Bosh va yuz suyaklarining sinishi. Bosh va yuz suyaklari shikastlanganda shu sohada ogriq, shish bo‘ladi. Hamda bosh miyaning chayqalishiga aloqador belgilar, ya’ni bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, hushini yuqotish kuzatiladi. Bosh suyagi sinishi bilan birga bosh miya to‘qimasi ham shikastlangan bo‘lsa, yuz va tana muskullari shol bo‘lishi mumkin.
Yuz sohasidagi suyaklar singanda jag‘larni harakatlantirish qiyinlashadi.
O‘mrov suyagining sinishi. Belgilari. Yopiq sinishda suyak singan sohada og‘riq, to‘qimalar orasiga qon quyilishi, yelka bo‘g‘imida qo‘lni harakatlantirish buzilishi kuzatiladi. Ochiq sinishda teri butunligi buziladi, tashqariga qon oqadi.
Suyaklarning yopiq sinishida tibbiy yordam. 1.Og‘riq qoldiruvchi dorilar: analgin (baralgin) muskul orasiga yuboriladi.
2.Suyak singan sohaga 10-20 minut davomida sovuq suvda namlangan sochiq, ro‘mol yoki muzli xaltacha qo‘yiladi (to`qimalarga qon quyilishini kamaytirish uchun).
3. Qo‘l-oyoq suyaklari singan bo‘lsa singan sohaga taxtakach qo‘yib bog‘lanadi.Singan qo‘lni taхtakach bilan bog`lab, kosinka yordamida bo‘yinga osib qo‘yiladi. Oyoq suyagi singan bo`lsa, taхtakach bog‘lagandan so‘ng, bemorni to‘shakka yotqizib qo‘yiladi (Boshqa tadbirlar shifoxonada bajariladi).
4. Bosh suyagi singan bo`lsa, bemorning boshini baland qilib yotqiziladi, shu sohaga sovuq qo‘yiladi.Nafas olishi va yurak to‘xtagan bo‘lsa, sun’iy nafas beriladi va yurak massaj qilinadi. Yurak va nafas faoliyatini quvvatlovchi dorilar: kofein, kordiamin, kamfora (bittasi) – 1 ml teri ostiga.
5. Pastki jag‘ suyagi singanda yugancha shaklida bog‘lam qo‘yiladi.
6.O‘mrov suyagi singanda qo‘lga taxtakach qo‘yib bog‘lanadi va bo‘yinga osib qo‘yiladi.
7.Yordam ko‘rsatish jarayonida tez yordam chaqiriladi, yoki yordam ko‘rsatib bo‘lingach, bemor travmatologiya shifoхonasiga yuboriladi.
Suyaklarning ochiq sinishida tibbiy yordam. 1. Og‘riq qoldiruvchi dorilar: analgin (baralgin) muskul orasiga yuboriladi.
2. Yurak-tomir ishini yaxshilash uchun kordiamin, kofein, kamfora (bittasi)-1 ml teri ostiga;
3. So‘ngra bemor qulay vaziyatda o‘tqiziladi yoki yotqiziladi.
4. Qon oqishi to‘xtatiladi (oldingi mavzularda aytilgan qoida bo‘yicha).
5. Jarohat toza suv bilan qo‘l tekkizmasdan yuviladi, so‘ngra jarohat atrofiga aroq, spirt yoki yod eritmalaridan biri surtiladi.
6.Toza bog‘lam qo‘yiladi.Singan qo`l-oyoqlarga taxtakach qo`yib bog`lanadi.
7.Tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida tez yordam chaqiriladi, yoki tibbiy yordam ko‘rsatilgach, bemorni travmatologiya shifoxonasiga yuboriladi.