Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisodiyot fakulteti moliya kafedrasi



Yüklə 0,63 Mb.
səhifə18/74
tarix14.12.2023
ölçüsü0,63 Mb.
#177506
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   74
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisodiyot fakulteti m-fayllar.org

Korporativ boshqaruvning o‘zbek modeli. O‘zbekistonda korporativ boshqaruvning milliy modelining shakllanish bosqichida turganligi, tarqoq holda turli modellarning ayrim jihatlarini o‘zida mujassamlashtirganligi ko‘plab tadqiqotchi-olimlar tomonidan ta’kidlanadi6.
Xo‘sh, hozirgi kunga kelib, O‘zbekistonda korporativ boshqaruvning milliy modeli shakllanib ulgurdimi? Bu jarayon to‘la-to‘kis yakunlandimi? kabi savollarga javob berish birinchidan murakkab, ikkinchidan esa, hali erta. Fikrimizcha, avvalambor, o‘ziga xos jihatlariga ega bo‘lgan milliy model e’tirof etilishi zarur. E’tirofga sazovor bo‘lish uchun uning samarasi tan olinishi kerak. Masalan, AQSH korporatsiyalari muvaffaqiyati (korporatsiyalar tarixidagi rekord darajadagi daromad – Apple kompaniyasi misolida), nemis kompaniyalarining eksport salohiyati, yapon korporatsiyalaridagi yuqori samaradorlik ortida shubhasiz umume’tirof etilgan korporativ boshqaruv modellari turibdi.
Albatta, boshqaruv modellari o‘zgarishsiz qotib qolmaydi, shaklan va mazmunan o‘zgarib, ichki va tashqi mexanizmlari o‘zgaruvchan muhitga moslashib borishi mumkin, globallashuv oqibatida korporativ boshqaruv sohasidagi qoidalar ham barchaga birdek o‘rnatilishi, modellardagi o‘xshashliklar ortishi mumkin.
Bu o‘rinda albatta milliy xususiyat va shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, turli korporativ boshqaruv modellarining eng yaxshi jihatlari va mexanizmlarini o‘zida mujassamlashtirgan va eng muhimi yuqori samarani ta’minlaydigan milliy modelni shakllantirish juda dolzarb masaladir. Biror mamlakatga yoki mamlakatlar guruhiga xos va o‘sha mamlakatlar uchun yuqori samaradorlikni ta’minlaydigan korporativ boshqaruv modelidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zgarishlarsiz nusxa ko‘chirish va uni joriy etish nomaqbul ekanligi barchaga ayon. Ayni paytda, korporativ boshqaruv tizimidagi o‘ziga xosliklarga qaramasdan, barcha mamlakatlar uchun tavsiya etiladigan xalqaro korporativ boshqaruv tamoyillari ishlab chiqilganki, ushbu tamoyillarga rioya etish milliy korporativ boshqaruv tizimining yetuklik darajasini belgilashga xizmat qiladi. Zero, zamonaviy sharoitda kompaniyalarning faoliyat ko‘lami kengayib milliy iqtisodiyot sarhadlaridan tashqariga chiqmoqda, boshqacha aytganda, transmilliylashuv jarayonlari kuchaymoqda, bunday korporatsiyalardagi boshqaruv tizimidagi manfaatdor tomonlar guruhi ham kengayib, xilmaxillashib bormoqda.
O‘zbekistonning korporativ boshqaruv tizimi shaklan nemis modeliga o‘xshashdir. Bu o‘xshashlik ikki pog‘onali kengash, moliyalashtirishda bank tizimining yetakchiligi kabilarda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, milliy korporativ boshqaruv tizimining o‘ziga xos jihatlari ham mavjud. Masalan, oltin aksiya amaliyoti nemis korporativ qonunchiligi va kodeksida mavjud emas. Shuningdek, O‘zbekiston korporativ tuzilmalarida ishchi va xodimlarning kuzatuv kengashiga nomzod ko‘rsatishi yoki ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi. Ayni paytda, yirik nemis korporatsiyalari kuzatuv kengashlarining 50 foizini aynan ishchi va xodimlarning vakillari tashkil etadi.
Kengashning ikki pog‘onali bo‘lishi ayni paytda direktorlar korpusi tomonidan kompaniyani to‘liq idora qilish, yuqori bonus va mukofot ilinjida risk maqbul bo‘lmagan darajasida faoliyat yuritish holatlarini oldini olishga xizmat qiladi. Biroq Kuzatuv kengashi tarkibida kompaniya faoliyati xususiyatlarini to‘liq anglaydigan, uning strategik rivojlanishi bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lmagan a’zolar mavjud bo‘lishi, shuningdek, tarkibda turli vazirlik va davlat idoralari rahbarlari ulushining yuqori bo‘lishi sharoitida kengash faoliyati samaradorligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Zero, Rossiya Federatsiyasi amaliyoti ko‘rsatishicha, mustaqil direktorlar hukumat vakillariga nisbatan samaraliroq faoliyat olib bormoqda. Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat korporatsiyalari kengashlarining yig‘ilishlarida ishtirok etish (davomat) darajasi mustaqil direktorlarda – 77 %, davlat vakillarida esa – 71 %ni tashkil etgan7.
Shunga mos ravishda mustaqil direktorlarning direktorlar kengashidagi salmog‘i nafaqat Rossiyada, balki jahon miqyosida o‘sish tendensiyasiga ega. Chunonchi, S&P 500 indeksidan joy olgan kompaniyalarda direktorlar kengashi o‘rtacha 11 kishidan tashkil topgan bo‘lsa, shundan 9 tasini mustaqil direktorlar tashkil etgan8 Spencer Stuart ma’lumotlariga ko‘ra, mustaqil direktorlarning ulushi 2015 yilda Germaniyada 60 foizni, Buyuk Britaniyada 60,5 foizni tashkil etgan.
O‘zbekistonda ham aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining mustaqil a’zosi bo‘lishi, uning miqdoriga nisbatan talab – ya’ni har bir kuzatuv kengashida kamita bitta (lekin jamiyat ustavida belgilangan Kuzatuv kengashi a’zolari sonining 15 foizidan kam bo‘lmagan) mustaqil a’zo bo‘lishi Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalari qatoridan joy olganligi quvonarli hol, albatta. Bu, o‘z navbatida, korporativ boshqaruvda shaffoflik, axborot ochiqligi va obektivligini ta’minlashda muhim omil vazifasini o‘taydi.
Respublikamiz aksiyadorlik jamiyatlari korporativ boshqaruv tizimida kuzatuv kengashlari roli va faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida kengash a’zolarining mukofotlari darajasini korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalari va moliyaviy natijadorlikka bog‘lab qo‘yish amaliyoti O‘zbekiston korporativ boshqaruv kodeksi bilan belgilab qo‘yildi. Shu maqsadda aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini baholash bo‘yicha savolnoma tuzilib, tasdiqlandi4. Biroq ushbu savolnomaga kiritilgan masalalar nafaqat kuzatuv kengashi faoliyatini, balki jamiyatning butun faoliyatini, jumladan menejment faoliyatini qamrab oladi. Vaholanki, menejment bo‘yicha mukofotlash tizimi davlat ulushi mavjud bo‘lgan jamiyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 28 iyuldagi 207-sonli “Davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.
Fikrimizcha, aksiyadorlik jamiyatlarida kuzatuv kengashi a’zolarining javobgarligini oshirish, ular oladigan mukofot darajasini “hammaga birdek” tamoyili asosida emas, balki faoliyat samarasiga qo‘shgan hissasiga ko‘ra belgilash amaliyotiga o‘tish zarur. Buning uchun esa kuzatuv kengashi faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish va tashqi baholovchi kompaniyalarni jalb qilgan holda yiliga bir marotaba kuzatuv kengashi umumiy faoliyatini, qo‘mitalar faoliyatini va har bir a’zo faoliyatini baholash amaliyotini joriy etish maqsadga muvofiqdir.
2-savol bayoni. Ma’lumki, menejerlar samarali loyihalarga investitsiya qilish orqali aksiyadorlarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritadi. Ammo, bunda agentlik muammosini ko‘rib o‘tamiz. Aksiyadorlar qanday qilib menejerlar (agent) o‘z foydalarini ko‘zlab faoliyat yuritmayotganliklariga ishonch hosil qilishlari mumkin? Aksiyadorlar butun umrlarini menejerlar o‘z boyliklarini maksimallashtirmoqdalarmi yoki pasaytirmoqdalarmi ekanligini kuzatib o‘tirmaydilar. Ammo bu yerda bir qancha institutsional tartiblar aksiyadorlar cho‘ntagi menejerlar yuragiga yaqinligini ta’minlashga yordam beradilar.

Kompaniyaning direktorlar kengashi aksiyadorlar tomonidan saylanadi va ularni vakili hisoblanadi. Agar kompaniya o‘z yo‘lidan og‘ishib, menejerlar qayta tiklanish rejasini taqdim etmaydigan bo‘lsa, direktorlar kengashi harakatga keladi. Keyingi yillarda Eastman Kodak, General Motors, Ford Motor, Xerox, Lucent, Sunbeam, Lands End, Royal bank of Scotland kabi yirik korporatsiyalarda daromadlilik pasayib, yangi strategiyaga ehtiyoj zarur bo‘lishi bilan, ushbu korporatsiyalarning bosh menejerlari vazifasidan ozod etildi.


Agar, aksiyadorlar nazaridan korporatsiya o‘z imkoniyatlari darajasida faoliyat yuritmayotgan bo‘lsa, va bunda, direktorlar kengashi menejerlarni yetarlicha faoliyat yuritishga harakat qilmasalar, unda keyingi saylovlarda ushbu kengash a’zolari o‘zgartiriladi. Aksiyadorlar bunga erishsalar, yangi saylangan direktorlar kengashi yangi menejerlar guruhini ishga yollaydilar. Ammo, yangi direktorlar kengashini saylash har doim o‘ta xarajatli va kamdan-kam hollarda muvoffaqiyatli amalga oshiriladi. Shu sababli, korporatsiya faoliyatidan norozi bo‘lganlar, odatda, kurash olib bormasdan, balki ushbu korporatsiyadagi o‘z ulushini (aksiyalarini) sotadilar.
Aksiyalarni sotish, o‘z-o‘zidan, juda qattiq signal beradi. Agar katta miqdordagi aksiyadorlar o‘z aksiyalarini sotishni boshlasa, unda aksiya bahosi pasayishni boshlaydi. Bu top(yuqori) menejerlar obro‘iga va ular oladigan bonuslarga salbiy ta’sir etadi. Ko‘plab top menejerlarning daromadlari kompaniya daromadlari yoki aksiya opsionlariga bog‘lab qo‘yilgan bonuslar shaklidan iborat. Ushbu bonuslar aksiya bahosi oshsa, daromad keltiradi, baholarning belgilangan nuqtadan pasayishi bilan hech narsaga arizimas bo‘lib qoladi. Bu menejerlarni pul oqimlari va aksiya baholarini oshirishiga motivatsiya qiladi (undaydi).
Agar menejerlar va direktorlar kengashi qiymatni maksimallashtirmasa, bu kompaniyani boshqalar tomonidan zo‘rlik bilan tortib olinishiga olib keladi. Notug‘ri tanlangan siyosat yoki bo‘shashtirib yuborilgan menejment natijasida kompaniyaning aksiyalar bahosi tushib boraverar ekan, bu boshqa kompaniya yoki bir guruh investorlarga yirik miqdordagi aksiyalarni osonlik bilan qo‘lga kiritishiga imkoniyat beradi. Bu holat eski menejment guruhini ko‘chaga ishsiz qilib olib chiqib qo‘yadi va kompaniya qiymatini realizatsiya qilish bo‘yicha o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyor yangi menejerler guruhiga zaruratni yuzaga keltiradi.
Agar, korporatsiyaning top menejerlari ishyoqmas va aksiyadorlar manfaatlari bilan ishlari bo‘lmasa, yuqoridagi holat ularni faol ishlashiga zaruriy bosimni yuzaga keltiradi.
3-savol bayoni. Korxona rahbariyati o‘z kundalik faoliyatida moliyaviy rejalashtirish, moliyaviy qarorlar qabul qilish, natijalarni tahlil qilish va baholash hamda boshqa shu kabilar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bilan to‘qnash keladi. Tadbirkorga kutilgan natijani (foydani) keltirishi lozim bo‘lgan har qanday yangi loyiha ma’lum bir g‘oyalar asosida paydo bo‘ladi. Bu g‘oyalar mahsulot ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qayta sotish maqsadida tayyor mahsulotlarni sotib olish va boshqa shu kabilarga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu daromad olish maqsadida boshqa kompaniyaga o‘z pul mablag‘larini investitsiyalash to‘g‘risidagi g‘oyalar ham bo‘lishi mumkin.

Ko‘p sonli imkoniyatlar va bozordagi jiddiy raqobat sharoitida tadbirkor o‘ziga to‘g‘ri yo‘nalish belgilab olishni bilishi juda zarur. Faraz qilaylik, siz uyali aloqa xizmati ko‘rsatish bo‘yicha o‘z biznesingizni boshlashni hohlaysiz. Tasavvur qiling, ayni vaqtda hudud bo‘yicha bunday xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan o‘nta kompaniya muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Bu kompaniyalardan har biri o‘z raqobatchilarini diqqat bilan kuzatib boradi. Xizmat ko‘rsatish sifati va texnologiyasida orqada qolmaslikka, shuningdek, imkon qadar kengroq abonentlar doirasini qamrab olishga intiladi. Agar barcha uyali aloqa kompaniyalari bir xil texnologiyalardan foydalansa va bir xil maqsad sari intilsa, bu uzoq muddatli planda ko‘rinadiki, ular amaliy jihatdan bir xil narx bo‘yicha bir xil xizmatlarni iste’molchiga taqdim etadilar. Birorta ham uyali aloqa kompaniyasi raqobatchilariga qaraganda o‘z xizmati uchun yuqori narx belgilay olmaydi, aks holda o‘z mijozlarini yo‘qotadi. Natijada biz mikroiqtisodiyotda ideal raqobat (sof raqobat) deb ataluvchi holatga ega bo‘lamiz. Ideal raqobat sharoitida bitta tarmoqqa kiruvchi kompaniyalar bir xil tovar va xizmatlarni taklif qilgan holda, bir xil narx belgilaydilar va qo‘shimcha ravishda deyarli bir xil daromadga ega bo‘ladilar.


Agarda ideal raqobat haqiqatda mavjud bo‘lganda tadbirkorning jamiyatdagi o‘rni va hayoti zerikarli, kelajagi esa yo‘q bo‘lardi. Haqiqatdan ham bunday sharoitda xususiy biznesni boshlashning umuman keragi ham bo‘lmasdi. YA’ni, oddiy tarzda pul mablag‘larini boshqa kompaniyaga joylashtirish va o‘zi hohlagan o‘rtacha daromadni olish mumkin bo‘lardi.
Har bir tadbirkorning ish jarayonidagi ishonchi va umidi bozordagi barqaror balansni buzishga, raqobatchilariga qaraganda yaxshiroq mahsulot ishlab chiqarishga, ish jarayonini yanada samarali tashkil etishga, bozorning mumkin qadar kattaroq qismini egallashga, erkin raqobat sharoitida g‘olib chiqishga va bevosita o‘z shartlarini o‘tkazishga undaydi. Faqatgina ana shunda biznesning uzoq muddatli muvaffaqiyatini va aksariyat raqobatchilarga qaraganda yuqoriroq foyda olishni ta’minlash mumkin. Bozorni egallash va shu orqali foydaning doimiy ravishda o‘sib borishini ta’minlashda kompaniya biznesi rivojlantirishning aniq strategiyasi belgilanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqqan holda belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun talab qilinadigan iqtisodiy resurslarni jamlay olishi va ulardan nafaqat ishlab chiqarish nuqtai nazaridan, balki moliyaviy nuqtai nazardan ham eng samarali usullardan foydalana olishi lozim. Bunda moliyaviy samaradorlikni ta’minlash moliyaviy menejerning bosh vazifasi hisoblanadi.
Moliyaviy menejer – bu biznes egasining agenti bo‘lib, u mulkdor manfaatlari uchun faoliyat yuritishi lozim. Uning faoliyati kompaniyaning boshqa rahbarlaridan ajralmagan holda amalga oshiriladi. YA’ni, moliyaviy menejer umumiy strategik maqsadlarga erishish uchun rejalashtirish bo‘limi, marketing, buxgalteriya va boshqa asosiy bo‘limlar bilan o‘aro hamohang tarzda faoliyat yuritishi talab etiladi.
Moliyaviy menejment foydani maksimallashtirish, aksiya kursini va biznes qiymatini maksimallashtirish, aksiyaga to‘g‘ri keladigan foyda va dividend darajasini oshirish, shuningdek, xo‘jalik subekti raqobatbardoshligi va moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida pul mablag‘lari, moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish jarayonini boshqarishni anglatadi. Bundan asosiy maqsad kompaniya mulkdorlarining (aksiyadorlarining) boyligini orttirish hisoblanadi. Umumiy holda aksiyadorlar mulkini oshirib borish va biznesning strategik maqsadi hisoblangan foydani maksimallashtirish masalalari bir-biriga o‘zaro bog‘liqligini ham ta’kidlash lozim. Bunda moliyaviy menejerlar oldiga qo‘yiladigan aosiy va strategik masala uzoq muddatli istiqbolda foydani muntazam ravishda maksimallashtirib borish orqali korxona bozor bahosini oshirib borish hisoblanadi.
Moliyaviy menejerning vazifalarini beshta asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin:
1. Investitsion loyihalar jozibadorligini baholash va ularning ichidan iqtisodiy samara keltiradigan va aksiyador mulkining ortishiga xizmat qiladigan loyihalarni tanlash.
2. Investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari va usullarini aniqlash va belgilash.
3. Kompaniya likvidliligi va to‘lovga layoqatliligini samarali boshqarish.
4. Faoliyat davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni baholash va boshqarish.
5. Investorlar (aksiyadorlar) manfaatlarini qanoatlantiruvchi foydani taqsimlash siyosati (mexanizmi)ni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Yuqorida keltirilgan vazifalar ijrosini moliyaviy menejerlar tomonidan bajarish jarayonida moliyaviy risklarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Kompaniyalar uchun eng muhim resurs pul hisoblanadi. Chunki uni har qanday boshqa aktivga almashtirish mumkin. Kreditlar bo‘yicha foizlar va dividendlar ham pul shaklida to‘lanishi lozim. Shuning uchun biznesning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pul mablag‘larini jalb qilish va ishlab topish bo‘yicha kompaniya imkoniyatlariga bog‘liq.
Moliyaviy menejer kelgusi jarayonlar uchun ham pul mablag‘lari tushumlari va xarajatlarni baholay olishi, moliyaviy rejalashtirish bilan bog‘liq ishlarni tashkil eta olishi talab etiladi. Shunday ekan, moliyaviy menejerning vazifasi kelgusi pul oqimlari harakati (pul mablag‘lari kirimi va chiqib ketishi) ehtimolini hisobga olishi va to‘g‘ri belgilashi lozim. Boshqacha aytganda moliyaviy menejer loyihalar bo‘yicha risklarni baholay olish va ularni boshqarishni bilishi shart.
Ma’lumki, har qanday kompaniyada moliyalashtirishning ikkita prinsipial manbasi bo‘lishi mumkin. Bular qarz mablag‘lari va xususiy mablag‘lar. Ularni tanlash va kompaniyani moliyalashtirish tarkibidagi ulushini belgilash ko‘p jihatdan uning iqtisodiy samaradorligiga bog‘liq. Bundan tashqari mijozlarni kreditlash siyosati, qarzlarni undirish, qisqa muddatli ehtiyojlarni moliyalashtirish usullari ham kompaniya faoliyat samaradorligini aniqlashda va qarzlar bo‘yicha foizlarni to‘lash imkoniyatini baholashda katta ahamiyat kasb etadi. Aynan keltirib o‘tilayotgan jihatlardan kelib chiqqan holda moliyaviy menejer biznesni moliyalashtirishning eng foydali yo‘llarini belgilab bera olishi lozim.
Shuningdek, moliyaviy menejerdan erishilgan foydadan foydalanish bo‘yicha shunday siyosat ishlab chiqish talab qilinadiki, natijada investorlar (aksiyadorlar)ning manfaatlari qanoatlantirilishi lozim. Bunda dividend siyosatini tanlash investorlarning tiplari va shartlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Umumiy holda dividend siyosati bir tomondan kompaniya strategik maqsadlari bilan muvofiq kelishi, ikkinchi tomondan aksiyadorlar manfaatlarini qanoatlantira olishi zarur.
Odatda kichik biznes subektlari moliyaviy menejment sohasidagi mutaxassislarni jalb qilmaydilar. Ba’zida bu vazifani mos bilimlarga ega bo‘lgan yagona yoki yirik mulkdor sanalgan kompaniya direktori bajaradi. Umuman olganda esa butun moliyaviy boshqaruv bilan bosh hisobchi shug‘ullanadi.
Korporativ tuzilmalar faoliyatida moliyaviy menejer uchta masalani hal qilish borasida qayg‘urishi lozim. Bu masalalar quyidagilar:
- kapital qo‘yilmalar byudjetini tuzish;
- kapital tarkibini optimallashtirish;
- aylanma kapitalni boshqarish.
Ularning har biriga to‘xtalib o‘tamiz.
Kapital qo‘yilmalar byudjetini tuzish – bu korxonada uzoq muddatli investitsiyalarni rejalashtirish va boshqarish jarayonidir. Rejalashtirishning mazkur jarayonida moliyaviy menejer korxona uchun ahamiyatli bo‘lgan investitsion imkoniyatlardan foydalanish orqali ularni o‘zlashtirishga harakat qiladi. Kapital qo‘yilmalar budjetini tuzishda kutilayotgan pul mablag‘lari tushumlari miqdori va muddati, ularning kelib tushish yoki tushmaslik ehtimoli kabi masalalarga ham e’tibor qaratiladi.
Kapital tuzilmasi – bu qarz kapitali va xususiy kapitalning o‘zaro yig‘indisidir. Moliyaviy menejer bu masalada korxonaning uzoq muddatli investitsiyalarini amalga oshirish uchun zarur moliyavy resurslarni jalb qilish manbalariga e’tibor qaratadi. Firmaning kapital tuzilmasi o‘z operatsiyalarini moliyalashtirish uchun foylaniladigan xususiy kapital va uzoq muddatli qarzdorlikning yig‘indisini o‘zida ifodalaydi. Bu sohada moliyaviy menejer oldida har doim muammoli vaziyat paydo bo‘ladi. Birinchidan, qancha miqdorda qarz mablag‘i olish lozim, boshqa tomondan qarz kapitali va xususiy kapital o‘zaro nisbati qanday holatda optimal hisoblanadi. Bunda tanlangan nisbat risklilik darajasiga va kompaniya bozor qiymatiga ta’sir ko‘rsatmaslik kerak. Ikkinchidan, firma uchun afzal qanday moliyalashtirish manbalari mavjud.
Aylanma kapitalni boshqarishda esa asosiy e’tibor pul mablag‘lari tushumini ta’minlash va majburiyatlarni o‘z vaqtida qoplashga yo‘naltiriladi.
4-savol bayoni. Moliyaviy menejmentda boshqaruv subektlari moliyaviy munosabatlarning ishtirokchilaridir. Bular eng avvalo, mulkdorlar, investorlar, kreditorlar hamda moliyaviy vositachilardir. Shuningdek, moliyaviy boshqaruv subektlariga davlat boshqaruv organlari, moliya va soliq organlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqalar ham kiradi. Boshqarishning asosiy subekti – mulkdordir. Mulkdor ko‘p hollarda mulkni boshqarishni moliyaviy menejerga topshiradi.

Biznes qilish uchun korporatsiya cheksiz real aktivlarga ehtiyoji sezadi. Ulardan ko‘pchiligi, masalan, mashina, zavod va ofis binolari material aktivlar sirasiga kiradi; boshqalari - texnologiyalar, savdo belgilari va patentlar – nomaterial aktivlardir.


Lekin ularning har qandayi uchun pul to‘lash kerak. Kerakli pullarni olish uchun korporatsiya real aktivlarga va ular tomonidan yaratilayotgan pul oqimlariga da’vo qilish huquqini beruvchi guvohnomalar sotadi. Ushbu guvhnomalar moliya aktivlari yoki ko‘pikli qog‘ozlar deb ataladi. Aytaylik, bankka kredit so‘rab murojaat qilar ekan kompaniya uning o‘rniga bankka qarzni foizlari bilan qaytarish to‘g‘risida tilxat beradi. Shu yo‘l bilan bank pullarni moliya aktivlariga aylantiradi. Moliya aktivlariga nafaqat bank ssudalari, balki aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlarning boshqa ko‘plab turlari kiradi.
Moliya menejeri — firma va moliya bozori (yoki kapital bozorlari) orasidagi vositachi hisoblanib, bu bozorda sarmoyadorlar firma tomonidan sotivga chiqariladigan moliya aktivlarini sotib oladilar9. Moliya menejerining roli quyida keltirilgan chizmada ko‘rsatilgan bo‘lib, unda moliya oqimlarining sarmoyadorlardan firmaga va qaytib sarmoyadorlarga borishi sxematik tarzda ko‘rsatilgan. Pul oqimi firma pul mablag‘larini jalb qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlar chiqargan paytda paydo bo‘ladi (1 strelka). Pullar firma faoliyatida foydalaniladigan real aktivlarni sotib olish uchun ishlatiladi (1 strelka).

2 1
(4a)

3 4b
Keyinchalik, agar firma muvaffaqiyatli harakat qilsa, real aktivlar birlamchi sarmoyalarni qoplash uchun zarur bo‘lganidan ko‘p pul mablag‘lari oqimini olib keladi (3 strelka). Va nihoyat, pul mablag‘lari yoki qayta sarmoya qilinadi, yoki birlamchi emissiyadagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olgan sarmoyadorlarga qaytariladi (4b strelka). 

Albatta, 4a va 4b strelkalar orasidagi tanlov erkin. Masalan, agar bank firmaga 1 bosqichda qarz bersa, bu pullar bankka foizlari bilan 46 bosqichda qaytarilishi kerak.


Ushbu surat bizni moliya menejerlari doimiy ravishda duch keladigan ikki asosiy masalaga qaytaradi. Birinchidan, firma qaysi real aktivlarga sarmoya tikishi kerak? Ikkinchidan, bu sarmoyalar uchun pulni qayerdan va qanday olish kerak? Birinchi savolning javobini firmaning sarmoyaviy qarorlari berishi mumkin (ularni ba’zan kapital kiritishni rejalashtirish yechimlari ham deyishadi). Ikkinchi savolga moliyalash manbalari haqidagi yechimlar javob bo‘lishi mumkin (yoki, qisqacha aytganda, moliyalash yechimlari).
Sarmoya yechimlari va moliyalash bo‘yicha qarorlar odatda bir-biridan ajratilgan holda mustaqil ravishda ko‘rib chiqiladi. Biror bir sarmoya imkoniyati yoki loyhani ko‘rgan moliya menejeri birinchi navbatda loyiha uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya mablag‘lari summasidan qimmatroqqa tushish yoki tushmasligini aniqlashga harakat qiladi (bu savolni qisqacha va aniq qilib quyidagicha shakllantirish mumkin: loyiha qiymati uning narxidan qimmatga tushadimi?- ilmiy muharrir izohi). Faqat shu savolga ijobiy javob berilgan taqdirdagina, u loyihani moliyalashtirish yo‘llari haqida o‘ylay boshlaydi.
Ammo sarmoya yechimlari va moliya yechimlarining chegaralanishi moliya menejeri sarmoya loyihasini tahlil qila turib sarmoyadorlar va moliya bozorlari haqida unutadi, degani emas. Korporativ moliyaning asosiy maqsadi – aksionerlar tomonidan firmaga tikilgan pullarning qiymatini maksimallashtirishdan iborat. 1.1 chizmaga yana bir bor qarang. Aksiyadorlar 1 bosqichda faqat 2 bosqichdagi yechimlar 3 bosqichda muqobil daromad keltiradigan hollardagina sarmoya tikadilar. Bu yerda “muqobil” deganda sarmoyadorlar firmadan tashqari – moliya bozorida NIMA olishlari mumkinligi nazarda tutiladi. Agar sizning firmangiz doimiy ravishda nomuqobil daromad yaratadigan bo‘lsa, aksiyadorlar mablag‘larini qaytarib berishni talab qiladilar.
Korporativ tuzilmalarda moliyaviy menejer quyidagi o‘ziga yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ziga xos funksiyalarni bajaradi:
  1. Korporativ tuzilmalarda ichki rejalashtirish bo‘yicha:


  • xarajatlar smetasi (rejasi)ni ishlab chiqish;


  • moliyaviy ko‘rsatkichlarni rejalashtirish;


  • joriy va istiqboldagi moliyaviy reja (kapital qo‘yilmalar, kredit rejasi, daromad va xarajatlar balansi, pul oqimlari balansi, aktiv va passilarning rejali balansi, biznes rejaning moliyaviy bo‘limi)larni ishlab chiqish.


  1. Moliyaviy holatni tahlil qilish va baholash bo‘yicha:


  • buxgalteriya hisobotini tahlil qilish;


  • moliyaviy ko‘rsatkichlar va koeffitsiyentlarni hisoblash;


  • boshqaruv hisobi ma’lumotlari asosida joriy tahlilni amalga oshirish;


  • moliyaviy holatni baholash;


  • bankrotlik ehtimolini bashorat qilish;


  • tahlil natijalarini umumlashtirish va korporativ tuzilma xodimlari hamda aksionerlarga tuzilmaning moliyaviy holati va moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot berish.


  1. Aylanma mablag‘lar va likvidlilikni boshqarish bo‘yicha:


  • aylanma mablag‘larni moliyalashtirish siyosatini ishlab chiqish;


  • pul tushumlari va chiqimlarini nazorat qilish;


  • qisqa muddatli bank kreditlarini rasmiylashtirish, uni olish va qaytarish;


  • joriy bank hisobraqamlaridagi pul mablag‘larini boshqarish;


  • zaxira mablag‘larini boshqarish;


  • debitorlik va kreditorlik qarzlarini boshqarish.


  1. Investitsion portfelni boshqarish bo‘yicha:


  • investitsion siyosatni ishlab chiqish;


  • investitsiyalash usullarini va investitsiya portfelini shakllantirish jarayonini asoslash;


  • kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirishni tashkil etish;


  • kapital qo‘yilmalarning haqiqiy samaradorligini aniqlash;


  • moliyaviy investitsiyalarni boshqarish.


  1. Kapital tarkibini boshqarish:


  • kapital tarkibini oqilona shakllantirish;


  • qo‘shimcha kapitalni jalb qilish shakllarini jalb qilish bo‘yicha takliflar berish;


  • moliya institutlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish;


  • uzoq muddatli qarzlarni boshqarish.


Yirik korporatsiyaning moliya menejeri bo‘lib ishlayotgan kishi “jahon fuqarosi” bo‘lishi lozim. Chunki u nafaqat qanday aktivlarga pul tikish kerakligi, balki bu aktivlarni qayerda joylashtirish lozimligini ham hal qiladi. Misol sifatida Nestle kompaniyasini olaylik. Bu – Shveysariya firmasi, ammo Shveysariyaning o‘zida unga tegishli ishlab chiqarishlarning juda oz qismi joylashgan. Kompaniyaning taxminan 520 ishlab chiqarish korxonalari dunyoning 82 mamlakatida joylashgan. Bundan kelib chiqadiki, Nestle menejerlari aktivlar qiymatini turli milliy valyutalar, foiz stavka darajalari, inflyatsiya sur’atlari, soliq tizimlariga ega bo‘lgan davlatlarda qanday aniqlash kerakligini bilishlari kerak.


Pul topiladigan moliya bozorlari ham halqaro bozorlar hisoblanadi. Yirik korporatsiyalarning aksiyadorlari dunyoning istalgan joyida bo‘lishlari mumkin. Aksiyalar kuniga yigirma to‘rt soat davomida Nyu-York, London, Tokio va boshqa moliya markazlarida savdoda bo‘ladi. Obligatsiya va bank ssudalari milliy chegaralarni osonlik bilan kesib o‘tadi. Pulga muhtoj bo‘lgan korporatsiyani hech nima va hech kim faqat mahalliy bankdan pul olishga hech kim majbur qila olmaydi. Pul mablag‘larini kuniga idora qilish ishlab chiqarish yoki sotuvni bir necha mamlakatlarda olib boradigan firmalar uchun oson ish emas. Masalan, bir soniyaga 82 mamlakatdagi pul tushumlari va to‘lovlarni kuniga kuzatib boradigan Nestle moliya menejerlariga qancha qiyinligini tasavvur qilib ko‘ring.
5-savol bayoni. Biz moliya menejeri deganda, muhim sarmoya qarorlari va moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarorlar uchun javobgarlikni bo‘yniga oladigan har qanday kishini tushunamiz. Lekin faqat o‘ta kichik firmalarda bir kishi ushbu kitobda muhokama qilinayotgan barcha yechimlar uchun javob bera olishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, bunday yechimlar uchun javobgarlik bir kishi zimmasida emas. O‘z-o‘zidan ma’lumki, oliy rahbariyat har doim moliya qarorlarini qabul qilishda ishtirok etadi. Lekin qarorga yangi ishlab chiqarish uchun binoni loyihalashtirayotgan injener ham aloqador: chunki loyihalashtirish firma qanday real aktivlarga egalik qilishini belgilab beradi. Marketing bo‘yicha menejer ham yirik reklama kampaniyasini olib berayotganida muhim sarmoya qarorini qabul qiladi: gap shundaki, reklama kampaniyasi nomoddiy aktivlarga sarmoya kiritish bo‘lib, ular kelajakdaga sotuv va foydalar hisobiga oqlanishi kutiladi. 

Shunday bo‘lsada, faqat moliya masalalariga ixtisoslashgan menejerlar ham bor. Ularning roli umumlashtirilgan tarzda 2-chizmada keltirilgan. G‘aznachining vazifasi – pul mablag‘larining joriy oqimlari, yangi kapitallar jalb qilish, banklar, aksiyadorlar va firma qimmatbaho qog‘ozlariga ega bo‘lgan boshqa sarmoyadorlar bilan aloqalarni tutib turishdan iborat.





Yüklə 0,63 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin