4-Mavzu. Mehnatni boshqarish usullari Mehnatni boshqarishning xarakteri. Iqtisodiy o‘sishning har xil bosqichlarida mehnatni boshqarish turlari. F.Teylorning mehnatni boshqarish usullari. Mehnatni texnokratii boshqarish. Sanoatda bandlikning umumiy tamoyillari va mehnat munosabatlarini o‘rnatish. D.Makgregorning “X” va “Y” nazariyasi. Mehnatni innovatsion boshqarish. Mehnatni innovatsion boshqarishga o‘tishning asosiy omillari va shartlari. Korporatsiyalarda “Sifat to‘garaklari” ishchi guruhini tashkil etish.
Tayanch ibora: teylorizm, sanoatda bandlik, XvaU nazariyasi, innovatsion boshqarish.
Mehnatni boshqarishning xarakteri Boshqaruv jamiyat munosabatlarining muhim kо‘rsatkichi sifatida jamiyat hayotining barcha jabhalariga tegishlidir. U insonning jamiyatdagi mohiyati, mehnati taqsimoti, kooperatsiya va muomala zarurati, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy munosabatlardan kelib chiqadi. Boshqaruvsiz tabiatni о‘zgartirish, mehnat qurollari va predmetlarini yagona ishlab chiqarish jarayonida birlashtirishga yо‘naltirilgan faoliyat yuritishning iloji yо‘q. Boshqacha qilib aytganda, boshqaruv ishlab chiqarishning barcha qatnashchilari va elementlari о‘rtasida kelishuvni yо‘lga qо‘yib, yuzaga kelgan munosabatlarning mazmuni va meyorini tartibga soladi hamda resurslardan foydalanishning samarali yо‘llarini topishga о‘z hissasini qо‘shadi.
Boshqaruvning mohiyati va obyektiv zaruriyatini yanada osonroq va tezroq tushunish uchun adabiyotda mashhur bо‘lgan misol - orkestr va dirijerga murojaat qilish lozim. Orkestr va dirijerning о‘zaro aloqasini ilg‘ab olish uchun musiqiy qobiliyat talab qilinmaydi.
Konsert tomoshalarida bо‘lgan har bir kishi dirijerning sahnada paydo bо‘lish chog‘ini kо‘rgan, albatta. Orkestr tomon о‘girilgach, dirijer tayoqchasini kо‘taradi va musiqachilar musiqa chalishni boshlaydilar. Shunga о‘xshash holat boshqaruvda ham rо‘y beradi - yо‘lga qо‘yilgan tashkilotchilik tizimi boshqaruv komandalari asosida ishlaydi.
Bundan kelib chiqqan holda boshqaruv - ijtimoiy mehnat jarayoniga ishlab chiqarish rivojlanishining obyektiv qonunlari asosida yо‘naltirilgan tarzda ta’sir о‘tkazish tizimi, har bir ishchining va butun jamoaning mehnatini bir vaqtning о‘zida nazorat qilish, motivatsiya va tartibga solish usulidir. Moddiy boyliklar va ne’matlar hamda ularga tenglashtirilgan qadriyatlarni taqsimlash, iste’mol qilish va ayirboshlash ham boshqaruvni talab qiladi.
Hozirgi paytda, iqtisodiy va ilmiy-texnik о‘zgarishlar davrida boshqaruv usullari, tamoyillari va texnikasida sezilarli о‘zgarishlar rо‘y bermoqda. Boshqaruv alohida tizim sifatida tobora kо‘proq tajriba almashish sohasi, reklama, ishlab chiqarish vazifalarini tezkor hal qilish vositasi bо‘lib bormoqda. Bunga esa boshqaruvni professionallashtirish, biznes va tadbirkorlik maktablari hamda maslahat markazlarining ochilishi sabab bо‘lmoqda. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi borgan sari xо‘jalik yuritishning iqtisodiy usullariga asoslangan boshqaruv tizimiga о‘rnini bо‘shatib bermoqda.
Boshqaruvga yondashishdagi zamonaviy usullarning muhim ahamiyati inson omilini faollashtirish, о‘z-о‘zini boshqarish va tashabbuskorlikni rivojlantirish, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi yangi tashkiliy tuzilmalarni yaratishda namoyon bо‘ladi. Ma’lumki, о‘z korxonasi yoki sexida, о‘z ish yoki xizmat joyining “xо‘jayini” bо‘lmay turib iqtisodiyotning har tomonlama rivojlanishini talab qilib bо‘lmaydi. Insoniyat hayotida shu narsa isbotlab berilganki, moddiy tо‘kin-sochinlik о‘zidan-о‘zi paydo bо‘lmaydi, uni mehnat faoliyati va oqilona boshqaruv yordamida yuzaga keltirish mumin. Bu holatni aniq tushunish va unga tо‘g‘ri baho berish zamonaviy menedjmentni boshqaruv tо‘g‘risidagi fan sifatida qabul qilishni asoslab beradi.
Mehnat taqsimoti va uning ijtimoiy tavsifini kuchaytirishda boshqaruvni, mustaqil faoliyat shaklida alohida ajratib kо‘rsatish mumkin. Bundan korxonalar va xalq xо‘jaligi miqyosida maxsus boshqaruv tizimlarining vujudga kelishi va faoliyat yuritishiga obyektiv zaruriyat kelib chiqadi. Bunday tizim о‘zining gorizontal va vertikal aloqalari bilan birga fan-texnika taraqqiyoti va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, shuningdek, siyosiy kayfiyatlar va ishlab chiqarish munosabatlaridagi о‘zgarishlar ta’siri ostida doimiy harakatda va yangilanishda bо‘ladi. Shu sababli, boshqaruvni baholash va tahlil qilish jarayonida, biz xalq xо‘jaligi rivojlanishining har bir tarixiy bosqichida shakllanuvchi boshqaruv tizimini о‘rganamiz.