barqaror insoniy munosabatlarni tarkib toptirishga yordam beradi. Jamoada barqaror insoniy munosabatlarining yuzaga kelishining sababi, uning a’zolarini yuksak axloqiy mazmunga ega bo’lgan ishlarni tashkil qilishda faol ishtirok etishlarini samarasidir. Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichida ko’rsatib o’tilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda faqat jamoa faoliyatini emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga axloqiy mazmundagi talablarni qo’ya boshlaydi.
Jamoa rivojlanishining to’rtinchi bosqichi. Bu bosqich uchinchi bosqichning bevosita davomi bo’lib, uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan talablar asosida o’z-o’zlariga talablar qo’ya olishlari bilan tavsiflanadi. Shuni aytish mumkinki, har bir bosqich jamoa a’zolarining o’ziga muayyan talablar qo’yishi bilan tavsiflanadi, ammo qo’yilgan har bir talab o’ziga xos yo’nalishi (masalan, o’yinda umuminsoniyat baxti uchun kurashishga intilish o’rtasidagi farq) bilan ajralib turadi. Xuddi shu jihatdan to’rtinchi bosqich jamoa a’zolarining o’ziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qo’ya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy extiyojlariga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni o’z-o’zini tarbiyalash jarayoniga o’sib o’tadi. Biroq, u ayrim Shaxsning yanada rivojlanishida jamoaning tutgan o’rnini pasaytirmaydi. To’rtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldidagi istiqboli, yuksak va murakkab talablar qo’yish uchun qulay sharoit yaratiladi.