6.Giyohvandlikning oqibati. Giyohvandning ijtimoiy qiyofasi. Giyohvandni davolash. Giyohvandlikning oqibati. Giyohvandlik asr vabosidir. Bu o`ta og`ir xastalik dunyodagi barcha mamlakatlarda, ayniqsa yoshlar orasida, tez sur‘atlar bilan keng tarqalmoqda. Ma‘lumotlarga ko`ra, Rossiyada har yuz odamga taxminan 5 ta giyohvand to`g`ri keladi, Amerikada undan ham ko`proq. Giyohvandlik juda og`ir xastalik va ijtimoiy illat bo`lib, u quyidagi yomon oqibatlarga olib keladi.
Birinchidan, giyohvandlik kasaliga duchor bo`lgan odamnnig eng avvalo ruhiyati buziladi. U oilasida, jamiyatda sodir bo`layotgan voqealarga befarq bo`lib qoladi, hayotiy muhim masalalarni idrok qilish, mas‘uliyatni his etish, fikrlash qobiliyatlarini yo`qotadi. Giyohvand ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, oilasi, bolalariga nisbatan mehr-oqibatsiz bo`lib qoladi. Giyohvand yoshlar o`qishdan soviydi, dars mashg`ulotlariga qatnashmay qo`yadi, fanlarni o`zlashtirishi pasayadi, o`qishga borish o`rniga boshqa giyohvandlarga qo`shilib vaqtini ko`chada, xilvat joylarda o`tkazadi, u o`zining tashqi qiyofasiga mutlaqo e‘tibor bermay qo`yadi, ya‘ni soch-soqolni o`z vaqtida oldirmaydi, kir bo`lgan kiyimlarni o`z xohishi bilan almashtirmaydi.
Giyohvandda yuqorida aytilgan ruhiy buzilishlar, ya‘ni aql-idrok, fikrlash qobiliyatining yo`qolishi uning bosh miyasi nerv hujayralarining narkotik bilan zaharlanishi oqibatidir.
Ikkinchidan, giyohvand ruhiyatining buzilnshi, uning ijtimoiy jihatdan buzilishiga olib keladi. Giyohvandning asosiy maqsadi, intilishi, hayotining mazmuni narkotik topish va qabul qilishga qaratiladi. Chunki uning organizmi narkotikka o`rganib, unga qaram, mu‘te bo`lib qoladi. U o`zini narkotiksiz yashay olmaydigandek his etadi. Giyohvand narkotikni har kuni belgilangan vaqtida muntazam ravishda qabul qilishi uchun ko`p pul kerak bo`ladi. Pul topish uchun yolg`on gapiradi, aldab qarz so`raydi, tovlamachilik, firibgarlik qiladi. Uyidagi buyumlarni sotadi, so’ngra qavm-qarindoshlari, qo`shnilarning pulini, buyumlarini o`g`irlaydi, asta-sekin o`z sheriklari bilan guruh bo`lib katta o`g`irlik qilish yo`liga o`tadi, jinoyatchiga aylanadi.