Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisodiyot fakulteti m-fayllar.org
21.4. Oʻzbekistonda korporativ birlashishlar va qoʻshib olishlarning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekistonda korporativ tuzilmalarning qayta tashkil etilish masalalari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya
qilish toʻgʻrisida”gi qonun, “Xoʻjalik yurituvchi subektlar
birlashmalarini tashkil etishga, xoʻjalik yurituvchi subektlarni
qoʻshib yuborishga va qoʻshib olishga oldindan rozilik berish tartibi
toʻgʻrisida”gi Nizom talablari asosida tartibga solinadi.
Aksiyadorlik jamiyatlarini qayta tashkil etish aksiyadorlar
umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra qo‘shib yuborish, qo‘shib olish,
bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda korporativ boshqaruvni rivojlantirishga
ustuvor ahamiyat qaratilayotgan sharoitda aksiyadorlik
jamiyatlarining o‘zaro birlashishlariga, qo‘shib yuborish masalalariga
ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, har bir tumanda faoliyat
ko‘rsatib kelgan qishloq xo‘jaligiga xizmat qiluvchi aksiyadorlik
jamiyatlari hisoblangan mashina-traktor parklari o‘zaro birlashib
faoliyatini qayta tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2013 yil 27
dekabrdagi 344-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xoʻjalik yurituvchi
subektlar birlashmalarini tashkil etishga, xoʻjalik yurituvchi subektlarni
qoʻshib yuborishga va qoʻshib olishga oldindan rozilik berish
tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan xoʻjalik yurituvchi subektlar
birlashmalarini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subektlarni qoʻshib
olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan
chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yoki
uning hududiy organi tomonidan oldindan rozilik berilishi lozim.
Bunda monopoliyaga qarshi organning xoʻjalik yurituvchi
subektlarni qoʻshib yuborishga, qoʻshib olishga oldindan roziligi
quyidagi hollarda zarur hisoblanadi:
- tovar bozorida – qoʻshib yuborishga, qoʻshib olishga oldindan
rozilik berish toʻgʻrisida ariza berish sanasida tegishli harakatlarni
sodir etishda ishtirok etayotganlar aktivlarining jami balans qiymati
- 334 -
eng kam oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa
yoki ular qoʻshib yuboriladigan yoki qoʻshib olinadigan yildan oldingi
oxirgi kalendar yilda tovarlarni sotishdan olgan jami tushumi eng kam
oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoxud
ulardan biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik
yurituvchi subekt boʻlsa;
- moliya bozorida – qoʻshib yuborishga, qoʻshib olishga oldindan
rozilik berish toʻgʻrisida ariza berish sanasida tegishli harakatlarni sodir
etishda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati
ekvivalentdagi miqdordan ortiq boʻlsa (banklarga nisbatan – 450 mln
AQSH dollari, sugʻurta kompaniyalariga nisbatan – 25 mln AQSH
dollari, lizing kompaniyalariga nisbatan – 3 mln AQSH dollari va bank
boʻlmagan kredit tashkilotlariga, qimmatli qogʻozlar bozori professional
qatnashchilariga nisbatan – 400 ming AQSH dollari) yoxud bitim qatnashchilaridan
biri moliya bozorida ustun mavqeini egallab turgan
boʻlsa.
Korporativ birlashish yoki qoʻshib olishga ruxsat berish talablari
va shartlariga quyidagilar kiradi:
- raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya etish;
- harakatlarni monopoliyaga qarshi organ qarorlari doirasida
amalga oshirish;
- birlashmaning yoki yangidan tashkil etilayotgan yuridik
shaxsning ustun mavqei paydo boʻlishiga yoki kuchayishiga,
shuningdek, raqobatning cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik.
Korporativ birlashish va qoʻshib olishlar boʻyicha oldindan
rozilik olish uchun monopoliyaga qarshi organga quyidagi hujjatlar
taqdim etiladi:
- korporativ birlashish yoki qoʻshib olishga oldindan rozilik
berish toʻgʻrisida belgilangan shakldagi ariza;
- korporativ birlashish yoki qoʻshib olish toʻgʻrisida qaror qabul
qilgan xoʻjalik yurituvchi subektlarning ta’sis hujjatlari;
- ariza berish sanasidan oldingi ikki yil mobaynida har bir
qatnashchi tomonidan amalga oshirilgan faoliyat turlari, ishlab
chiqarilgan va sotilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning nomlari,
ularning hajmlari, amalga oshirilgan (oshiriladigan) harakatlar
toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
- amalga oshirilayotgan harakat har bir qatnashchisining
moliyaviy hisoboti (ariza berish sanasidagi 1-shakl boʻyicha
buxgalteriya balansi, oldingi ikki kalendar yil uchun 2-shakl boʻyicha
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot).
Qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan
e’tiboran jamiyat 30 kundan kechiktirmay oʻz kreditorlarini bu haqda
yozma ravishda xabardor etadi. Kreditor jamiyatdan majburiyatlarni
toʻxtatish yoki muddatidan ilgari bajarishni hamda zararning oʻrnini
qoplashni quyidagi muddatlarda yozma ravishda xabar berish yoʻli
bilan talab qilishga haqlidir:
- qoʻshib yuborish, birlashtirish yoki qayta tuzish tarzida qayta
tashkil etish haqidagi xabarni jamiyat kreditorga yuborgan sanadan
boshlab uzogʻi bilan 30 kun ichida;
- boʻlish yoki ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi
xabarni jamiyat kreditorga yuborgan sanadan boshlab uzogʻi
bilan 60 kun ichida.
Qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyat qoʻshib yuborish
haqida shartnoma tuzadi, unda qoʻshib yuborish tartibi va shartlari,
shuningdek, har bir jamiyat aksiyalarini yangi jamiyatning
aksiyalariga va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash
tartibi belgilab qoʻyiladi.
Har bir jamiyatning kuzatuv kengashi qoʻshib yuborishda ishtirok
etayotgan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hukmiga qoʻshib
yuborish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi, qoʻshib yuborish
shartnomasini tasdiqlash haqidagi va oʻtkazish dalolatnomasini
tasdiqlash haqidagi masalalarni havola etadi.
Yangi vujudga kelayotgan jamiyat ustavini tasdiqlash va kuzatuv
kengashini saylash qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyatlar
aksiyadorlarining qoʻshma umumiy yigʻilishida amalga oshiriladi.
Aksiyadorlarning qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish tartibi
jamiyatlarning qoʻshib yuborilishi toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab
qoʻyilishi mumkin.
Jamiyatlar qoʻshilgan taqdirda ularning har biriga tegishli barcha
huquqlar va majburiyatlar oʻtkazish dalolatnomasiga muvofiq yangi
vujudga kelgan jamiyatga oʻtadi.
Birlashtirilayotgan jamiyat va birlashtirib olayotgan jamiyat
birlashish toʻgʻrisida shartnoma tuzadilar, unda birlashishning tartibi
va shartlari, shuningdek, birlashtirilayotgan jamiyatning aksiyalarini
birlashtirib olayotgan jamiyatning aksiyalari va (yoki) boshqa
qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash tartibi belgilab qoʻyiladi. Har bir
jamiyatning kuzatuv kengashi birlashishda ishtirok etayotgan oʻz
jamiyatining umumiy yigʻilishi hukmiga birlashish tarzida qayta
tashkil etish toʻgʻrisidagi va birlashish shartnomasini tasdiqlash
haqidagi masalani kiritadi. Birlashtirilayotgan jamiyat kuzatuv
kengashi oʻtkazish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani
ham aksiyadorlar umumiy yigʻilishi hukmiga havola etadi.
Mazkur jamiyatlar aksiyadorlarining qoʻshma umumiy yigʻilishi
ustavga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul
qiladi. Aksiyadorlarning qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish
tartibi birlashish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Bir jamiyat boshqa jamiyatga birlashganda oʻtkazish dalolatnomasiga
muvofiq birlashtirilayotgan jamiyatning barcha huquq va
majburiyatlari qoʻshib olgan jamiyatga oʻtadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida birlashishlar va qoʻshib olishlar
korporativ tuzilmalar faoliyatidagi eng qiziqarli holatlardan biri
ekanligi haqida yuqorida toʻxtalib oʻtdik. Quyida birlashishlar va
qoʻshib olishlar amaliyotidagi eng yirik bitimlar oʻntaligini keltirib
oʻtamiz.