birlashish va qoʻshib olishlar tasniflanishi Oʻzaro birlashayotgan yoki qoʻshib olinayotgan
kompaniyalarning mamlakatlarga mansubligidan kelib chiqqan holda
birlashish va qoʻshib olishlarni quyidagi ikki turga ajratish mumkin:
– milliy birlashishlar – bitta davlatda joylashgan
kompaniyalarning oʻzaro birlashishi;
– transmilliy birlashishlar – turli davlatlarda joylashgan kompaniyalarning
oʻzaro birlashishi (transnational merger) yoki boshqa
mamlakatlarda joylashgan kompaniyalarni qoʻshib olish (cross-border
acquisition).
21.2. Korporativ birlashish va qoʻshib olishlarga sabab boʻluvchi holatlar Kompaniyalarning foyda hajmini maksimallashtirish va bu orqali
kompaniya bozor qiymatini oshirishga boʻlgan intilishlaridan kelib
chiqib, korporativ birlashish yoki qoʻshib olish boʻyicha bitimlarni
amalga oshirishga undovchi asosiy ta’sir elementlari sifatida quyidagilarni
keltirish mumkin:
1. Qoʻshib olinadigan kompaniyaga yuqori darajali boshqaruv tizimini olib kirish va zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etish orqali faoliyat samaradorligini oshirish. Xarajatlarni
kamaytirish, daromad va foyda hajmini oshirish imkoniyatlaridan
toʻliq foydalanmayotgan kompaniyalarni, rahbarlarning malaka
darajasi yetarli darajada emasligidan zarar koʻrib ishlayotgan
kompaniyalarni, ya’ni samarasiz boshqaruv apparatiga ega
kompaniyalarni istagancha topish mumkin. Bunday kompaniyalar,
oʻz-oʻzidan, nisbatan samarali boshqaruv tizimiga ega kompaniyalar
tomonidan qoʻshib olish obektiga aylanadi. Ba’zi hollarda boshqaruv
tizimi samaradorligini oshirish xodimlar sonini sezilarli darajada
qisqartirish va kompaniya boshqaruvi tarkibini qayta tashkil etishga
ham sabab boʻladi.
2. Ta’minotchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish. Kompaniyalar
birlashar ekan, bu orqali ular sotib olish narxlarini
kamaytirishda qoʻshimcha imkoniyatga ega boʻladi. Bunga xarid
qilinadigan mahsulot va xizmatlar hajmini oshirish hisobiga
qoʻshimcha chegirmalar olish yoʻli bilan yoki ta’minotchi korxonani
oʻzgartirishi mumkinligini bildirgan holda ta’minotchini xavotirga
solish yoʻli bilan ham erishishlari mumkin. Masalan, oddiy
kanselyariya tovarlari xaridini markazlashtirishning oʻzi yangi tashkil
etilgan kompaniya uchun katta hajmdagi pul mablagʻlarining tejab
qolinishiga olib kelishi mumkin.
3. Takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarlarga barham berish. Mazkur ta’sir elementi kompaniya faoliyatining turli jabhalarida
tejamkorlikka erishish imkoniyati bilan bevosita bogʻliq boʻlib, uning
natijasida mavjud resurslardan samarali foydalanish nazarda tutiladi.
Bunda birinchi navbatda, boshqaruv va xizmat koʻrsatish
boʻlimlaridagi xodimlar sonini qisqartirish hisobiga vazifalarni
kengaytirish hamda bir qator xizmatlarni markazlashtirish, umumiy
javobgarlik markazlarini belgilashga e’tibor qaratiladi. Shuningdek,
buxgalteriya hisobi, moliyaviy nazorat, ish yuritish, xodimlar
malakasini oshirish va kompaniyaning umumiy strategik boshqaruvi
kabi boʻlimlarda turli ishchi xodimlar vazifalarining takrorlanishiga
barham beriladi va bu ham oʻz navbatida tejamkorlikka erishish
imkonini beradi.
4. Moliya bozorida ustunlikka ega boʻlish. Yirik kompaniyalar
moliya bozoridan mablagʻlar jalb qilishda boshqa kichik kompaniyalarga
nisbatan koʻp tomonlama ustunlikka ega boʻladi. Bu oʻz
navbatida, arzon moliyaviy resurslarni jalb qilish imkonini beradi.
Ta’minotchilar bilan moliyaviy munosabatlardagi kabi moliyaviy
institutlar ham yirik kompaniyalar bilan hamkorlikka intiladi.
5. Resurslar boʻyicha bir-birini toʻldirish imkoniyati. Agar, ikki
yoki undan ortiq kompaniyalar bir-birining faoliyatini toʻldiruvchi
resurslarga ega boʻlsa, ularning birlashishi birlashayotgan
kompaniyalar uchun yuqori samara beradi. Birinchi navbatda, bu
kompaniyalar birlashgandan keyin ularning bozor qiymati
birlashishdan oldingi jami qiymatidan keskin yuqori boʻladi. Chunki,
bu kompaniyalarning har biri birlashish natijasida oʻzida boʻlmagan
resursga ega boʻladi va shu bilan birga, bu resursga u kompaniya oʻzi
mustaqil ravishda ega boʻlganda sarflaydigan xarajatga qaraganda
kamroq xarajat bilan ega boʻladi. Bir-birini toʻldiruvchi resurslarga
- 323 -
ega boʻlish maqsadida birlashish yirik kompaniyalar uchun ham,
kichik korxonalar uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.