Abstinensiyaning uchinchi kuni bemorning ko`ngli aynib qusadi, ichi ketadi, jag’ muskullari tirishib og`riydi, og`zini ochib-yopish qiyinlashadi, qo`l-oyoq muskullari tirishadi va og`riydi.
Abstinensiyaning to`rtinchi-beshinchi kunlari bemorning ruhiyati buziladi, ko`ziga qo`rqinchli narsalar ko`rinadi, qulog`iga qo`rqinchli tovushlar eshitiladi (ya‘ni ko`rish va eshitish gallyutsinatsiyalari yuzaga keladi), u baqiradi, so`kinadi, “narkotik beringlar” deb yalinadi, “bermasalaring o`ldiraman” deb qo`liga to`g`ri kelgan narsani otadi, boshini devorga urib yig`laydi.
Abstinensiyaning oltinchi-yettinchi kunlari bemor ruhiyatining buzilishi cho`qqisiga yetadi.U fikrlash qobiliyatini butunlay yo`qotadi, ya‘ni jinni odamga o`xshab qoladi.Shifoxona yoki uyida qamab qo`yilgan bo`lsa eshik-derazani sindirib qochishga harakat qiladi, yo`lini to`sgan yoki ushlamoqchi bo`lgan odamni qo`liga tushgan narsa bilan uradi, hatto o`ldirishdan ham toymaydi.
Shifoxona yoki uyidan chiqib qochgan giyohvand bemor narkotik topish va qabul qilish uchun o`zining sheriklari yoki narkotik sotuvchining oldiga boradi.Agar u narkotikni pulsiz yoki qarzga topa olmasa pul topish uchun o`g`irlik qiladi.
Irodasi kuchli, bu kasallikdan tuzalishni ahd qilgan giyohvand abstinensiya holatining qiyinchiliklariga bardosh beradi, og`riqlarga chidaydi va nihoyat sakkizinchi–o`ninchi kunlardan boshlab ahvoli yaxshilana boshlaydi, ya‘ni ruhiyati tinchlanadi, fikrlash qobiliyati tiklanadi, atrofdagilar bilan sog` odamdek muomala qiladi. Jag`, qo`l-oyoq muskullarining tirishib og`rishi, ko`ngil aynishi, tanasining harorati va kasallikning boshqa belgilari asta-sekin barham topadi.
Agar bemorga tibbiy yordam ko`rsatilsa abstinensiya holati yengilroq o`tadi, u tezroq tuzaladi. Lekin muntazam ravishda parvarish va nazorat qilish zarur. Bundan keyin ham bir yil davomida u nazorat qilinadi, uning ruhiyatini tinchlantirishga qaratilgan suhbatlar o`tkaziladi, oldingi sheriklari va narkotik sotuvchi bilan uchrashmasligiga qaratilgan chora-tadbirlar ko`rish lozim.