Anafilaktik shok - turli xil moddalarga organizmning sezuvchanligi oshishi, ya`ni og`ir kechadigan allergiya reaksiya natijasida yuzaga keladigan holat.
Suyak sinishi. Tashqi kuch ta’sirida suyak butunligining buzilishidir. Suyak qismlari bir-biriga bog`liqligicha qolgani holda, butunligining qisman buzilishiga darz ketish (yorilish) deyiladi. Suyak singanda uning atrofidagi muskullar, tomirlar, nervlar ham ma`lum darajada shikastlanadi.
Sababi. Suyak sinishlari urilish, yiqilish, sport mashg‘ulotlari, avtotransport hodisalarida sodir bo‘lishi mumkin. Suyak sinishi tug`ma va turmushda orttirilgan bo`lishi mumkin.Tug`ma suyak sinishi homila suyaklarining tuzilishidagi kamchilik bilan bog`liq bo`ladi. Turmushda orttirilgan suyak sinishi travmatik va patologik turlarga bo`linadi.Travmatik suyak sinishi shikastlanishlar natijasida yuzaga keladi. Patologik suyak sinishi esa, ba`zi kasalliklar (sil, zaxim, osteomiyelit) oqibatida yuzaga keladi.
Suyak sinishi yopiq va ochiq bo`ladi.
Suyakning yopiq sinishi. Teri butunligi buzilmaydi. Og‘riq, harakat faoliyatining buzilishi, teri ostiga, to‘qimalar orasiga qon quyilishi (gematoma).
Bemor og`riqqa shikoyat qilgan joyni paypaslab, sekin bosib ko‘rilganda singan suyakning ikkita uchi bir-biriga tegib g`ijirlaydi.
Suyakning ochiq sinishi. Teri butunligi buziladi. Terining jarohatidan qon oqadi, harakatlanish buziladi. Ba’zida singan suyak uchi teri jarohatidan ko‘rinib turadi.
Qo‘l-oyoq suyaklarining sinishi. Yopiq sinishda – og‘riq, harakatning buzilishi, shish paydo bo‘lishi, shu joyni bosganda qisirlash tovushi kuzatiladi.
Ochiq sinishda – yuqoridagi belgilarga teri butunligining buzilishi va terining jarohatidan tashqariga qon oqishi qo‘shiladi.
Umurtqa suyagining sinishi.Yopiq va ochiq sinish bo‘ladi.
Umurtqa suyaklari singanda orqa miya nerv to`qimasi zararlanmagan bo‘lsa, shikastlangan sohada og‘riq, shish, umurtqa pog‘onasida harakatning qiyinlashuvi (tik tura olmaslik, o‘tira olmaslik) kuzatiladi.
Orqa miya nerv to‘qimasi zararlangan bo‘lsa, uning qaysi segmenti zararlanganiga qarab, orqa miyadan chiqadigan nervlar zararlanadi va ular boshqaradigan muskullar, a’zolarning sezuvchanligi, harakati buziladi.Ya`ni bemorning yotgan joyida ham qo`l-oyoqning harakati bo`lmaydi.
Masalan, orqa miyaning bo‘yin segmenti zararlansa bo‘yindan pastki sohada joylashgan barcha muskullar (qo‘l-oyoq muskullari), chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan a’zolar harakati, sezuvchanligi buziladi. Orqa miyaning bel segmenti zararlansa, oyoq muskullari shol bo‘ladi.