O‘zbek halqining muqaddas qadamjo va ziyoratgohlari aslida voha aholisining milliy, ma’naviy qadriyatlarini va etnomadaniyatini mujassamlashtirgan bo‘lib, unda biologik, geografik, iqtisodiy, til va madaniyat kabi omillar ta’sirida ming yillar davomida shakllangan. Qashqadaryo vohasi qadamjo va ziyoratgohlariga bag‘ishlangan tadqiqotlarning tahliliga ko‘ra, vohaning muqaddas qadamjo va ziyoratgohlari tadqiqotchilar tomonidan tarixiy nuqtai nazardan o‘rganilmagan.
Tadqiqot jarayonida Qashqadaryo vohasidagi ziyoratgoh va qadamjolar paydo bo‘lishi, joylashuvi va tabiiy hamda mo‘jizaviy xususiyatlari, ijtimoiy tarkibi va turistik manzilgohlar tarzida tasniflandi.
Jahonga mashhur shaxslar (Amir Temur, Faxrul-islom Bazdaviy, Abul Mu’in an-Nasafiy va boshqalar) nomlari bilan bog‘liq va shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lgan (Oqsuv, Xo‘jayi Jarroh, Qo‘tirbuloq ota, Ishoq ota kabi) ziyoratgoh va qadamjolar tarixi hamda tibbiy ekoturistik manzilgoh sifatidagi mohiyati tarixiy-etnografik materiallar asosida dalillandi va ayrim (Nuh, Ibrohim kabi) payg‘ambarlar nomlari bilan bog‘liq ziyoratgoh va qadamjolar mavjud bo‘lsada, manzilgohlarning asosiylari diniy ulamo va avliyo sifatida shuhrat qozongan mahalliy aholi vakillari ekanligi aniqlandi.
TAKLIF VA TAVSIYALAR:
1. Ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish va ziyoratgohlarning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash maqsadida Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan vohadagi ziyoratgohlarning joylashuvi va xususiyatidan kelib chiqib “Ziyorat qilish odobi” to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy qilinishi orqali aholi orasida ziyorat odobi va madaniyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini olib borish;
2. Qashqadaryo viloyatining tog‘li va chekka hududlaridagi aksariyat ziyoratgohlarga olib boruvchi yo‘l tarmoqlarini ta’mirlash, turizm-ekskursiya xaritasi va marshrutlarni ishlab chiqish, yoritish uskunalari bilan jihozlash, mehmonxonalarni qurish hamda ularda sayyohlar bilan ish yuritish jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish ishlariga viloyat hokimligi, homiy tashkilotlar, shuningdek, respublika “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘larining bir qismini yo‘naltirish, shuningdek, ziyoratgohlar hududida o‘z mablag‘i hisobidan qurilish va obodonchilik ishlarini qilgan tadbirkorlarga imtiyozlar berish;
3. Tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va boshka turistik obyektlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlagan holda, ularga kirish va hech qanday to‘siqlarsiz ziyorat qilish imkoniyatini yaratish va targ‘ibotini kuchaytirish, ularning mifologiyasiga alohida e’tibor qaratgan holda tashrif buyuruvchilar qiziqishini orttirib, imidjini yaxshilashga xizmat qiladi.