Kompaniyalarni qoʻshib olish va soliqqa tortish Bir kompaniyaning boshqasini qoʻshib olish boʻyicha
operatsiyalar soliqqa tortilishi yoki soliqqa tortishdan ozod qilinishi
mumkin. Qoʻshib olishning soliqqa tortiladigan holatlari sifatida
qoʻshib olish obekti aksiyadorlarining oʻz aksiyalarini sotishlari va
natijada ma’lum bir soliqqa tortiladigan daromadga ega boʻlish
holatlarini keltirish mumkin. Qoʻshib olishning soliqqa tortilmaydigan
holatlari sifatida esa aksiyalar boʻyicha savdo bitimlari tuzilmagan,
ular boʻyicha daromad olish koʻzda tutilmagan ayirboshlash boʻyicha
bitimlar tuzish holatlari keltiriladi.
Soliq bilan bogʻliq holatlarni belgilab beruvchi omillarni
aniqlashda bitimning biznes rivojini koʻzlab tuzilganligi, ya’ni
aksiyadorlik manfaatining qoʻshib olingan kompaniyadan, qoʻshib
olgan kompaniyaga oʻtishi hisobga olinadi. Bunda oʻz aksiyalarini
sotgan aksiyador sotib oluvchi kompaniya aksiyadoriga aylanganligi
e’tiborga olinadi.
Soliqlardan ozod etiladigan qoʻshib olishdan soliqqa tortiladigan
qoʻshib olishning asosiy farqli jihatlari sifatida kapital oʻsish samaradorligi va qayta baholash samaradorligini hisobga olishni
keltirish mumkin. Qachonki qoʻshib olish obekti aksiyadorlari
qoʻshib olish jarayonida soliqqa tortiladigan kapital oʻsishiga erishsa
soliq toʻlashga majbur boʻladi. Bunda aksiyadorlar tomonidan soliq
boʻyicha kompensatsiyalar sifatida qoʻshib olish qiymatiga
qoʻshimcha qiymatlar kiritish orqali obekt qiymati yuqori baholarda
belgilanishi mumkin.
Qoʻshib olishning soliq bilan bogʻliq holati sotiladigan kompaniyaning
aktivlar qiymati oshishiga ham bogʻliq. Soliqqa tortiladigan
qoʻshib olish jarayonida qoʻshib olish obekti aktivlari ularning balans
qiymatlaridan kelib chiqqan holda joriy bozor qiymatlari boʻyicha
qayta baholanadi. Bu qayta baholash samaradorligini aniqlash
imkonini beradi, ya’ni bunda sotib olingan kompaniya aktivlariga
amortizatsiya xarajatlari soliqqa tortiladigan qoʻshib olish holatini
belgilab beradi. Unutmaslik kerakki, amortizatsiya xarajatlari pullik
xarajatlar boʻlmasada ularning ortishi soliqlarni kamroq toʻlash
boʻyicha oʻz samarasini beradi.